“Bunyodkor” futbol klubi va O‘zbekiston milliy terma jamoasining uy o‘yingohi hisoblangan “Bunyodkor” stadionida iyul oyidan buyon ta’mirlash ishlari olib borilmoqda. Stadion foydalanishga topshirilganidan beri chim muammosi bilan kurashib keladi. Maydon nisbatan chuqurlikda joylashgani uning havo aylanish tizimiga salbiy ta’sir qilgan. Bir necha marta amalga oshirilgan qayta ta’mirlash ishlari ijobiy natija bermagani ham hech kimga sir emas. Albatta “Bunyodkor”dek muhtasham stadionga bu kabi holatlar yarashmaydi. Shu yilning yoz faslida “O‘zbekneftgaz” aksiyadorlik jamiyati Boshqaruvi raisi, “Bunyodkor” futbol klubi prezidenti Mehriddin Abdullayevning topshirig‘iga ko‘ra, ishchi guruh tuzilib, stadionni qayta ta’mirlash bo‘yicha reja ishlab chiqildi va iyul oyidan ishlar boshlab yuborildi.
Dastlab, maydonning eski chimi, tuprog‘i va foydalanishga yaroqsiz holatga kelib ulgurgan “drenaj” tizimi uskunalari olib tashlandi. So‘ng bir metr balandlikda yangi tuproq to‘kib chiqildi. Shu tariqa asli chuqurlikda joylashgan maydon bir metr balandlikka ko‘tarildi. Ammo bu hali hammasi emas. Tuproqdan keyin maydonning “drenaj” tizimi to‘liq yangilandi hamda ikki xil o‘lchamdagi “sheben” toshlari to‘kildi. Toshlar to‘kilgach endi Chinozning mahalliy mayin qumlari “sheben”lar ustidan joy oldi. Bu o‘z-o‘zidan maydon asl holatidan deyarli ikki metr balandlikka ko‘tarilganini anglatadi. Asosiysi shuki, endi maydonda havo aylanish tizimi yaxshilanadi va o‘z-o‘zidan bu chimning rivojlanishiga ijobiy ta’sir qiladi. Qolaversa, o‘yinchilar ham uchrashuv vaqtida nafas olish muammolariga duch kelmaydi.
Bugun maydonning qayta ta’mirlash ishlari yangi bosqichga o‘tdi. Muxlislar kutayotgan yangilik: “Bunyodkor” maydoniga chim yotqizila boshlandi. “Kentuki” urug‘idan ekilib yurtimizda yetishtirilgan chim mahalliy iqlimga to‘liq mos. Bugundan boshlangan chim yotqizish ishlari tez kunlarda yakunlanadi. So‘ng chim qish faslida to‘liq parvarishlanadi. Ishqibozlarimizni xursand qiladigan yana bir yangilikni aytib o‘tmasak bo‘lmaydi. Ishchi guruhning rejasiga ko‘ra, O‘zbekiston stadionlarida ilk bor aynan “Bunyodkor”da “proshivka” tizimidan foydalaniladi. “Proshivka” tizimi nima degan savolga javob javob berib o‘tsak. Chimning tomir qismi sun’iy iplarga bog‘lab chiqiladi. Futbolchi “podkat”ni amalga oshirsa yoki darvozani ishg‘ol qilganidan so‘ng tizzasini chimga qo‘yib sirpanish bilan xursandchilik qilsa chimning joyidan ko‘chib ketishi kuzatilmaydi. Ta’kidlaganimizdek, “proshivka” tizimi O‘zbekistonning hech bir maydonida yo‘q, hatto Markaziy Osiyodagi stadionlarda ham juda kam foydalanilgan.
“Bunyodkor” stadioni foydalanishga topshirilganidan so‘ng amalga oshirilgan qayta ta’mirlash ishlarini asosan xorijlik mutaxassislar olib borgan, natijasi esa barchaga ma’lum. Shu kunlarda amalga oshirilayotgan qayta ta’mirlash ishlari mahalliy mutaxassislarga ishonib topshirilgan. Ular shu kunga qadar Qarshidagi “Markaziy”, Toshkentdagi “Jar” va Buxorodagi “Buxoro” stadionlarini hozirgi holatiga yetib kelishida mehnat qilishgan.