Kirish Ro'yxatdan o'tish
24/12 00:45 Inter 2-0 Komo
26/12 17:30 Manchester Siti - Everton
26/12 20:00 Bornmut - Kristal Pelas
26/12 20:00 Chelsi - Fulhem
26/12 20:00 Nyukasl - Aston Villa
26/12 20:00 Nottingem Forest - Tottenhem
26/12 20:00 Sautgempton - Vest Xem
26/12 22:30 Vulverhempton - Man. Yunayted

Ronaldinyo: «Agar futbol bo‘lmaganida, o‘zimni musiqaga bag‘ishlardim...»

Ronaldinyo: «Agar futbol bo‘lmaganida, o‘zimni musiqaga bag‘ishlardim...»

Baho:
+ | -

Braziliyalik aksariyat futbolchilar musiqa «jinni»si sanalishadi.

Jumladan, «PSJ», «Barselona» va «Milan» kabi katta klublar hayotida yorqin iz qoldirgan Ronaldinyo ham hamisha san’atga yaqin yurgan. Braziliya futboli tarixiga birinchi raqamli yulduzlar qatorida kirgan Ronni yaqinda Mundo Deportivo nashriga intervyu berib, tan oldi: «Agar futbol bo‘lmaganida, o‘zimni Musiqa olamiga urardim». U shuning barobarida o‘zi yaxshi biladigan Lionel Messi, Deku, Neymar, Joan Laporta, Sandro Rossel kabi buyuklar qatori yangi iste’dodlar - Pedri, Ansu Fati va Rafinyaga to‘xtaldi.

- Vaqtida Deku bilan birga Leo Messini o‘z himoyangiz ostiga olgansiz. Biroq Leo endi «Barselona»da emas. Kataloniya superklubi va Messi o‘rtasidagi  buzilmasdek tuyulgan ittifoqning bunday parchalanganiga qanday qaraysiz?

- Bu faqat men emas, hamma uchun kutilmagan holatdir. Ha, Messini boshqa jamoa libosida ko‘rishni xayolimga ham keltirmagandim, lekin bugungi reallik shunday. To‘g‘ri, Leoning qayerda o‘ynashi uncha muhim emas, asosiysi, o‘zini baxtiyor his qilsa, bas. 

- Ochig‘ini ayting, Messi o‘sha vaqt siz bilan «Barsa»dan ketishi masalasini muhokama qildimi?

- Ha, bu borada gaplashdik, qolaversa, Parijda ko‘rishdik. Lekin hayot shunday, u kutilmagan hodisalarga to‘la, gohida hammasi birdan o‘zgarib ketishi hech gap emas. Takror aytaman, men uchun eng muhimi, Leoni baxtli ko‘rish.

- «PSJ» yetakchilaridan yana biri, hamyurtingiz Neymar ham «Barsa»dan o‘tgandi. Uning faoliyatini qanday baholaysiz?

- Ney - bu nodir hodisa! U chinakam yulduz va butun Braziliyaning asosiy futbol butidir. To‘g‘tang, Neymarni maqtay boshlasam, uzoq vaqt tinglab o‘tirishingizga to‘g‘ri keladi...

- Vaqtida sizni «Barselona»ga chorlagan Joan Laporta klubga qaytdi. U jamoa mavqeini tiklay olarmikan?

- O‘ylaymanki, klubda tarix yaratgan insonlar yana katta ishlarni amalga oshirishga urinishga haqlilar. Ularning qaytishayotgani - ajoyib. Aslida ham shunday bo‘lishi kerak.

- Faoliyatingizda muhim rol o‘ynagan yana bir shaxs - Sandro Rossel esa og‘ir kunlarni boshidan o‘tkazdi va faoliyatini qayta yo‘lga qo‘ydi. Xabarlarga ko‘ra, u Barselona meri lavozimiga o‘z nomzodini ilgari surishi ham mumkin. Sizningcha, Rossel bu ishga munosibmi? 

- Sandro aql bovar qilmaydigan darajada ajoyib inson. Oradan shuncha yil o‘tgan bo‘lsada, hamon o‘zaro do‘stmiz... Bemalol aytaman, kuzatilgan mushkulotlar va og‘irliklar Sandroni yanada kuchliroq bo‘lishga undadi. O‘ylaymanki, u ko‘pchilikka qanday yordam berish haqidagi cheksiz g‘oyalari bilan qaytmoqda. O‘zi Rossel har doim boshqalarga yordam berishni xohlardi. Shunday ekan, lavozimi qancha baland bo‘lsa, odamlarga shuncha ko‘p naf keltiradi, menimcha. Har holda, u jiddiy yo‘lni tanlab, oxirigacha borishga qodir.

