Kirish Ro'yxatdan o'tish
20/05 00:00 Loryan 5-0 Klermon
20/05 00:00 Monako 4-0 Nant
20/05 00:00 Lill 2-2 Nissa
20/05 00:00 Lion 2-1 Strasbur
20/05 00:00 Reyms 2-1 Renn
20/05 00:00 Lans 2-2 Monpelye
20/05 00:00 Tuluza 0-3 Brest
20/05 00:00 Gavr 1-2 Marsel
20/05 00:00 Mets 0-2 PSJ
20/05 19:00 Dinamo 1-1 Paxtakor
20/05 19:00 Surxon 0-1 Nasaf
20/05 21:30 Salernitana 1-2 Verona
20/05 23:45 Bolonya - Yuventus

Katta transferlar kampaniyasi

Katta transferlar kampaniyasi

Baho:
+ | -

Gana futboli rahbarlari mamlakat milliy jamoasi taraqqiy yo‘lini keskin o‘zgartirishdi.

Mana, «qora yulduzlar» «Atletik» yetakchisi Inyaki Uilyamsni o‘z tomonlariga og‘dirishdan tashqari, APLda o‘ynayotgan ikki iqtidorni xalqaro darajada Gana bayrog‘i ostida o‘ynashga ko‘ndirishdi. Endi esa Bundesliga-2dan ham 3 nafar futbolchi «olish»ni ko‘zlamoqdalar. Hammasi tushunarli: Gana milliy jamoasini oldinda JCH-2022 bahslari kutmoqda. Mundial guruh bosqichidagi raqiblar esa juda jiddiy - Portugaliya, Urugvay va Janubiy Koreya termalari. Qisqasi, ganaliklar shunga yarasha, tarkibni imkon qadar kuchaytirish harakatidalar. «Atletik» yulduzi Inyaki Uilyams, APLdan umidli himoyachilar va Bundesliga-2 klublarida to‘p surayotgan bir qator istiqbolli yigitlar... Ha, Gana futbolda boshqacha transferlar kampaniyasini boshladi...


Gana madaniyatiga hurmat

Inyaki Uilyams Gana va mamlakat madaniyatiga hamisha hurmat bilan qaraydi. Ispaniya milliy jamoasi safida 1 marta (2016 yilning may oyida Bosniya va Gersegovina termasiga qarshi kechgan o‘rtoqlik o‘yini) maydonga tushgan «Atletik» yetakchisining ota-onasi Ganadan. Umuman, Inyaki Ispaniya termalari sharafini yoshlar miqyosida ham himoya qilgan. «Qizil furiya»dan qayta chorlov kutaverib charchagan Uilyams oxir-oqibat, futbol fuqaroligini o‘zgartirib, Gana termasini tanladi. Uning ota-onasi Liberiya fuqarolar urushi qochoqlari lagerida uchrashishgan. Ular avvaliga poytaxt Akkrada qochqin sifatida yashashgan, keyin Afrikaning shimoliy qirg‘og‘idagi Melilyo (Ispaniya) shahrida qo‘nim topishgan. Inyakining ota-onasi bunda 4 ming kilometrdan ko‘proq masofa va butun Saxara cho‘lini bosib o‘tishgan. «Otam o‘shanda tovoni sezgisini butunlay yo‘qotgan. Onam ham ko‘p qiyinchiliklarni boshdan kechirgan, lekin u kuchli ayol. Aytishlaricha, yo‘l davomida ko‘plab hamrohlari og‘irlikka chiday olishmagan va ularni cho‘lning o‘ziga dafn etishga to‘g‘ri kelgan», - degandi Inyaki o‘z intervyularidan birida. 

