O‘tgan mavsum boshida "MYU" Angliya chempionligiga da’vo qilayotgandi. Ammo vaziyat keskin o‘zgarib ketdi. Klub tanqidchilari "qizil iblislar"ning YECHLga ham chiqa olmasligini taxmin qilgan va yakunda shunday bo‘ldi. Ammo "MYU" chempionlik uchun kurashmasa ham, kuchli to‘rtlikka kirish uchun yetarlicha kuchli va qimmat tarkibga ega edi. Biroq, hammasi ortga ketdi. Quyida "Manchester Yunayted"ga bir dunyo pulga tushgan, ammo jamoaga foydasi tegmayotgan futbolchilar nomi keltirib o‘tiladi.
Xarri Maguayr: 80 million funt
Dunyoning istalgan jamoasi mukammal o‘ynashni: hujumchilar pressing orqali raqibni qiynashi, himoyachilar esa qarshi jamoa hujumchilariga imkoniyat qoldirmasligini istaydi. Ammo "MYU"da bunday emas. Himoya tartibga muhtoj. U yerdan esa Maguayr ham joy olgan. Uning katta pulga sotib olingani o‘zini oqlamadi. "Lester"dagi kabi o‘ynash esa Maguayr uchun qiyin kechmoqda. 80 millionlik xarid ekanini hisobga olsak, Maguayr ishi o‘xshamadi.
Erik Bayi: 38,5 million funt
Agar "MYU"da Maguayr bilan yaxshi tandem hosil qila oladigan futbolchini izlayotgan bo‘lsangiz, Bayi varianti bunga aynan mos keladi. Bu yerda birgina muammo bor. Ushbu futbolchilarning har biri vaqti kelganda tartibsizliklarga sabab bo‘lib qolishi mumkin. Xususan, Bayi yaxshi jismoniy holatga ega. Ammo sheriklarining qo‘llovisiz, u hech narsa qila olmaydi. Xullas, undan boshida kutilgan umidlar sarobga aylandi. Bugun shu sababli Bayi boshqa jamoaga o‘tishga yaqin turibdi.
Aron Uan-Bissaka: 50 million funt
Eng yaxshi jamoalarda himoyachilar o‘ta kuchli diqqatga va jismoniy sifatlarga ega bo‘ladi. Ulardan oldingi chiziqdagi jamoadoshlari uchun to‘pni muvaffaqiyatli yetkazib bera olishi ham talab etiladi (Aleksander-Arnold, Ris Jeyms). Uan-Bissakada esa to‘liq sifatlar mavjud emas. Ha, u birga-bir vaziyatlarda ustasi farang. Ammo umumiy o‘yin kartinasini bezash, uni anglashda ancha oqsaydi. Tan olish kerak, u kabi himoyachilar ayni damdagi futbolda o‘rtamiyona klublar uchun ajoyib topilma bo‘lardi. Ammo "MYU"dek jamoa uchun emas.
Fred: 52,5 million funt
Braziliyalik yarim himoyachi jamoa maydon markaziga qo‘shimcha kuch baxsh eta oladi. Ammo uning roli haligacha aniq emas. Ya’ni u, xos hislati sababli jamoa asosiy vakiliga aylana olmadi. Masalan, Brunu Fernandeshni olsak. U klubdagi eng kreativ futbolchiga aylanib ulgurgan. Ayrim yarim himoyachilar raqib hujumini buzishda usta bo‘ladi. Boshqasi esa to‘pni o‘zi bilan olib yurishda ustunlik qiladi. Biroq, Fredda bu hislatlarning hech biri yuqori darajada emas. Mana shu jihatdan ham Fredning xaridi bugun kutilgani kabi bӯlmadi.
Antoni Marsyal: 61,5 million funt
Marsyalning "Manchester Yunayted"dagi ilk davri bizga Tyerri Anrini eslatgan. Harxolda, o‘sha davrda u Anriga qiyoslangandi. Chuki fransiyalik hujumchi raqib darvozasi oldida o‘ta sovuqqonligi bilan ajralib turgan. Ko‘p vaqt o‘tmay, Marsyal o‘yinlari pasayib ketdi. Ayni damga kelib esa "MYU" unga xaridor qidirmoqda. Marsyalning "Sevilya"ga bo‘lgan sayohati ham omadsiz yakunlandi. Bu narsa ham hujumchining muammolari borligidan darak beradi.
"MYU"ga yuqorida nomlari keltirilgan beshta futbolchi jami 280 million funtga tushgan. Ayni damda esa ularning sotuvidan 100 million funt foyda qilish ham amri-mahol bo‘lib turibdi. Mana shu narsa ham "MYU"ning ayni damdagi tarkibidagi kamchiliklarni ochib beradi. Buni hal qilish esa Erik ten Xag bilan chambarchas bog‘liq.
ISMATOV J.