"Liverpul"da olti yil o‘ynagach, Sadio Mane "Bavariya"ga o‘tdi. Transfer rasman tasdiqlangach, senegallik forvard mersisaydliklar matbuot xizmatiga intervyu berib, Angliyadagi o‘yinlarini sarhisob qildi.
Sadio "Liverpul"ni yangi chaqiruv uchun tark etdi
“Endi “Liverpul” futbolchisi emasligim haqida o‘ylasam, g‘alati ahvolga tushaman. Klub bilan ajoyib damlarni o‘tkazdim. Birinchi kundanoq jamoa bilan mashg‘ulotlar o‘tkazgan paytimdan, bu yerni tark etishimgacha bo‘lgan davr hech qachon yodimdan ko‘tarilmaydi. “Enfild”da, ajoyib muxlislar qarshisida o‘ynash — ajoyib.
"Liverpul" bilan birgalikda ko‘p sovrinlarni yutdik. Lekin har doim ham g‘alaba qozonish, futbolchining formasi uchun yaxshi emas deb hisoblayman. Shuning uchun rahbariyatga karyeramda yangi sahifa ochishni xohlayotganim haqida aytdim. Bu men uchun navbatda muhim qadam, chunki men rivojlanishni va yanada yaxshiroq futbolchi bo‘lishni xohlayman.
Oxirgi paytlarda mening ketishim haqida ko‘p mish-mishlar tarqaldi, lekin men ularga izoh bermadim, chunki bor e’tiborimni "Liverpul"ga qaratgan edim”.
Mane janjalsiz klubni tark etdi
“Klubdan ketganimdan so‘ng, barchaga xayrlashish uchun xabar yozdim. Albatta, bu hamma, shu jumladan men uchun ham qayg‘uli edi, lekin bu hayotning bir qismi. Biz buni qabul qilishimiz kerak. Men jamoani janjal bilan tark etishni xohlamadim, chunki men hamma bilan - murabbiylardan tortib oshpazlargacha yaxshi munosabatdaman. Men uchun yaxshi munosabatlar bilan Liverpulni ketish muhim edi.
Jamoadoshlarimdan ko‘p narsani o‘rgandim. Ular zo‘r o‘yinchilar. Albatta, rahbariyat ham menga yaxshi o‘yinchi bo‘lishim uchun katta yordam bergan”.
Eng yaxshi o‘yin “Enfild”da “Barsa” ustidan qozonilgan g‘alaba
“Bolaligimda men futboldagi barcha sovrinlarni qo‘lga kiritishni orzu qilardim, shuning uchun men hech qachon ishlashdan to‘xtamaganman. Endi aytishim mumkinki, barcha sovrinlarni qo‘lga kiritish uchun to‘g‘ri klubni tanladim. Bunday imkoniyat uchun "Liverpul"dan juda minnatdorman. “Liverpul”dagi eng yaxshi o‘yin 2019 yili bo‘lgan — “Enfild”da “Barselona” ustidan qozonilgan g‘alaba va undan keyingi Chempionlar Ligasidagi muvaffaqiyat. Bu aqlbovar qilmas kunlar edi. Men bularni hech qachon unutmayman”.
Mane "Liverpul" safida kiritgan eng chiroyli gollaridan birini "Bavariya" darvozasiga urgan
“269 o‘yinda 120 ta gol urib, “Liverpul” to‘purarlari ro‘yxatida 14-o‘rinni egallab, klubni tark etganimdan juda faxrlanaman. Bu oson bo‘lmadi, lekin bu buyuk insonlar orasida o‘z ismimni ko‘rganimda juda ham xursandman.
"Liverpul" safidagi eng sevimli golimni debyut o‘yinimda "Arsenal" darvozasiga “Emireyts”da kiritganman. Ikkinchi sevimli golim esa “Bavariya”ga qarshi o‘yinda Manuel Noyerni xafa qilganman. Kechirasiz, Manu, lekin menimcha, bu eng chiroyli gollarimdan biri”
Saloh va Firmino ajoyib futbolchilar, Klopp esa ajoyib murabbiy
“Bu yillar davomida Muhammad Saloh va Roberto Firmino bilan o‘ynaganim “Liverpul”dagi ishimni ancha osonlashtirdi. Bu ikkisi ajoyib futbolchilar. Hozirda tarkibga Diogo Jota va Luis Dias kabi hujumchilar qo‘shildi - bu ajoyib! Bu futbolchilar dunyoning eng yaxshi klubiga juda ham mos keladi.
Klopp — ajoyib murabbiy. U “Liverpul”ga borini bergan. Yurgen bilan munosabatlarimiz juda yaxshi. U menga top darajadagi futbolchi bo‘lishimga yordam berdi.
Mane har doim "Liverpul"ga muxlislik qilishini aytadi
"Men "Liverpul" muxlislarini juda sog‘inaman. Ular dunyodagi eng zo‘ri. Men buni har doim aytganman va aytaman. "Enfild"da o‘ynash har bir futbolchiga katta kuch bag‘ishlaydi. Shunday qilib, men sizlarni yaxshi ko‘raman va sizlarni sog‘inaman. "Liverpul"dagi uyimni sotganim yo‘q. Shu bois, men albatta muxlislar bilan ko‘rishish va "Liverpul" o‘yinlarini tomosha qilish uchun qaytib kelaman, chunki men doimo klubning birinchi raqamli muxlisi bo‘lib qolaman.
"Bavariya"ning har bir o‘yindan keyin "Liverpul" qatnashgan bahslarni ham kuzatib boraman. Klubga omad tilayman. Ishonamanki, ular yana yuqori o‘rinlarni egallay oladi, chunki men bu yigitlarning imkoniyatlarini yaxshi bilaman.