Suares "Atletiko"dan xafa bo‘ldi. Aslida nima bo‘lgan?
16 may kuni hujumchi Luis Suares Madridning “Atletiko” klubi bilan xayrlashdi.
"Muxlislarga, "Atletiko"ning har bir xodimlariga va men bilan birga bo‘lgan jamoaga cheksiz minnatdorchilik bildiraman!" deb yozdi 35 yoshli futbolchi ijtimoiy tarmoqda.
"Atletiko" Suares bilan shartnoma uzaytirishdan bosh tortdi va buning sababi oddiy. Futbolchida yosh bilan bog‘liq muammo bor. U faoliyatining yuqori cho‘qqisini bosib o‘tgan. Bu mavsum Suares Chempionlar ligasi va La Ligada 45 o‘yin o‘tkazib, 15 gol urgani ko‘p narsadan dalolat beradi. Biroq, Luisning jamoadan ketish hikoyasi juda yoqimsiz bo‘lgan. Urugvaylik klubdan ketganidan so‘ng bu haqida batafsil aytib berdi.
"Men "Atletiko"da faoliyatimni davom ettirmoqchi edim, lekin ular menga ketishim kerakligini aytishdi. Bu 15 may kuni, rasman e’lon qilishidan bir kun oldin sodir bo‘ldi. Bu haqda bosh murabbiy bilan gaplashdimmi? Yo‘q, biz Diyego Simeone bilan bu masalani muhokama qilmaganmiz. Sport direktori Antonio Berta bilan ketish masalasi muhokama qilinganmi? Yo‘q.
Klubning jamoatchilik bilan aloqalar bo‘yicha direktori mavsumdagi so‘nggi o‘yin oldidan hamkorlikni to‘xtatgani haqida menga xabar berdi. U klub men bilan yangi shartnoma imzolashni rejalashtirayotganini aytdi. Bunga javoban men shunday dedim: “Xo‘sh, hech bo‘lmaganda kimdir men bilan bu borada gaplashdimi?!”. Men hech narsani bilmasdim. Ular meni ertaroq ogohlantirishlari kerak edi”.
Mening kelajagim? Hozir hech narsa haqida o‘ylaganim yo‘q. Ayni damda pul haqida emas, jahon chempionatiga yuqori sport formasida borish haqida o‘ylayapman. Faoliyatimni Yevropa, Meksika, Braziliya, Argentina kabi mamlakatlar chempionatida davom ettirishim mumkin, lekin hozir bor e’tiborimni Qatardani mundialga qaratganman”, - dedi urugvaylik futbolchi Ispaniyaning Cadena SER nashriga bergan intervyusida.
Albatta, Suaresning “Atletiko”dagi kelajagini taxmin qilish mumkin edi. Ammo negadir futbolchi hech narsani o‘ylamadi. Balki u yozda shartnomani uzaytirish bo‘yicha muzokaralar olib borishiga va ular muvaffaqiyatli yakunlanishiga umid qilgandir. Ammo unday bo‘lib chiqmadi.
Biroq nima bo‘lgan taqdirda ham “Atletiko”ning harakatlarini oqlash qiyin. Suaresning ketishi so‘nggi kunlarda ma’lum qilingan. Bu xuddi futbolchini uloqtirib yuborgandek edi. Shu sabab, urugvaylik futbolchining xafa bo‘lganini tushunsa bo‘ladi.
Suaresning kelajagi hali aniq emas. Luis karyerasini boshqa qit’ada davom ettirishga tayyor, ammo baribir uning uchun Yevropa ustuvor vazifa bo‘lib qoladi. Futbolchi o‘z xizmatlarini "Barselona"ga taklif qildi. Urugvaylik futbolchi maoshlarni sezilarli darajada kamaytirishga tayyorligini ham bildirdi. Lekin Kataloniya klubi rahbariyati ham Suaresga rad javobi berdi. "Barselona" prezidenti Joan Laporta Luisning “ko‘k-anorranglilar”ga kerak emasligini aytdi. Albatta, bu tajribali va o‘z ambisiyalariga ega futbolchi jiddiy zarba.
Katta ehtimol bilan Suares faoliyatini “Barselona” va “Atletiko”dan pastroq klubda davom ettiradi. Hatto kuchli beshli chempionati ishtirokchisi bo‘lmagan jamoa bilan ham shartnoma imzolashi mumkin. Urugvaylik hujumchiga Turkiyaning “Fenerbaxche” klubi jiddiy qiziqish bildirmoqda.
Shuningdek, uning “Liverpul”dagi sobiq sherigi Stiven Jerrard ishlayotgan “Aston Villa” nomi ham tez-tez quloqqa chalinmoqda. Qolaversa, "Sevilya" va "Inter" ham Suaresga qiziqish bildirgani aytilmoqda.
MLS variantini ham esdan chiqarib bo‘lmaydi. "Inter Mayami" klubi egasi hisoblangan afsonaviy Devid Bekxem futbolchini jamoasiga taklif qilmoqda. Devid bunday tajribali futbolchini jamoasida ko‘rishni istashini bir necha bor ta’kidalagan. Ammo AQSH, Xitoy yoki Qatar chempionatiga o‘tish Suares uchun qiziq emas. Yuqorida tilga olingan intervyuda urugvaylik futbolchi kelasi mavsum faoliyatini Yevropada, hech bo‘lmaganda Janubiy Amerikada davom ettirishni istayotganini aytdi.
Luis Suares dunyodagi eng taniqli futbolchilardan biri. Ammo yillar uning faoliyatiga yomon ta’sir o‘tkazdi. Urugvaylik futbolchi hamon erkin agent hisoblanadi. U karyerasini qayerda davom ettishi muxlislar uchun qiziq. Suaresning "Atletiko"dan ketishi juda achinarli yakunlandi. Lui axloqiy tomonlama sheriklariga namuna bo‘la olmasligi mumkin, lekin u bunday munosabatga loyiq emas edi.