Kirish Ro'yxatdan o'tish
27/12 01:00 Man. Yunayted 1-0 Nyukasl
27/12 16:30 Parma 1-0 Fiorentina
27/12 17:30 Nottingem Forest 1-2 Manchester Siti
27/12 19:00 Lechche 0-3 Komo
27/12 19:00 Torino 1-2 Kalyari
27/12 20:00 Arsenal 2-1 Brayton
27/12 20:00 Brentford 4-1 Bornmut
27/12 20:00 Byornli 0-0 Everton
27/12 20:00 Liverpul 2-1 Vulverhempton
27/12 20:00 Vest Xem 0-1 Fulhem
27/12 22:00 Udineze - Lasio
27/12 22:30 Chelsi - Aston Villa
28/12 00:45 Piza - Yuventus
28/12 16:30 Milan - Verona
28/12 19:00 Cremonese - Napoli
28/12 19:00 Sanderlend - Lids
28/12 21:30 Kristal Pelas - Tottenhem
28/12 22:00 Bolonya - Sassuolo

Agentlar: «Ziqna piranya»

Agentlar: «Ziqna piranya»

Baho:
+ | -

Mino Rayola va Jorje Mendesh nomi ko‘pchilik muxlislarga yaxshi tanish bo‘lsa, Pini Zaxavini kamchilik biladi.

Isroillik tajribali agent 70-yillar oxiridan buyon vositachi sifatida muzokaralarda qatnashib kelmoqda. Aynan u «Chelsi»ga De Bryuyne va Lukakuni olib kelgan, Rio Ferdinandning transferida ko‘maklashgan, Roman Abramovich bilan ishlagan, «PSJ» va «Tottenxem» nomidan amalga oshirilgan kelishuvlarda katta rol o‘ynagan.


Sport jurnalistidan agentlikka

Zaxavi universitetni tashlagach, sport jurnalistiga aylandi. Isroilning uchta yirik gazetalarida ishlagan Pini ko‘pchilik bilan aloqalarni yo‘lga qo‘ydi. 1979 yilda, jurnalist sifatida ishlayotganida, o‘zining ilk kelishuvini amalga oshirdi - Isroil termasi himoyachisi Avraam Koen 200 ming funt evaziga «Makkabi Tel-Aviv»dan «Liverpul»ga o‘tdi. Zaxavi tez-tez Angliyadagi futbol uchrashuvlariga borar, bir safar Londondagi Xitrou aeroportida «Liverpul» kotibi Piter Robinson bilan uchrashib, unga mijozini taklif qilgandi. Koenga kelsak, u agent bilan Yedioth Ahronoth gazetasi uchun tayyorlangan reportaj orqali tanishgan. Zaxavi kelishuvda qatnashgani uchun o‘z ulushini oldi, albatta.

Bir yildan so‘ng isroillik agent yana bir o‘tishda qatnashdi - uning sa’y-harakatlari evaziga «Manchester Siti» yarim himoyachisi Barri Silkman ijara asosida «Makkabi Tel-Aviv»ga o‘tdi, 1990 yilda esa forvard Ronni Rozentalni «Standard»dan «Liverpul»ga ko‘chirdi (o‘sha payt Kenni Dalglish mersisaydliklar bosh murabbiyi edi).


Yirik transferlar

90-yillar oxirida isroillik agentning tanishlari ancha ko‘payib qolgandi - do‘stlari orasida Grem Suness, Aleks Fergyuson, Ron Atkinson, Terri Veneybls va boshqa ko‘plab afsonalar bor edi. XXI asr boshida Zaxavi megatransferning bevosita sababchisiga aylandi: Rio Ferdinand 18 mln. funt evaziga «Vest Xem»dan «Lids»ga o‘tdi, ikki yildan keyin esa 30 mln. funt to‘lagan «Manchester Yunayted» himoyachini tarkibiga qo‘shib oldi. Bu o‘tishda Pinining «Vest Xem» bilan tanish-bilishchiligi asqotdi: 1997 yilda u London klubiga Eyal Berkovichni joylashtirgandi.