- Deku ayni payt «Barselona» tizimida ishlamoqda. U bilan gaplashib turibsizmi?

- Ha. Dekuni qadrdon akamdek bilaman va uning uchun faqat xursand bo‘laman. Umuman, Deku futboldan tashqarida ham ajoyib inson, juda aqlli. Mana, endi yangi yo‘ldan ketmoqda va bunda ham muvaffaqiyat qozonishiga ishonaman.

- Deku tarkibga braziliyalik Rafinyani olib kelmoqchi. Bu yigitni bilasizmi , u «Barsa» talablariga javob bera oladimi?

- Nimalar deyapsiz, axir Rafinya ham men kabi Portu-Allegri shahridan. Qolaversa, uning otasi bilan yaqin do‘stman. Qisqasi, Rafinyani bolaligidan bilaman. Tasodifni qarangki, Rafinya bugun Deku bilan ishlamoqda (Deku «Lids» futbolchisining shaxsiy agenti) va bu hamkorlik yaxshi chiqmoqda. O‘ta iqtidorli yigit. 

- Rafinyaga qaysi ta’rif mosroq - «Yangi Neymar»mi yoki «Yangi Ronaldinyo»?

- Yo‘q, yo‘q, taqqoslash joiz emas. Har kimning uslubi va o‘ziga xos o‘yin chizmasi bor. Umuman olganda, Rafinya har qanday jamoada muvaffaqiyat qozonish uchun yetarli salohiyat va zarur sifatlarga ega.

- Hozirda sizga xalqaro maydonda qaysi futbolchi ko‘proq yoqyapti?

- Hamon Messi ijrosidagi o‘yinni tomosha qilishdan rohatlanaman. Kuzatishga arziydigan o‘yin. Neymar o‘ynasa, Mbappe o‘ynasa... Shuningdek, Rafinyaning maydondagi harakati ham chakki emas.

- «Barselona»da «Oltin bola» maqomini olgan yigit bor - Pedri...

- Uning kuchli tomonlari ko‘p. Asosiysi, klubga dadil kirib keldi. Umid qilamanki, Pedri hali «Barsa» tarixiga yorqin nur olib kiradi.

- Jamoada sizga tegishli raqam - «10»ni olgan istiqbolli hujumchi Ansu Fati haqida nima deysiz?

- Ha, Ansu faoliyatini katta tezlikda boshladi, birdan tarix yaratishga tushdi. Fati xuddi shu ruhda davom etishi kerak, shunda chindan ham, takrorlanmas ishlarni amalga oshirishi mumkin. Muhimi, Ansuda barcha zarur fazilatlar 

mujassam, faqat endi ularni rivojlantirsa, bas.

- Joriy yil yakuniga jahon chempionati belgilangan. Bilamizki, Braziliya termasi har doim bosh favoritlardan biri sanaladi. Luis Enrike boshqaruvidagi Ispaniya milliy jamoasi ham ancha kuchli...

- Ha, kuchli jamoalar ko‘p. Jumladan, Ispaniya va Enrike - bir butun. Enrike ham maydon, ham uning tashqarisida chinakam fenomen edi, shundayligicha qolibdi. Lekin fikrimcha, Braziliya termasi kuchliroq, baribir.

QISQA SAVOL-JAVOBLAR

- Bolalikdagi kumiringiz?

- Akam.

- Dunyo tashvishlaridan qochadigan joyingiz?

- Uyim.

- Shahar?

- Portu-Allegri.

- Sevimli musiqa...?

- Hammasini eshitaman. Nimani tanlashim muayyan vaziyatga bog‘liq.

- Sevimli taom...?

- Loviya, tuxum va go‘shtli guruch.

- Sizga yoqadigan MVA o‘yinchisi?

- Maykl Jordan, Mejik Jonson va Kobi Brayant.

- Sizga futbol bergan eng yaxshi do‘st?

- Yaxshiyamki, ular juda ko‘p.

- Agar futbol bo‘lmaganida...

- O‘zimni musiqaga bag‘ishlardim, menimcha.

MUHAMMADXON tayyorladi

Manba: zakovat.uz
Kiritildi: 12:30, 06.05.2022.
O'qildi: 2081 marta.
Fikrlar: 2 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.