Kirish Ro'yxatdan o'tish
23/12 00:45 Monsa 1-2 Yuventus
23/12 01:00 Betis 1-1 Rayo Valyekano
23/12 22:30 Fiorentina 1-2 Udineze
24/12 00:45 Inter 2-0 Komo

Tarixiy farq bilan mutlaq g‘alaba!

Tarixiy farq bilan mutlaq g‘alaba!

Baho:
+ | -

Karim Benzema nihoyat, o‘z faoliyatida ilk marta yevromavsumning eng yaxshi o‘yinchisiga atalgan «Brilliant futbolka» sovrinini qo‘lga kiritdi.

UYEFA bosh sovringa «Real» goleadoridan tash­qari, darvozabon Tibo Kurtua va yarim himoyachi Kevin de Bryuyne nomzodini ham ko‘rsatgandi. E’tiborlisi, Benzema so‘rovda belgiyalik har ikki raqobatchisidan mislsiz darajada o‘zib ketdi.

 

Barchasi statistikaga yarasha

Benzemaning mutlaq g‘alabasida ajablanadigan jihati yo‘q. Barchasini fransiyalik futbolchining mavsum-2021|2022da klubi va terma jamoasida qayd etgan umumiy statistikasi ko‘rsatib turibdi: 50ta gol va 16ta samarali uzatma, Yevropa CHL va Ispaniya La Ligasida eng yaxshi to‘purar. Bunga muvofiq ravishda, 5ta yirik turnir (La Liga, CHL, Ispaniya va Yevropa superkubogi, Millatlar Ligasi) g‘olibi!

 

«Brilliant futbolka» qanday sovrin?

Benzema qo‘lga olgan sovrin haqida nimalarni bilish kerak? UYEFA yevromavsumning eng yaxshi futbolchisiga atalgan mukofotni 2011 yili ta’sis qilgan. Bunga qadar tashkilot faqat klub futbolining eng yaxshi vakiliga sov­rin topshirardi. «Brilliant futbolka» shu kunga qadar 9 nafar yulduzga nasib etdi. Bu borada Krishtianu Ronaldu rekordchi - 3 karra laureat. Lionel Messi hisobida esa 2ta «Brilliant futbolka» bor. Qolganlar UYEFA so‘rovida 1 martadan g‘olib chiqishgan. Bular - Andres Inyesta, Frank Riberi, Luka Modrich, Virjil van Deyk, Robert Levandovski, Jor­jinyo va Karim Benzema. UYEFA so‘rovida avvaliga xuddi «Oltin to‘p»da bo‘lgani kabi jurnalistlar ishtirok etishgan. Bunda jarayon ikki bosqichni o‘z ichiga olgan. Dastlabki raundda UYEFA tarkibiga kiruvchi 54ta assosiasiya nomidan 54 nafar jurnalist kuchli uchlikni tanlagan: 1-o‘rin - 5 ochko, 2-o‘rin - 3 ochko va 3-o‘rin - 1 ochko. Yakunda eng ko‘p ochko olgan 3 nafar futbolchi finalga chiqqan. Oxirida jurnalistlar UYEFA kengashida yana bir bora ovoz berish yo‘li orqali g‘olibni aniqlashgan. Bu tizim 2017 yilgacha ishladi, UYEFA shundan so‘ng hakamlar hay’ati (ovoz beruvchilar)ga CHL hamda YEL guruh bosqichida ishtirok etuvchi 80ta klub bosh murabbiyini ham qo‘shdi. Shuningdek, jurnalistlar soni 55 nafarga oshirildi. 

 

Yangi formulada kimlar g‘alaba qozonishdi?

E’tiborlisi, so‘rov tizimi isloh qilinganidan keyin laureat har yili o‘zgarmoqda. Ya’ni Karim Benzemagacha naq 5 nafar futbolchi jurnalistlar va murabbiylar qo‘shma ovozi bo‘yicha so‘rov g‘olibiga aylandi. Darvoqe, bunga qadar eng ishonarli g‘alabani Krishtianu Ronaldu va Robert Levandovski qayd etishgandi. Portugaliyalik yulduz 2017 yili 482 ochko to‘plagan bo‘lsa, polshalik goleador 2020 yili 477 ball oldi. Umuman, birgina Jorjinyo so‘rovda hattoki, 200 ball marrasiga yetmadi, qolganlar 300 ochkodan ko‘p olishdi.

 

Oxirgi 6 yillik so‘rov g‘oliblari (yangi tizim bo‘yicha)

2017 yil: Krishtianu Ronaldu (Portugaliya) - 482 ball

2018 yil: Luka Modrich (Xorvatiya) - 313 ball

2019 yil: Virjil van Deyk (Niderlandiya) - 305 ball

2020 yil Robert Levandovski (Polsha) - 477 ball

2021: Jorjinyo (Italiya) - 175 ball

2022 yil: Karim Benzema (Fransiya) - 523 ball

 

Joriy yilgi so‘rov

Bu safar kuchli 10talikka CHLning amaldagi g‘olibi «Re­al»dan 4 nafar va finalchi «Liverpul»dan 3 nafar futbolchi kirdi. Shuningdek, «Bavariya», «Manchester Siti» hamda «PSJ»dan ham vakil bor.

 

Benzema - rekordchi!

Karim Benzema g‘alabasida nodir holat bor. Joriy yilgacha so‘rovda ko‘p ochko olish bo‘yicha rekord Krishtianu Ronalduga tegishli edi - 482ta (mavsum-2016|2017 yakunida). Benzema esa bu marrani 523 ballga ko‘tarib qo‘ydi. Oddiy aytganda, Krish rekordini 41 ochko darajasida yangiladi. Fransiya milliy jamoasi hujumchisi shuningdek, eng yaqin ta’qibchisini ortda qoldirish masalasida ham mutlaq natija ko‘rsatdi. Bunga qadar ushbu rekord Robert Levandovskiga tegishli edi - polshalik to‘purar 2020 yili Kevin de Bryuynedan naq 384 ochko o‘zib ketdi. KDB bu safar ham yana 2-o‘rin (qatorasiga 3 marta!) bilan cheklandi, biroq ochkolar miqdori bo‘yicha g‘olibdan yanada ortda qoldi. Oddiy ayt­ganda, Benzema so‘rovda belgiyalikdan naq 401 ochko ball ko‘p oldi.

A.AHMEDOV tayyorladi

Manba: «Интерфутбол» газетаси
Kiritildi: 14:31, 09.09.2022.
O'qildi: 2610 marta.
Fikrlar: 1 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.