2009 yilda Ben Grinxal Sky One kanalining «Porlayotgan futbol yulduzi» nomli yangi realiti-shouda ishtirok etish huquqini beruvchi tanlovda g‘olib chiqqan va Milanning «Inter» klubi bilan orzu kontraktini imzolagandi.
O‘shanda 17 yoshli yigitcha 2000 nafar futbolchini ortda qoldirib, Mourinyo jamoasi bilan 6 oylik kelishuvni rasmiylashtirgandi. Keyinroq jamoa Grinxalga yana bitta bir yillik shartnomani taklif etgan, u dastlabki kelishuv muddati nihoyasiga yetganidan keyin kuchga kiradigan va «Komo»dagi 4 oylik ijara bilan boshlanishi kerak edi.
Grinxal «Komo» tarkibidagi 12 uchrashuvda 8ta gol urdi, ammo «Inter» 2011 yilda u bilan shartnoma muddatini uzaytirmadi. Chunki futbolchi asosiy jamoaga chiqa olmadi.
Garchi Grinxal asosiy jamoa tarkibida maydonga tushmagan bo‘lsada, Italiyadan YECHLning g‘oliblik medali bilan qaytdi. Boisi, 2010 yilda «Bavariya» bilan bo‘lgan finalning safar uchrashuvida u qaydnomadan joy olgandi.
Ben Angliyaning «Uelling Yunayted» klubiga qaytgach, yana ber necha jamoalarda o‘z omadini sinovdan o‘tkazdi. Nihoyat, 7-divizion vakili bo‘lgan «Kent» jamoasiga o‘ynovchi murabbiy sifatida yo‘l oldi.
Yashil maydon tashqarisidagi faoliyatida futbolchi reklamada Ronalduning dublyori vazifasini ado etgan davrlar ham bo‘ldi.
«16 yoshli paytimda ikki marta reklama roliklarida ishtirok etdim», - degandi Grinxal 2020 yildagi intervyusida. «Ulg‘aygach, Krishtianudek harakatlanadigan bo‘lib qoldim. Men fintlarni o‘rganishni yaxshi ko‘radigan hujumchi edim. Ko‘pchilikning fikricha, unga taqlid qilishga intilgan va oz bo‘lsada, o‘xshata olganman».
Grinxal shuningdek, «Chelsi»ning sobiq hujumchisi Diyego Kostaning o‘xshashi bo‘lishga ham urinib ko‘rgan va u maydonda va uning tashqarisida o‘ta betayin yigit ekanligini ta’kidlagandi: «Bunaqa odamni hech qachon ko‘rgan emasman. U xuddi ulkan gavdaga jo bo‘lgan mitti bolakayni eslatadi. Menimcha, aynan shu sababli «Chelsi» u bilan aloqani uzdi, Konte uni o‘z izmiga bo‘ysindira olmadi».
Hozir o‘ttizga chiqqan Grinxal murabbiylik kasbini qunt bilan o‘rganmoqda. Shuningdek, u «Inter» bilan 6 oylik shartnoma imzolagani «Tottenxem»ning 2 yillik kelishuvidan judo qilganini ham e’tirof etdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, «taqachilar»ning o‘sha paytdagi bosh murabbiyi Garri Rednappning o‘g‘li Jeymi Angliya terma jamoasining sobiq o‘yinchisi edi va Realiti-shouda murabbiy vazifasini ado etayotgandi.
«Jeymining aytishicha, agar men tanlovda g‘olib chiqmaganimda, «Tottenxem» bilan 2 yillik shartnomani rasmiylashtirgan bo‘lardim. Biroq men hech qachon ortga nazar tashlamayman. Futbol sizni umuman kutilmagan sayohatlarga yo‘llashi hech gapmas», - dedi futbolchi.
S.RAHMONOV tayyorladi