Kirish Ro'yxatdan o'tish
31/05 19:00 Surxon 1-0 So‘g‘diyona
31/05 19:30 OKMK 1-0 Metallurg
02/06 00:00 Borussiya D - Real Madrid
02/06 21:00 Atalanta - Fiorentina

O‘zini oqlagan akademiya yoxud «Vilyarreal»ning muvaffaqiyatlari haqida

O‘zini oqlagan akademiya yoxud «Vilyarreal»ning muvaffaqiyatlari haqida

Baho:
+ | -

«Vilyarreal» YECHLda chinakam mo‘’jiza namoyish etdi: «Yuventus» va «Bavariya»dek grandlarni bepisandlik bilan chetga surib, yarim finalchilar kvartetidan joy oldi.

La Ligada 7-o‘rinda borayotgani, aholisi Myunxendagidan salkam 30 baravarga (1,5 mln.ga qarshi 50 ming), byudjeti esa 6 marta kam ekanligi taqdir «pley-off» bosqichida ro‘baro‘ qilgan ikki jamoa salohiyatidagi ulkan tafovutni yaqqol ko‘rsatib turibdi.

Biroq farq faqat moliyaviy qudrat va aholi sonida emas: chorak finalchilarning birortasi ham o‘z tarkibidagi mahalliy tarbiyalanuvchilar soni bo‘yicha «Vilyarreal»ga tenglasha olmaydi. «g‘av­voslar»ning 8 nafar a’zosi o‘z akademiyasidan yetishib chiqqan. «Chelsi»da 6, «Real»­da 5, «Bavariya»da 4, «Benfika»da 3, «Manchester Siti» va «Liverpul»da 2 nafardan, «Atletiko»da atigi 1 nafar sadoqatli bitiruvchi bor.

Vaholanki, «Vilyarreal» akademiyasi dunyodagi eng yirik bilim dargohi emas. Bitiruvchilar soni jihatidan u hech qachon top-chempionatlar akademiyalari o‘rtasida «Barselona», «Lion», «Renn» maktablari kabi yetakchi bo‘lgan emas. «Benfika», «Monako» va «Ayaks» kabi eng serdaromad akademiyalardan ham ancha yiroqda. Xo‘sh, unda Ispaniya Salexardidagi oilaviy jamoa qay tariqa yuksak saviyadagi akademiyaga ega bo‘lgan?


42 mln. yevrolik  akademiya

Futboldan boshqa biror-bir jiddiyroq yumushi bo‘lmagan bu jajji go‘sha Valensiya va Kastelyon-de-la-Plan oralig‘idagi ko‘rimsiz aholi punkti. Shaharcha nomi bilan yuritiladigan bekat qo‘shni qishloqlardagidan farq qilmaydi. Vilyarrealga tutash bo‘lgan 80000 kv.m. maydonni akademiya band etgan. Ma’lumotlarga ko‘ra, klub sohibi Fernando Roych akademiyani tashkil etishga 42 mln. yevro sarflagan.

Akademiya hududida:

*** 11x11 bo‘lib o‘ynashga mo‘ljallangan 4ta tabiiy maysali maydon, bittasi - asosiy tarkib, 2tasi - yoshlar jamoalari mashg‘ulotlari uchun, bitta 3500 o‘rinli stadion;

*** 12 yoshgacha bo‘lgan bolakaylar uchun 8x8 o‘yinga mo‘ljallangan 3ta sun’iy maydon;

*** Maxsus mashqlarni bajarishga ixtisoslashgan 2ta oltiburchak yoki kvadrat shaklidagi maydon.

«Vilyarreal»ning asosiy va yoshlar tarkiblari, akademiya tarbiyalanuvchilari shu bazada shug‘ullanadilar. Bosh jamoa eshiklari barcha uchun ochiq ekanligini bolajonlar chuqurroq his etishlari uchun internat binosining derazalari asosiy tarkib shug‘ullanadigan maydonga qaratilgan. Bu hammasi emas. Vilyarrealning boshqa qismida anchayin kamtar akademiya joylashgan. Undagi 3ta 11x11 va bitta 8x8 maydonlarda «Vilyarreal»ning 3-jamoasi va «Valensiya» o‘rinbosarlari bilan bitta ligada to‘p suradigan «Roda» farm-klubi mash­g‘ulot o‘tkazadi.

Asosiy prinsip:  personalizasiya va ruhiyat

«Real» va «Barsa» skauting evaziga o‘z maqsadiga erishadi. Ansu Fati va Gavi - andalusiyalik futbolchilar, Pedri Kanar orollarida tug‘ilgan. Kuchli o‘smirlar jamoalari MIC turnirida kuch sinashganlarida, grandlar skautlari «Valensiya», «Sevilya» va boshqa o‘rtamiyonalardagi noyob iqtidorlarni o‘zlariga og‘dirib oladilar. Ularning ota-onalariga serdaromad ishlarni taklif qiladilar va bolakaylar bilan shartnoma imzolaydilar. Bolalik chog‘idayoq o‘zgacha moliyaviy shart-sharoitlar.