E’tiborlisi, «Atletik» futbolchisi tvi tili (Gana tillaridan biri) ham yaxshi biladi: «Bobom yoki buvim qo‘ng‘iroq qilsa, ular bilan tvi tilida bemalol gaplashaman. Umuman, Gana va uning madaniyati, taomlari, an’analaridan hamisha hayratlanaman». Aytgancha, Inyakining 19 yoshli ukasi Niko ham futbol fuqaroligini Gana foydasiga o‘zgartirmoqda. Mavsum-2021|2022da «Atletik» tarkibiga yorib kirgan kichik Uilyams Ispaniya U-21 termasi a’zosi edi.


APLdan istiqbolli duet va Bundesliga-2dan trio

Inyaki Uilyamsdan tash­qari, «Brayton»da himoyaning o‘ng qanotiga javob beradigan Tariq Lempti ham Gana pasportini oldi. U sharoitga qarab, oldinroqda ham o‘ynashi mumkin. Lempti Angliyaning barcha yosh toifalaridagi termalarida ko‘rinish berishga ulgurdi, faqat milliy jamoa qolgandi. Biroq hozirgi holatda uning Garet Sautgeyt ro‘yxatiga tushishi juda qiyin. «Tushuning, jamoamizning o‘ng qanot himoyasida kuchli raqobat bor. Kayl Uoker Yevro-2020da biz bilan birga edi. Bu safar Trent-Aleksander Arnold va Ris Jeymsga imkoniyat berish uchun Kiran Tripyerni bezovta qilmadik», - deya o‘z tanloviga izoh bergandi Ang­liya milliy jamoasi bosh murabbiyi 2021 yilning noyabr oyida. Lempti hozir 21 yoshda va APL darajasida ko‘zga tashlanishga ulgurdi. Deylik, avvalgi mavsum o‘sha Sautgeyt­dan ham maqtov eshitdi, «Arsenal», «Bavariya» va «Atletiko» kabi klublar nazariga tushdi.

Gana bayrog‘i ostida o‘ynashga tayyor yana bir futbolchi - bu «Sautgempton» himoya­chisi Muhammad Salisu. Bu yigit 2019 yiliyoq «qora yulduzlar» bosh murabbiyidan chorlov olgan, lekin o‘shanda jismoniy tayyorgarligi javob bermasligini aytib, taklifga rad javobi bergandi. Salisu Gananing bosh shahri - Akkrada tug‘ilgan, demak, pasportini o‘zgartirishi shart emas. Markaziy himoyada harakatlanadigan 23 yoshli futbolchi bunga qadar «Valyadolid»da tajriba oshirgan. To‘g‘ri, u hozircha barqaror o‘yini bilan maqtanolmaydi, lekin gohida o‘ta dahshatli taassurot qoldiradi, ayniqsa, yakkakurashlarda.

Gana termasi shuning barobarida «Gamburg»ning ikki vakilini tarkibga qo‘shish ustida ish olib bormoqda. Bular - Stefan Ambrosius (markaziy himoyachi, 23 yosh) va Ransford-Yeboa Kenigsdorfer (xujumchi, 20 yosh). Har ikkisi tomirida ganaliklar qoni bor. Kenigsdorfer hozirga qadar Germaniya yoshlar termasining bir necha o‘yinida ishtirok etdi, ammo bundestimga o‘tishi amri-mahol. «Darmshtadt»ning baquvvat himoyachisi Patrik Pfayffer (bo‘yi 196 sm.)ni ham Qatarda Gana termasi tarkibida ko‘rsak, ajabmas. Har holda, Gamburg shahrida tug‘ilgan bu yigit «qora yulduz» bo‘lishga moyil.

Fevral oyida agar Gana terma jamoasi JCH-2022 yo‘llanmasini qo‘lga kiritsa, Kallum Xadson-Odoi ham «qora yulduzlar» safiga qo‘shilishi haqida xabarlar chiqqandi. 

D.ALIMOV tayyorladi

Manba: «Интерфутбол» газетаси
Kiritildi: 21:13, 08.08.2022.
O'qildi: 3248 marta.
Fikrlar: 0 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.