Agent Aleks Fergyuson bilan 80-yillarda tanishgan, Ferdinand «MYU»ga o‘tgan paytga kelib klubning deyarli barcha yirik transferlariga mas’ul bo‘lgan. 2001 yili Yap Stamning «Lasio»ga 16,5 mln. funtga sotilishi, xuddi ushbu jamoadan Xuan Sebas­tyan Veronni 28,1 mln. funtga olib kelinishi shular jumlasidan. Zaxavi 2003 yili Roman Abramovichga yaqin shaxslar safiga qo‘shilgach, funksionerning «Chelsi» klubi va ko‘plab futbolchilarni qo‘lga kiritishiga sababchi bo‘ldi. Hisob-kitoblarga ko‘ra, londonliklarning transferlarga sarflagan 111 mln. funtidan 5 «limoni» agentga tekkan. Pini rossiyalik biznesmen bilan 90-yillar oxirida Moskvada tanishgan. Zaxavining sa’y-harakatlari bilan Maykl Essyen va Peter Chex «Chelsi» tarkibini to‘ldirishgan, Xavyer Maskerano va Karlos Teves «Vest Xem»ga o‘tishgan.

2006 yili Pini «Portsmut» bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘yib, jamoaga ko‘plab o‘yinchilarni olib keldi. 2005 yili Yakubu Ayegbeni «Midlsbro»ga o‘tgani uchun Zaxaviga 3,64 mln. funt ulush tegdi. Ushbu summa isroillik agent­ga 5 yil davomida 10 qismga bo‘lingan holda to‘lanishi belgilandi. Bu o‘sha pallada Angliya futbolidagi eng yirik agentlik gonorariga aylangandi. «Portsmut» muammolar sabab Zaxavi va boshqa 23 nafar agentdan 9 mln. (Pinidan 2,074 mln.) funt qarz bo‘lib qoldi.


Hozirgi mijozlar

Ayni payt 78 yoshli agentning mijozlari ko‘p emas, ammo ular orasida ham taniqli nomlar bor - Kristofer Nkunku, Robert Levandovski, Pyer-Emil Xyoybyerg, Yannik Karrasko, Aleksandr Mitrovich, Aleks Telles, Fabio Kannavaro. Bundan tash­qari, Zaxavi Neymarning «Barselona»dan «PSJ»ga transferida qatnashib, 12 mln. yevroga ega bo‘lgan. Pini Jorje Mendesh singari «superagentlar»dan o‘zining og‘ir-bosiqligi bilan ajralib turadi. Uni stadion lojalarida tez-tez uchratish mumkin. Umuman olganda, Rayolaning vafotidan so‘ng aynan u Mendesh bilan birgalikda futbolni egallab olishdi.

Pini o‘zini agent emas, vositachi deb hisoblaydi. «Men futbolchi va investorlarni klub bilan bog‘layman, shu xolos», - degandi u intervyularining birida. Zaxavi ishidagi o‘ziga xos jihatlardan biri - juda ko‘plab ofshor hisob-raqamlari. Lyuksemburg, Gibraltar, Malta, Kipr va Virgin orollaridagi kompaniyalar unga tegishli. Bir necha yillar avval polisiya reydidan so‘ng Pini jiddiy nazoratga olingandi. Agent firibgarlik, Belgiya oliy ligasidagi «Muskron» maqomini saqlab qolish maqsadida ofshor kompaniyalar orqali qalbaki hujjatlar taqdim etganlik ayblangandi.

Yaqinda Zaxavi David Alabaning «Real»ga o‘tishida muhim rol o‘ynadi. Joriy yil yozida esa vositachi transfer bozorida katta qiziqishga sabab bo‘lib turgan Robert Levandovski va Kristofer Nkunkuning ishlari bilan shug‘ullanadi. Zaxavidan manfaatli shartnoma shartlarini ta’minlash talab etiladi - odatda, undan «klublarni ko‘ndirish» jarayonida foydalanishadi.

2018 yili Pini Levandovs­kini «Bavariya»dan tortib olishga uringan, lekin jarayon maosh miqdori 8 mln. yevrodan 23 mln. yevrogacha oshishi bilan yakunlangandi. Agar agent nemis klubi yulduzini olib ketishni uddalasa, bu jahon miqyosidagi «o‘g‘rilik»ka aylanadi. Alabaning ketishiga «Bavariya»ning faxriy prezidenti Uli Xyoness shunday munosabat bildirgandi: «Davidning agenti - ziqna piranya. Aslida muammo pulda. Alaba shundoq ham dunyoning eng yaxshi klubida o‘ynayapti, yana qayerga o‘tishi kerak?».

Zaxavining «Bavariya»ga taalluqli ikkinchi firibni amalga oshirishini kuzatish qiziq bo‘lishi shubhasiz.

O‘.UMAROV tayyorladi

Manba: «Интерфутбол» газетаси
Kiritildi: 10:10, 30.06.2022.
O'qildi: 1854 marta.
Fikrlar: 0 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.