“Ayaks”ning braziliyalik hujumchisi Antoni “Manchester Yunayted”ga qariyb 100 million yevroga o‘tishi deyarli aniq bo‘ldi. Futbolchining talantiga shubha qilmagan holda, baribir buncha pul ko‘p ekanini aytayotganlar ko‘p. Albatta, qo‘shilish mumkin. Ammo futbolchi:
1) “MYU” uchun zarur pozisiya – o‘ng qanot hujumchisi;
2) Erik Ten Xag bilan ajoyib munosabatlar;
3) yosh ekani bilan ushbu summaning ortiqcha qismini oqlash mumkin.
Ayniqsa, Antonining yosh ekani muhim ahamiyat kasb etadi. Bu qadar hayron qolarli bo‘lmagan Kazemironing 70 millionlik transferi va Antonining 100 millionlik narxi transferi misolida oddiy tushuntiraman.
Kazemiro 30 yoshda va 4 yildan so‘ng, ya’ni shartnoma muddati tugayotgan paytda 34 yoshga kiradi. Bu yoshdagi futbolchini biror summaga sotish qiyin, katta ehtimol bilan erkin agentga aylanib, futbolni tark etishi mumkin. Bu degani, hozir Kazemiroga sarflangan 70 million yevro va plyus to‘rt yil davomida to‘lanadigan maosh – to‘liq Kazemironing faoliyati uchun xarajat, to‘g‘rimi? Bu taxminan 70+48 =118 millionni tashkil qiladi.
Endi Antoni. U 22 yoshda va shartnoma muddati tugayotgan paytda, ya’ni to‘rt yil o‘tib, 26 yoshda bo‘ladi. Bu yoshdagi futbolchini ma’lum summaga sotish mumkin. Agar Antoni rostan ham superyulduz bo‘lib yetishsa, olinayotgan narxiga yoki ko‘prog‘iga ketadi. U holda u uchun qilingan xarajat faqat to‘langan maoshlar bo‘lib qolib, Kazemirodan bir necha barobar arzonga tushadi.
Agar 4 yil o‘tib, “Manchester Yunayted” Antoni bilan yangi shartnoma tuzadigan bo‘lsa, qaysidir ma’noda yana bir transferga aylanadi. Ya’ni, “Yunayted” deyarli tekinga, hech qaysi klubga pul to‘lamasdan, yana 4 yil to‘p surishi mumkin bo‘lgan yulduz futbolchini qo‘lga kiritayotgan bo‘ladi. Boshqacha qilib aytganda, yosh futbolchini oldinda ikkita sikl (4+4) kutib turganini e’tiborga olsak, unga to‘lanadigan transfer summasi ikkita transfer uchun deb ham hisoblash mumkin.
Endi mabodo, Antoni “Yunayted”da yaxshi o‘yin ko‘rsata olmay, ishonchni oqlay olmasa, baribir futbolchi iste’dodli ekani ko‘rinib turibdi, bu “skillar” bilan kuchsizroq klubga yoki boshqa ligaga yaxshi narxga sotish mumkin. Aytaylik, bozorda o‘shanday darajadagi 25-26 yoshli futbolchilar 40-50 mln. yevro (Risharlison) bo‘lsa, o‘z-o‘zidan klub hozir to‘lanayotgan summaning yarmini chiqarib oladi. Esingizda bo‘lsa, Memfis Depay uch yil Manchesterda o‘ynay olmagach, olingan narxning yarmiga “Lion”ga sotib yuborilgandi. Bunday misollar ko‘p.
Xullas, Antoni kabi talantli futbolchining Angliyada to‘p surishi faqat yutuq. Unga to‘lanayotgan pul baribir bizniki emas va agar bu summa futbolchining o‘ziga qandaydir bosim yuklanmasa, zarari yo‘q.
Qahramon Aslanov