Ushbu transferlar oynasida "Barsa" va "Chelsi" transfer yangiliklarining asosiy provayderlari bo‘lib qoldi.
Bir qancha o‘yinchilar xaridi uchun klublar to‘g‘ridan-to‘g‘ri raqobatga kirishishdi. Biroq, yakunda asosiy o‘yinchilar Ispaniyani tanladi. Yulduzlar haqiqatan ham Tomas Tuxelning "Chelsi"sidan voz kechib, kelajagini oldindan aytib bo‘lmaydigan "Barselona"ni ma’qul ko‘rishdi. Ular orasida Robert Levandovski ilgaridan "Barsa"ga o‘tishni xohlayotgan edi (garchi unga "Chelsi" ham, "PSJ" ham qiziqish bildirgan bo‘lsa-da).
Fabrisio Romanoning ta’kidlashicha, futbolchi nega Premyer-ligada o‘ynashni istamasligini aytgan. “Robert Angliyada tez-tez yomg‘ir yog‘ishidan nolidi. Lekin, u Germaniyadagidek samarali o‘ynay olmasa kerak. Robert aynan shu narsadan qo‘rqardi", - deydi futbolchining agenti. Bir necha oylik qiyin muzokaralardan so‘ng "Barselona" "Lids"ning 25 yoshli vingeri Rafinyani qo‘lga kiritdi. "Chelsi" ham braziliyalikni xarid qilishni juda ham xohlardi: Fabrisio Romano londonliklar uning uchun 70 million yevro taklif qilganini yozdi - ammo u Ronaldinyo bilan yaqin munosabatlarini eslab, Kataloniyaga jo‘nab ketgan.
Ispanlar vaziyatdan foydalanib qolib, "Lids”ga kutilganidan ham kamroq summa to‘lagan: 58 million yevro va yana 7 million bonuslar ko‘rinishida tuhfa etiladi. "Ko‘k-anorranglilar" bu miqdorni uch marta bo‘lib-bo‘lib to‘lash imkoniyatiga ega. "Lids" Rafinyaning "Barselona"da o‘ynash istagi tufayli so‘rovlarni biroz qisqartirishga majbur bo‘ldi.
• Usmon Dembelega to‘xtalsak, u ham «Chelsi»ga o‘tishi mumkin edi, ammo yakunda fransuzning maoshi hozirgi klubida baribir ko‘tarildi (qo‘shimcha bonuslar hisobiga). To‘g‘ri, shu o‘rinda aniqlik kiritib o‘tish joizki, Dembele Londonga unchalik qiziqmas edi. Buning ustiga uning o‘rni allaqachon to‘ldirilib, Raxim Sterling bu yerda o‘zini ko‘rsatishga harakat qilib ko‘radi. Usmonga boshqa taklif ham yo‘q. "Barselona" Dembele bilan shartnomani uzaytirdi. Bu Xavining g‘alabasiga o‘xshab ko‘rinmoqda. Chunki Dembele Kataloniyada hali o‘z so‘zini aytmadi.
• Andreas Kristensen "Chelsi"dan "Barselona"ga tekinga o‘tdi. 2026 yilgacha shartnoma imzolandi, tovon puli - 500 million yevro. Himoyachi Ispaniyani tanladi, garchi u 2012 yildan buyon «Chelsi» tizimida bo‘lsa ham. Kelajakda "Chelsi" Kunde va Kristensenni tortib olishi mumkin.
Biroq bu borada hali ham ko‘p narsalar noaniq. Sesar Aspilikueta ham Xavi jamoasiga kelib qo‘shiladi. Sports.es nashrining yozishicha, "Chelsi" ular uchun 4 milliondan 5 million yevrogacha pul olgan va yaqin kunlar ichida transfer kelishib olinadi.
• “Chelsi”ning boshqa himoyachisi Markos Alonso bilan vaziyat biroz murakkabroq: muzokaralar sust kechmoqda, shuning uchun “Barsa” unga muqobil variantni qidirmoqda. Diario AS xabariga ko‘ra, kataloniyaliklar Markos o‘rniga "Monako"dan Kayo Enrikeni olishlari mumkin. Ammo Alonsoning o‘zi Ispaniyaga qaytishni kutmoqda, "Chelsi" esa hamon bunga qarshilik ko‘rsatmoqda.
• Jyul Kunde uchun kurash hozir davom etmoqda. Dastlab "Barsa" u bilan shaxsiy shartlarda kelishib olgandi va buning evaziga "Sevilya"ga ikki futbolchisini taklif qildi. U yerda Serjinyo Dest rad etildi, Memfis Depay esa faqat katta klubga o‘tishni kutmoqda, deb yozadi Fabrisio Romano.
Insayder Janluka di Marsio Kunde 50 million yevro bonuslar evaziga London klubiga o‘tishga yaqin ekanligini aytdi. Bu yerda "Barsa" omili futbolchiga ta’sir qilmaydi, shuning uchun "Sevilya" har qanday taklifni qabul qilishi mumkin.