Krishtianu Ronaldu shu yozda “Manchester Yunayted”ni tark etishi haqiqatga yaqinroq. Futbolchi mashg‘ulotlarga hali qo‘shilmadi, Portugaliyada bo‘lib turibdi va agenti Mendesh unga yangi jamoa axtarmoqda. Xo‘p, agar hujumchi Manchesterni tark etadigan bo‘lsa, Erik Ten Xag yangi “to‘qqizlik” izlab bozorga chiqadimi?
Menimcha, yo‘q. Murabbiy so‘nggi mavsumda “Ayaks”da Aller kabi yaqqol hujumchi bilan o‘ynagan bo‘lsa-da, ko‘proq oldingi chiziqda faol universallar bilan ham muvaffaqiyat qozona oladi. Bu rolga tarkibda Reshford, Sancho, Marsiyal va Elanga bor. Ronalduning ketishi klubga taxminan 40 million yevro iqtisod qilishini (bir yillik maosh + transfer narxi) e’tiborga olsak, Ten Xag o‘zi orzu qilayotgan Antonini ham “Ayaks”dan olib kelishi mumkin.
(Agar 2019 yilda YECHL yarimfinaliga chiqqan “Ayaks”ni eslasak, jamoa katta o‘yinlarda aldamchi to‘qqizlik sifatida Tadich bilan harakat qilgan. Rasmda ham Madridda 4:1 g‘alaba qozongan tarkib ko‘rsatilgan – to‘g‘ri, yaqqol tayanch vakili Strotman bor, lekin “MYU” hozir Martines uchun ham kurashayotganini e’tiborga olsak, u aslida tayanch yarimhimoyachisi hisoblanadi va Ten Xag markaziy himoyachiga ehtiyoj borligi uchun uni himoyaga o‘tkazgan)
Ba’zida Portugaliya terma jamoasida, hatto “MYU”da ham bu rolda sinab ko‘rilgan Bruno Fernandeshni ham unutmaslik kerak. Kristian Eriksen va De Yong markazga keladigan bo‘lsa, Brunoni biz o‘sha Tadichning rolida ko‘rishimiz ham mumkin.
Oldingi chiziqda Bruno, Antoni, Sancho, Reshford, Marsiyal, markazda Eriksen, De Yong, Van De Bek, Maktominey, Fred, Martines... Deyarli Ten Xag uchun jamoa. Nazarimda, Ronalduning ketishi niderlandiyalik murabbiyga o‘z jamoasini qurish jarayonini tezlashtirib, osonlashtirib ham beradigandek. Albatta, buning uchun De Yong, Eriksen va Martines transferlari sodir bo‘lishi kerak.
Qahramon Aslanov.