Lekin nufuzli turnir yarim finalchisining o‘ziga yarasha sirlari ham yo‘q emas. Bu yerda personalizasiya va ruhiyatga alohida ahamiyat beriladi. Personalizasiya - muvaffaqiyat kaliti. O‘yinchilarni avval pozisiyalar, keyin malakalari bo‘yicha ajratib oladilar. Masalan, 4 nafar o‘ng qanot himoyachi bitta guruhda. Ularga birinchi darajali vazifalar yuklatilgan: hujum paytida kerakli hududlarni egallash, uzatmalarni amalga oshirish, to‘pni ortga qaytarish va hokazo.

Keyin mashg‘ulotlar yakunida har qaysi pozisiya vakillariga muayyan vazifalarni belgilash. Yuqorida zikr etilgan 4 nafar o‘ng qanot himoyachilarning 2 nafari qizil, uchinchisi ko‘k, to‘rtinchisi sariq rangda. Har qaysi rangga alohida vazifa yuklatilgan: ishchi oyoqlari bilan uzatmalarni amalga oshirish, qanotdan markazga o‘tish yoki to‘p uchun yakkama-yakka kurashish.

17-19 yoshda hech kim futbolchining har qanday pozisiyada o‘ynay olishi xususida o‘ylamaydi. Shu bois, endi ixtisoslashish jarayoni boshlanadi. Avval kichikroq guruhlarda, keyin bellashuv ko‘rinishida. Masalan, 7x7 o‘yinida qanot himoyachilari va yarim himoyachilar hududi belgilab olinadi. O‘yinchilardan faqat o‘z hududlarida harakatlanish talab etiladi. Uchrashuv arafasida tayanch yarim himoyachisi oldiga nechta hujumni boshlab berish va raqibning nechta hujumini barbod qilish vazifalari belgilab beriladi.


Akademiya o‘zini oqladi

Ushbu bilim yurti bitiruvchilarini endilikda «Atletiko» va «Barselona»ga jalb etmoqdalar. «Vilyarreal» akademiyasidagi samaradorlikni oddiy statistik ko‘rsatkichlardan ham bilib olish mumkin. 8 nafar futbolchining YECHLda ekanligi, top-klublarning transfer faolliklari... 2018 yilda Brayan Farinyas «Barselona» bilan, Adrian Korral «Atletiko» bilan shartnoma imzolashdi. Bir yildan so‘ng Xerman Valera «Atletiko»ga, Niko Serrano «Atletik»ka yo‘l oldilar.

«Barselona», «Atletiko» va «Atletik» iqtidorlarimizni o‘g‘irlashayotgani og‘riqli zarba. Axir ular endi 15ga chiqdilar. Hali professional maqomida emaslar», - deydi Fernando Roych. Klub rahbarining gaplarida qayg‘u-alam bilan birgalikda faxrlanish hissi ham yo‘q emas. Chunki doimo 17-o‘rinni (Segundaga tushib ketmaslikni) orzu qiladigan mitti klub tarbiyalanuvchilari grandlar e’tiborida. «Shunchaki, bizda Ispaniyadagi eng samarali yoshlar tizimi shakllangan. Toplar esa talonchilikni to‘xtatishmayapti».

Biroq «Vilyarreal» o‘z omilkorligidan yetarli manfaat olishni ham o‘zlashtirib olgan. Hozir AQSH va Kanadada 9ta, Avstraliyada 3ta, Rossiya, Irlandiya, Isroil, Janubiy Koreya, Xitoy va Yaponiyada bittadan akademiya faoliyat yuritmoqda.


«Vilyarreal»  uslubining ovozasi va muvaffaqiyatlari:

** Jonajon shahri jamoasi bilan YECHLda o‘ynash uchun «Tottenxem» taklifini rad etgan Pau Torres;

** Uning do‘sti Semyuel Chukvueze «PSJ», «Sporting», «Portu» va «Zalsburg»ni rad etib, «Vilyarreal»ni tanladi va afsuslanmadi;

** Farm-klubdan «Vilyarreal»ga o‘tgan Yeremi Pino Kanar orollaridan sportga xos o‘jarlikni olib keldi;

** Klub tarixidagi eng yaxshi to‘purar (34) va Ispaniyaning bosh hujumchisi Jerar Moreno aynan «g‘avvoslar» libosida start olib, yulduz maqomiga erishdi.

«Vilyarreal» tizimi va akademiyaga sarflangan xarajatlar o‘zini oqladi, YECHL nimchorak finalidan keyin klub UYEFA g‘aznasidan 68 mln. yevro daromad oldi. Bu mablag‘ yana 1,5ta akademiyaga yetadi!

Sodiq SOBIR tayyorladi

Manba: iff.uz
Kiritildi: 16:28, 17.05.2022.
O'qildi: 1972 marta.
Fikrlar: 0 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.