Kirish Ro'yxatdan o'tish
23/12 00:45 Monsa 1-2 Yuventus
23/12 01:00 Betis 1-1 Rayo Valyekano
23/12 22:30 Fiorentina 1-2 Udineze
24/12 00:45 Inter 2-0 Komo

2023 yilgi mavsum erta boshlanadi. Yozgi chillada futbol o‘ynalmaydi

2023 yilgi mavsum erta boshlanadi. Yozgi chillada futbol o‘ynalmaydi

Baho:
+ | -

O‘zPFL Ijroqo‘mi 2022 yilgi mavsumni ertaroq yakunlash borasida qaror qabul qilgani haqida ma’lumot bergandik. Yig‘ilishda, shuningdek, 2023 yilgi mavsum yuzasidan ham qarorlar qabul qilindi.

Sir emaski, global isish oqibatida yozgi vaqtlarda futbol uchrashuvlarini tashkil qilishda muammolar mavjud. Issiq ob-havo futbolchilarning jismoniy holatiga ham o‘z ta’sirini ko‘rsatmay qolmaydi. Buning oldini olish maqsadida O‘zPFL qator ishlarni amalga oshirib kelmoqda. 2021 yildan boshlab Superliga klublari ishtirokidagi o‘yinlar yoz oyida 20:00 dan erta boshlanmaydigan bo‘ldi. 2023 yildan boshlab Pro ligada ham bu amaliyot qo‘llaniladi va yetarli darajada yoritish tizimi mavjud bo‘lmagan stadionlarga nisbatan cheklov o‘rnatiladi.

Biz shu bilan cheklanib qolmaymiz. Boisi OFK ham musobaqalar o‘tkazishda qator o‘zgarishlarni amalga oshirmoqda. Masalan, Chempionlar ligasi turniri kuz-bahor mavsumiga o‘tish arafasida. Biroq O‘zbekistondagi ob-havo sharoiti va ayniqsa qish faslida stadionlarimizdagi holat bizga birdaniga keskin qaror qabul qilish imkonini bermaydi. Shundan kelib chiqib, O‘zPFL Ijroqo‘mi asosiy masala sifatida yozning chillasida futbol uchrashuvlarini o‘tkazmaslik masalasini muhokama qildi. Rejaga ko‘ra, 2023 yildan boshlab musobaqalar 25 iyun hamda 5 avgust oralig‘ida o‘tkazilmaydi. Yo‘qotilgan kunlar esa fevral hamda dekabr oylaridagi kunlar orqali kompensasiya qilinadi. Aniqroq aytganda, 2023 yilgi mavsum fevralning ikkinchi qismidan boshlab start oladi va u dekabrning ilk dekadasini qamrab olgani holda yakunlanadi. Mazkur holatda 40 kun yozda hamda 60 kun qishda futbol uchrashuvlari o‘tkazilmaydi. Odatda O‘zbekiston futbol klublari 30 kun yozda hamda 90 kun qishda musobaqalarda ishtirok etmasdi. Bu esa futbolchilarning jismoniy tayyorgarligi masalasiga ham salbiy ta’sir ko‘rsatadi. O‘zPFL musobaqalarsiz kunlar sonini kamaytirish, musobaqalar davomida o‘yinlar-ketligi va kunlar oralig‘ini optimallashtirishni maqsad qilgan. Zero Angliya, Ispaniya, Italiya kabi mamlakatlarda musobaqalarsiz kunlar soni nisbatan kamroq. Biz esa boshlanishiga Liga kubogi musobaqasi orqali, keyinchalik Superligada jamoalar sonini 16 taga yetkazish orqali uchrashuvlar sonini bosqichma-bosqich oshirib borishni rejalashtirdik.

2023 yilgi mavsumni 15 fevraldan keyinoq boshlash masalasini O‘zPFL o‘z Ijroqo‘miga 1 ta taklif va 2 ta sabab bilan tushuntirdi. Taklif sifatida 2022 yilgi mavsumni ertaroq — 21 noyabrga qadar yakunlash masalasi berildi. Sabab sifatida esa “Nasaf” futbol klubining Chempionlar ligasidagi ishtiroki hamda O‘zbekiston milliy terma jamoasining Osiyo kubogidagi ishtiroki ko‘rsatildi.

“Nasaf” Chempionlar ligasining guruh bosqichini muvaffaqiyatli bosib o‘tdi. Endilikda qarshiliklar pley-off uchrashuvlarini 4 fevraldan boshlashga majbur. Bu esa boshlanishiga klubga noqulaylik tug‘diradi. Qolaversa, “Nasaf” va qolgan jamoalarning mavsumga tayyorgarlik rejasi ham bir-biridan keskin farq qilmasligi muhim ahamiyat kasb etadi. Ya’ni, “Nasaf” qolgan jamoalardan kamida ikki hafta ertaroq yurishga majbur. Agar chempionat mart oyida start olsa, mazkur farq salkam 1 oygacha oshib ketishi hamda jamoalar orasida nomutanosiblik paydo bo‘lishi ehtimoli mavjud.

Shuningdek, O‘zPFL 2023 yilgi taqvimni shakllantirishda milliy termaning Osiyo kubogidagi ishtirokini ham inobatga olishga majbur. Osiyo kubogi 16 iyundan e’tiboran start oladi. “Futbolchilar maqomi va transferi bo‘yicha reglament”dan kelib chiqib, Srechko Katanes qit’a chempionatigacha 14 kun vaqt qolganida futbolchilarni yig‘inga jalb qilishga haqli. Shundan kelib chiqsak, milliy termaga nisbatan ko‘proq futbolchi yetkazib berayotgan klublarda 31 maydan keyin rasmiy uchrashuvlarda ishtirok etish borasida muammo yuzaga keladi. Mana shu jihatni inobatga olib, O‘zPFL musobaqaning birinchi bosqichini 15 fevral — 31 may oralig‘iga rejalashtirdi. Milliy termalar yig‘in boshlagan vaqtda esa Liga kubogi musobaqasiga start berish ko‘zda tutildi. Shundan kelib chiqib, O‘zbekiston Professional futbol ligasi nafaqat o‘zimizning, balki qo‘shni respublikalar termalarining ham Osiyo kubogida ishtirok etishini tilaydi. Zero bu bizga Liga kubogi musobaqasi masalasida yakdil qaror qabul qilishda qulaylik taqdim etishi mumkin.

Manba: pfl.uz
Kiritildi: 12:47, 15.06.2022.
O'qildi: 3499 marta.
Fikrlar: 8 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.