Kirish Ro'yxatdan o'tish
27/12 01:00 Liverpul 3-1 Lester
28/12 00:30 Brayton 0-0 Brentford
28/12 01:15 Arsenal 1-0 Ipsvich
28/12 19:00 Empoli - Jenoa
28/12 19:00 Parma - Monsa
28/12 22:00 Kalyari - Inter
29/12 00:45 Lasio - Atalanta
29/12 16:30 Udineze - Torino
29/12 19:00 Napoli - Venetsiya
29/12 19:30 Lester - Manchester Siti
29/12 20:00 Tottenhem - Vulverhempton
29/12 20:00 Kristal Pelas - Sautgempton
29/12 20:00 Everton - Nottingem Forest
29/12 20:00 Fulhem - Bornmut
29/12 22:00 Yuventus - Fiorentina
29/12 22:15 Vest Xem - Liverpul

Mavsum kashfiyotlari: O‘qimay uqqan profi

Mavsum kashfiyotlari: O‘qimay uqqan profi

Baho:
+ | -

Ko‘pchilik yakunlangan mavsum «Vilyarreal»ni CHL finalida ko‘rishni xohlagani rost.

Unai Emeri jamoasi oxir-oqibat, hal qiluvchi bahs yo‘lida «Liverpul»ga bas kelolmagan bo‘lsada, ertaknamo yurishi bilan esda qoldi. Ispan klubining fantastik parvozida «qanot» rolini bajargan ijrochilar ko‘p. 20 yoshida zavodda ishlagan, yana 5 yildan keyin nufuzli turnir yarim finalida gol urgan Bulaye Dia - shulardan biri.

Hech qachon taslim bo‘lma! Bulaye Dianing futbolda bosib o‘tgan yo‘li shu xitobga to‘liq mos keladi. Mana, fakt­larga e’tibor qarating: 

*** Bulaye 12 yoshida otasi hamrohligida ko‘rik uchun «Sent-Etyen» bazasiga yo‘l olgan, ammo belgilangan vaqtda manzilga yetib borolmagan: «2 kunlik ko‘rikka taklif etishganini eshitgach, o‘zimni yo‘qotib qo‘yishimga sal qolgandi. Ertalab soat 9:00da otam bilan «Reno»ga o‘tirdik. Hattoki, kechikmaslik uchun pullik trassani tanladik. Biroq pul to‘lash jo­yiga kelganda, mashinamiz yurmay qoldi. Avvaliga o‘zimiz uni sozlashga rosa urindik, lekin aqlimiz yetmadi va texnik yordam kerakligini tushundik. Keyin taksida uyga qaytdik». Qisqasi, Dianing aytishicha, avtomobil ustida ancha vaqt shug‘ullanishlariga to‘g‘ri kelgan. Yigitchada bu orada klub vakillarining vaziyatni to‘g‘ri tushunishlariga umid bog‘lashdan boshqa chorasi yo‘q edi. Biroq «Sent-Etyen» mas’ullari takroriy ko‘rik o‘tkazishni istashmagan. Shunga qaramay, Bulaye ortiqcha ranjimagan: «12 yoshli bola uchun bitta ko‘rikdan qolish katta fojia emasdi. Ha, 1-2 kun tushkun holatda yurdim, keyin hammasini unutdim».

*** Dia yana 1 yildan keyin ikkinchi marta urinib ko‘radi - bu safar «Lion» akademiyasiga borishni ma’qul ko‘radi. Biroq umidi yana puchga chiqadi: «Ko‘rik jarayonida jumladan, bo‘yimning o‘sish sur’atini ham tahlil qilishdi. Afsuski, xulosa ijobiy bo‘lmadi - aynan bo‘y o‘sishi bo‘yicha talabga javob berolmaganim tufayli olishmadi. Ular hattoki, mendan «Lion» darajasidagi hujumchi chiqmasligini ro‘y-rost aytishdi».

*** Hozirda Dianing bo‘yi 180 santimetrga yetgan. Chakki emas, lekin bu  hujumchi uchun maqtanarli ko‘rsatkich sanalmaydi, baribir. Muhimi, Bulaye pozisiya tanlash mahorati va bosh bilan yaxshi o‘ynashi evaziga bu kamchilikni sezdirmaydi.

*** Yigitcha ikki omadsiz urinishdan keyin professional futbol orzusini ortga surib, oilasiga yordam berishga qaror qiladi. Aniqroq aytsak, elektrik sifatida plastik materiallarni qayta ishlash zavodidan ish topadi. Dia bolaligidan jismoniy mehnatni yaxshi ko‘rardi: «Elektrik kasbini akam o‘rgatgan. Bu juda qiziqarli ish. To‘g‘ri, faqat qishda, qo‘shimcha yumushlar bilan pul topishga to‘g‘ri kelganida, ayrim qiyinchiliklar yuzaga chiqardi. Masalan, tunda yuk tushiruvchi bo‘lib ishlardim». Diqqat, Dia kundalik hayotdagi mashaqqatli mehnatni Fransiya chempionati 7-divizionida o‘ynaydigan zavod jamoasidagi faoliyati bilan birga olib boradi. Bulaye ayni shu pallada ko‘cha futbolidagi eski tanishidan kutilmagan xabar oladi. Do‘s­ti Uelsga birga borishni taklif qilgandi: «Biz Oliy divizion vakili «Eyr­bas»ga borgandik. Jamoa chindan ham, 2016|2017 yillar mavsumida elitada to‘p surgandi. Asosiysi, jamoa ko‘rigidan muvaffaqiyatli o‘tdim, lekin Fransiyaga qaytishga majbur bo‘ldim - oilani tashlab ketishga vijdonim yo‘l qo‘ymadi. Aslida Fransiya divizionlaridan tramplin sifatida foydalanish asnosida professional futbolga ko‘tarilishni rejalashtirgandim». Qarangki, amalda hammasi Bulaye aytganidek rivojlanadi - 21 yoshga to‘lganida havaskorlar darajasidagi 4-divizion ishtirokchisi «Yura Sud» jamoasi safidan joy oladi. Shu tariqa 2017|2018 yillar mavsumida jamoaning 21ta o‘yinida 15ta gol urgan Dia «Reyms» nazariga tushib, birdaniga Liga1ga sakraydi!

