Sadio Mane va Muhammad Saloh birgalikda yana bir ajoyib mavsumni o‘tkazmoqda. "Liverpul" allaqachon ikkita sovrinni qo‘lga kiritdi va yana ikkita kubok uchun kurash olib bormoqda. Biroq, ikkala afrikalik ham yozda mersisaydliklar safini tark etishi mumkin. Shu sabab, bugun biz ushbu ikki qora qit’a vakillarining kelajagi haqida biroz fikr yuritishga qaror qildik.
Sadio Mane ham, Muhammad Saloh ham juda zo‘r mavsum o‘tkazmoqda. Misrlik o‘zining odatiy darajasini saqlab turgan bo‘lsa, senegallik oldingi mavsumlardan biroz yaxshiroq ko‘rsatkichlar qayd etmoqda. Buning evaziga “Liverpul” allaqachon ikkita sovrin – Angliya Liga kubogi va Angliya kubogini qo‘lga kiritishga muvaffaq bo‘ldi. Shuningdek, mersisaydliklar APL va Chempionlar ligasida g‘alaba qozonishga harakat qilmoqda. To‘rtta sovrinni qo‘lga kiritish haqiqatdan ham katta natija. Ammo gap bu haqida emas. Ajablanarlisi shundaki, ikkala afrikalik ham yozda “qizillar” safini tark etishi mumkin.
Manening ham, Salohning ham shartnomasi bir yildan so‘ng yakuniga yetadi. Oldinroq “Liverpul” ular bilan yangi bitim imzolamoqchiligi, ammo buning amalga oshishi noma’lum sabablarga ko‘ra kechikayotgani haqida xabar berilgandi. Bu holat ikkala futbolchining ham ketishi mumkinligi borasida mish-mishlarni keltirib chiqarmoqda. Yozgi transfer oynasi paytida ingliz klubi bu ikki futbolchini sotib, yaxshigina pul ishlab olishlari mumkin.
Ko‘rinishidan, ketish istagining asosiy sababi individual sovrin bo‘lishi mumkinligi taxmin qilinmoqda. Futbolchilarning ikkalasi ham “Oltin to‘p”ni qo‘lga kiritishni istashadi, ammo hozircha ularda bu sovrinni o‘ziniki qilish imkoniyati juda past. Xabarlarga ko‘ra, har ikki futbolchi ham Ispaniya chempionatiga o‘tishni istashmoqda, chunki so‘nggi yillarda aynan "Real" va "Barselona" yetakchilari “Oltin to‘p”ning asosiy da’vogarlari bo‘lib kelmoqda.
Ikkala afrikalik ham o‘z o‘yinlari orqali “Liverpul”ga sovrin yutishda yordam berishi mumkin, biroq ularning ikkisida ham individual mukofotlarni qo‘lga kiritish imkoniyati deyarli yo‘q. Hatto bu mavsumda ham afrikaliklarning “OT”ni qo‘lga kiritishi juda past baholanmlqja. Joriy mavsum "Real Madrid" yetakchisi Karim Benzema sovringa asosiy da’vogar hisoblanadi. Fransuz futbolchisining ko‘rsatayotgan o‘yinlariga ortiqcha izoh shart emas. "Liverpul"ga kelsak, Saloh-Mane haqiqatdan ham top futbolchilar, ammo ikki juftlik birgalikda ajoyib o‘yin ko‘rsatishini aytib o‘tish kerak. Biz na Manening, na Salohning o‘yinlari alohida ko‘rsata olmaymiz. Ular birgalikda kuchli o‘yin namoyish etadi.
Mane yaqinda 30 yoshga to‘ldi, Saloh esa iyun oyida 30 yoshini qarshi oladi. Ikkalasining o‘yinida ham tezlik katta ahamiyat kasb etadi, ammo bu yosh sabab bir necha yillardan keyin pasayishi aniq. Ochig‘i, afrikaliklarning ham yuqori saviyada o‘ynash uchun ko‘p vaqt qolmadi. Asosiy muammoga to‘xtalamiz! Nega ular hamon klub bilan yangi shartnoma imzolamadi? Ma’lumotlarga ko‘ra, Muhammad va Sadio “Liverpul” bilan uzoq muddatli bitim imzolamoqchi. Biroq, bu “qizillar”ga unchalik ma’qul kelmayapti. Sababi mersisaydliklar ikki yetakchisi bilan uzoq muddatli shartnoma imzolab, tavakkal qilishni istamayapti.
Shu bilan birga, "Liverpul" yaqinda ikkita futbolchi sotib oldi. Luis Dias va Diogo Jota qishda 25 yoshini qarshi oldi va bu borada kolumbiyalik futbolchida ham, portugaliyalik futbolchida ham muammo yo‘q. Shu sababdan, “Liverpul” yozda afrikalik yetakchilaridan birini sotib yuborishi ehtimoli bor.
Yaqinda mersisaydliklar ikkala afrikalik bilan ham xayrlashib, ularning o‘rniga Kilian Mbappeni xarid qilishi mumkinligi haqida xabarlar paydo bo‘ldi. Bu juda zo‘r transfer bo‘lardi, lekin buning hech qanaqasiga iloji yo‘q.
Boshqa tomondan, Saloh va Maneni sotish haqidagi mish-mishlar qanchalik rost ekanligi katta savol. Ikkalasi ham "Real Madrid" va “Barselona”ning “radari”ga tushganligi xabar qilingandi. Ammo hozir bu klublarda o‘yinchilarga ehtiyoj qolmagandek tuyulmoqda. Agar biror sababga ko‘ra Mbappe Madrid klubiga o‘tmasa ham, afrikaliklarning fransuz futbolchisiga alternativ bo‘lishi ehtimoli kam. "Barselona" esa hozir pul sarflashga unchalik tayyor emasdek ko‘rinmoqda. Agar, Kilianning “Real” safiga o‘tishi amalga oshsa, parijliklar uning o‘rniga boshqa futbolchi qidirishi. Biroq, ikkala afrikalik ham fransuz klubi o‘tsa, “Oltin to‘p”dan umidini uzsa ham bo‘ladi.
Umuman olganda, “Liverpul” na Salohni, na Maneni yo‘qotishdan qo‘rqishadi. Sababi, klub bu vaziyatni avvaldan tushunib, uning taraddudini ko‘rib qo‘ygan edi.