Kirish Ro'yxatdan o'tish
26/12 17:30 Manchester Siti 1-1 Everton
26/12 20:00 Bornmut 0-0 Kristal Pelas
26/12 20:00 Chelsi 1-2 Fulhem
26/12 20:00 Nyukasl 3-0 Aston Villa
26/12 20:00 Nottingem Forest 1-0 Tottenhem
26/12 20:00 Sautgempton - Vest Xem
26/12 22:30 Vulverhempton - Man. Yunayted
27/12 01:00 Liverpul - Lester

«Milan»da yangi sohib

«Milan»da yangi sohib

Baho:
+ | -

Bundan roppa-rosa 4 yil muqaddam, 2018 yilning iyul oyida Elliott Management «Milan» klubini xarid qilgandi.

MAQOLALAR
“Rossonerlar” tasarrufi amerikaliklarga xitoylik Li Yunxundan keyin o‘tgandi. Qitadoshimiz qarzlar va salbiy moliyaviy vaziyat tufayli klubni tark etgandi. Yangi sohib esa nochor holatga tushib qolgan kompaniyalar bilan ko‘p ishlagani bois, tajribali sarmoyadorlar «Milan»ni murakkab vaziyatdan xalos etishlari taxmin qilingandi.

Darhaqiqat, 4 yil ichida «qizil-qoralar»da shiddatli yuksalish yuz berdi. Birinchi navbatda, moliyaviy muammolarga barham berildi, keyin raqobatbardosh jamoani shakllantirishga e’tibor qaratildi. Natijada «Rossonerlar» avval YECHLga qaytishdi, uning ortidan skudettoni qo‘lga kiritishdi. Elliott Management esa ulkan hajmdagi bunyodkorlik samarasiga guvoh bo‘lgach, chempionni sotishga qaror qildi. Bu anchayin kutilmagan yangilik bo‘ldi, ammo kompaniya rahbarining o‘g‘li Gordon Singer hammasini tushuntirdi:

«2018 yilda «Milan»ni xarid qilganimizda, biz shonli tarixga ega, lekin jiddiy muammolarga duch kelgan va o‘rtamiyona natijalar bilan kifoyalanayotgan jamoani meros qilib olganimizni yaxshi bilardik. Rejamiz o‘ta oddiy: moliyaviy barqarorlikni tiklash va «Milan»ni xalqaro maydondagi nufuziga - munosib joyiga qaytarish. Biz o‘z maqsadimizga erishdik, deb hisoblayman».

«Milan»ni xarid qilish istagini birinchi bo‘lib Bahrayn­ning Investcorp kompaniyasi izhor etdi. Muzokaralar silliq kechmadi, keyin «qizil-qoralar»ga boshqa xaridor - AQSHning RedBird Capital kompaniyasi paydo bo‘ldi. «Elliott»dagilar vatandoshlarini afzal ko‘rishdi. Bahraynliklar esa o‘yindan chiqishdi.

«Milan»ni ummon ortining ikki kompaniyasi 1,2 mlrd. yevroga baholadilar. Yangi sohiblar klub boshqaruvini boshlab yuborishdi, lekin hujjatlar sentyabr oyida to‘liq rasmiylashtiriladi. «Elliott» «RedBird Capital»ga «Milan» xaridi uchun yillik 7 foizli ustama bilan 600 mln. yevro kredit beradi. Yil oxiriga qadar bu mablag‘ 200 mln.gacha kamayishi lozim.

«Rossonerlar»ning yangi sohibi bir qator sohalarga, jumladan, sportga sarmoya kiritadi. Uning moliyaviy qudrati 6 mlrd. dollarga baholanmoqda. «Tuluza» aksiyalarining 85 foizi shu kompaniya ixtiyorida. Bundan tashqari, u Fenway Sports Group aksiyalarining 10 foiziga ham haqdor. Boshqacharoq aytganda, «Liverpul» hamda «Boston Red Soks» beysbol jamoalari aksioneridir. Milanliklarni 20 yildan beri sportga sarmoya kiritib kelayotgan Jerri Kardinale boshqaradi.

Avvaliga muxlislar yangi sohiblar ishni jamoaga skudettoni sovg‘a qilgan bosh murabbiy Stefano Pioli rahbarligidagi ahil tarkibga o‘zgarishlar kiritishdan boshlashidan xavotirda edilar. Boz ustiga, klub uchun muhim ahamiyatga ega shaxslar shartnomalari muddatini uzaytirish kechiktirib yuborilgandi. Biroq keyinchalik klubning texnik direktori Paolo Maldini va sport direktori Rikki Massaralar yangi shartnomalarni rasmiylashtirdilar, Pioli ham o‘z lavozimida qoldi. Bosh direktor Ivan Gazidis italiyalik murabbiy o‘rniga Ralf Rangnikni mo‘ljallab yurgan bo‘lsada, fikridan qaytdi.

Kardinale mavjud tizimga ishonch bildirdi. Qolaversa, u «rossonerlar» 50-70 ming kishiga mo‘ljallangan o‘z stadionlariga ega bo‘lishga haqli ekanliklarini ta’kidladi. Yangi arenani Milan provinsiyasining Sesto-San-Jovanni shaharchasida bunyod etish mo‘ljallanmoqda. Kardinale bu borada shahar meri bilan maslahatlashib oldi.

Bunyodkorlik ishlarini o‘z vaqtida «Uembli», «Tottenxem Xotspur» va «Emireyts» stadionlarini tortiq etgan Popolous kompaniyasi amalga oshiradi. U Yevropa va AQSHning ko‘pgina shaharlarida sport arenalarini tiklagan, «Uimbldon»dagi asosiy tennis kortlari ham uning ijodi.

Qisqasi, «Milan»ning kelajagi xususida xavotirga o‘rin yo‘q. Italiyaliklar avlodidan bo‘lgan Kardinale klubni yangi cho‘qqilarga olib chiqish niyatida. Qo‘shimchasiga, u daromad hajmini ko‘paytirishga ham intilmoqda. Tabiiyki, bu intilishlar «rossonerlar»ga ham ijobiy ta’sir etadi - yangi homiylar, yangi stadion...

Iqtisodiy muvaffaqiyatlar sportdagi natijalarga bog‘liq, albatta. Shu sababli, RedBird «qizil-qoralar»ning yuksak parvozidan manfaatdor. Klubning yangi sohiblaridan esa, hech bo‘lmaganda, o‘tmishdoshlaridan qolishmaydigan darajada ish yuritish talab etiladi. Chunki klubning direktorlar kengashida Elliott Management kompaniyasinig mutaxassislari ham faoliyatni davom ettirishmoqda. Shunday ekan, yangi mavsumda «Milan»dan faqat yuksak natijalarni kutishga haqlimiz.

S.RAHMONOV tayyorladi

Manba: stadion.uz
Kiritildi: 11:00, 01.09.2022.
O'qildi: 3257 marta.
Fikrlar: 1 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.