*** Professional futbolga moslashish Bulaye uchun oson kechmagan bo‘lsada, sira dovdiragani yo‘q. Chunonchi, faoliyatini «Reyms»ning 2-jamoasida boshlagan holda, asosiy tarkib o‘yinini obdon o‘rgandi, taktika va mashg‘ulotlarga ko‘nikdi, yakunda Sadio Manedan maqtov oldi. Mavsum-2018|2019da 18 marta maydonga tushib, 3ta gol urgan hujumchi keyingilarida shaxsiy ko‘rsatkichlarini muntazam yaxshilab bordi - 24ta o‘yinda 7ta va 36ta o‘yinda 14ta gol. Taajjubki, Bulaye ayniqsa, «PSJ», «Marsel» va «Renn» kabi nomdor raqiblarga qarshi bahslarda yanada yorqinroq to‘p surdi. Vaholanki, talab darajasidagi saviyaga chiqish mashaqqati kam emasdi: «Avvaliga akademiyalardan kelgan yigitlarga tenglashish ilinjida tirishqoqlik bilan shug‘ullandim, bilmaganimni so‘rab, yangi elementlarni o‘zlashtirishga intildim. Yashirmayman, har kunlik mashg‘ulotlarda rosa qiynalardim. Chunki jamoa bilan ishlash barobarida yakka tartibda ham shug‘ullanishga odatlangandim. Bunda mahoratim kun sayin oshayotganini his qilish kuchimga kuch qo‘shgani ham rost. Bundan tashqari, taktika bo‘­yicha kamchiliklarni bartaraf etish ancha qiyin kechdi. Jismoniy tayyorgarlikni maromiga yetkazish taktik bilimlarni o‘rganishga nisbatan osonroq ekanligiga o‘z tajribamda amin bo‘ldim».

*** Asosan yosh iqtidorlarni sotish orqali kun ko‘rishga odatlangan «Reyms» 2021 yilning yozida Diani «Vilyarreal»ga qo‘yib yubordi. Klub g‘aznasini 12 mln. yevroga boyitgan Bulaye uning tarixidagi eng qimmatbaho ikkinchi futbolchi bo‘ldi. Qahramonimiz «Sariq suvosti kemasi» safidagi faoliyatini «Chelsi»ga qarshi kechgan Yevropa superkubogi uchun bahsda samarali uzatma bilan boshlagan bo‘lsada, La Ligada u qadar yuqori natija qayd etolmadi: 24ta o‘yinda «Gol}pas» tizimi bo‘­yicha 9 ochko (5ta gol va 4ta samarali uzatma). Unga jarohatlar xalaqit berganini ham aytish joiz, yana yangi muhitga moslashish ta’sirini unutmaslik kerak. Lekin Dianing Senegal terma jamoasidagi o‘yinlariga gap yo‘q. To‘g‘ri, qahramonimiz AMK-2022da gol urolmadi, chunki senegalliklar asosiy e’tiborni himoyaga qaratishdi. JCH-2022 yo‘llanmasi uchun Misr termasiga qarshi kechgan yakuniy o‘yinda esa Senegal milliy jamoasining yagona goli aynan Dia tomonidan urildi. Xullas, Bulaye 210 daqiqalik murosasiz qarama-qarshilikni penaltilar seriyasiga cho‘zdi. «Lotoreya»da esa Senegal termasi omadliroq chiqib, misrliklardan mundial yo‘llanmasini ham tortib oldi (oldinroq Afrika kubogini yutgandi).

Senegal terma jamoasi yetakchisi Sadio Mane - Bulaye Dia muxlislaridan biri. «Liverpul» hujumchisi vatandoshi va ampluadoshi bilan mavsum-2020|2021 davomida yaqindan tanishgan va uning Fransiyada uzoq qolib ketmasligini dangal bashorat qilgandi: «Dia sermahsul o‘yinlari bilan chuqur taassurot qoldirmoqda. Ishonchim komil, u saviya bobida allaqachon Liga1 darajasidan o‘zib ketgan». Bulaye esa mashhur hamyurti maqtoviga munosabat bildirishda kamtarlikni o‘rniga qo‘ydi: «Sadioning e’tirofi meni to‘lqinlantirib yubordi. To‘g‘risi, shunday nomdor futbolchining kaminaga e’tibor qaratganiga ishonishim qiyin». Yakunda CHL finalida Dia emas, Mane maydonga tushdi. Lekin kechagina zavodda ishlagan Bulaye uchun yarim final ham  katta marra! Har holda, hozircha shunday.

A.ABDUVALIXO‘JAYEV tayyorladi

Manba: «Интерфутбол» газетаси
Kiritildi: 18:30, 02.07.2022.
O'qildi: 1818 marta.
Fikrlar: 0 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.