Yoz davomida amalga oshirilgan transferlar tarixda qoladigan bo‘ldi. Unda bir-biridan qiziq va ahamiyatga molik ko‘chishlarga guvoh bo‘ldik. Ayrim futbolchilar esa jamoasidan keta olmadi. Ular ichida Ronaldu va Mbappelar ham bor. Levandovski esa yillar davomida faqat qarshi o‘ynagan jamoasi, "Barselona"ga o‘tdi. 2022 yilning yozida, shuningek, bir nechta kutilmagan burilishlarni ham kuzatdik. Ya’ni bir futbolchi o‘zi bilan muzokaralarda uzoq vaqt bo‘lgan klubga emas, balki, boshqasiga yo‘l oldi. Quyida mana shunday holatlarning ayrimlariga to‘xtalib o‘tamiz.
Lisandro Martines ("Ayaks"dan "MYU"ga)
Yoz kirib kelar ekan, Linsandro Martines atrofida mish-mishlar ko‘paya boshladi. Uning qayerga o‘tishi ko‘plab bahs-munozaralarga sabab bo‘lgan edi. Martines o‘zining ko‘pfunksiyali ekani bilan hammani e’tiborini tortgan edi. Angliyada esa unga "Arsenal" hamda "MYU" da’vo qila boshladi. Xususan, London jamoasi unga uzoq vaqtdan buyon e’tibor berib keldi va birinchilardan bo‘lib, Martines uchun "Ayaks"ga 29 million funt taklif etdi. Ammo bu taklif darrov rad etiladi. "Arsenal"ning ikkinchi taklifi 35 million funt bo‘lib, o‘z ichiga bonuslarni ham olgan. Afsuski, bu safar ham "to‘pchilar"ning omadi kelmagan. Bu orada "Manchester Yunayted" ham harakatga tushadi. Erik ten Xag jamoasi Martinesni jalb etishda keskin o‘zgarish qildi va samarali ishladi. Oxir-oqibat, ancha baland narx taklif etgan "MYU", Lisandroning imzosiga erishadi. "Qizil iblislar" argentinalik uchun 56,7 million funt to‘lagan. Shunday qilib, uzoq vaqt harakat qilgan "Arsenal", o‘z nishonidan quruq qoladi.
Rafinya ("Lids"dan "Barselona"ga)
Rafinya uchun poyga, yozning eng qiziqarli musobaqasidan biriga aylangandi. Braziliyalik hujumchiga ko‘plab klublar qiziqqan. Ammo ikkita nomzod jiddiy ta’qibchiga aylanadi. Ulardan biri "Barselona", ikkinchisi esa "Chelsi" edi. Dastlab, londonliklar ilk yurishni amalga oshirib, Rafinya uchun 55 million funt taklif qiladi. "Barselona"da esa moliyaviy muammolar bor edi. Klub ularni hal qilishni uddasidan chiqqan. Shundan so‘ng, Xavi Rafinyani sotib olishga erishgan. "Chelsi" esa katta ishonch va harakatlariga qaramasdan, o‘zi xohlagan futbolchidan quruq qolgandi.
Jyul Kunde ("Sevilya"dan "Barselona"ga)
Kunde dunyoning eng yaxshi, va ayni damda eng yosh himoyachilaridan biridir. Markaziy himoyachi "Chelsi" uchun zarur futbolchi edi. Chunki jamoa, muhim vakillari bo‘lgan Kristensen hamda Ryudigerni yo‘qotgandi. Ularning ikkisi ham La-ligaga yo‘l oldi. "Chelsi" "Napoli"dan Kulibalini xarid qildi. Ammo jamoaga yana bir markaziy himoyachi zarur edi. Shu sabab, "Sevilya"ga fransuz himoyachisi uchun 55 million funt taklif qilgan. Bu taklif klub andalusiyaliklar tomonidan qabul qilingan. Biroq, "Barselona" yana zimdan ish boshlaydi. Ispan giganti 50 million yevro evaziga Kundeni qo‘lga kiritadi. Bu miqdor "Chelsi"nikidan kamroq, albatta. Ammo futbolchining o‘zi "Barsa"ni ma’qul ko‘rgan.
Keyinchalik, "Chelsi" "Lester"dan Vesley Fofanani olib keldi. Ammo baribir Kunde rahbariyatning ustuvor maqsadi edi. Shunday qilib, yoz davomida "Barselona" va "Chelsi" ikki bor to‘qnash keldi. Yakunda esa inglizlar har ikkisida mag‘lub bo‘ldi.
ISMATOV J.