FIFA Jahon chempionatiga qadar, qatnashuvchi jamoalarga, eng kamida 35 ta futbolchi ro‘yxatini tuzib yuborish shartini qo‘ygan. Ro‘yxat turnirga qadar sir saqlanadi va 55 tagacha o‘yinchini o‘z ichiga olishi mumkin. Angliya terma jamoasi ham bundan mustasno emas, albatta. Garet Sautgeyt va uning hamkasblari 14 noyabrga qadar 26 ta asosiy tarkibda tushishi mumkin bo‘lgan yakuniy ro‘yxatni shakllantirishi lozim. Quyida siz bilan Angliya terma jamoasida ko‘rishingiz mumkin bo‘lgan hayratlanarli nomlarni aniqlaymiz.
Ben Uayt
25 yoshli "Arsenal" himoyachisi, o‘ziga biroz begonaroq bo‘lgan o‘ng qanotda harakat qilayotganiga qaramasdan, mavsumni ajoyib tarzda o‘tkazmoqda. U markaziy himoyani ham yaxshi eplaydi. Sautgeyt uni 2021 yilda o‘tkazilgan Yevropa chempionatida tarkibga jalb qilgandi. Ayni damda "Uch Sherlar" o‘ng qanotda muammolarga ega. Uayt esa bu kamchilikni yopib berishi mumkin.
Jeyms Meddison
Yaqin paytlarda Meddison borasida ko‘plab munozaralar bo‘lib o‘tmoqda. 25 yoshli "Lester" yarim himoyachisini terma jamoaga loyiq deguvchilar ko‘p topilmoqda. Buni Sautgeyt e’tibordan chetda qoldirmasligi aniq. Axir Meddison mamlakatdagi eng ijodkor futbolchilardan biri.
Xarvi Elliot
Elliot "Liverpul"da porlashda davom etmoqda. Agarda terma jamoada haddan ortiq raqobat bo‘lmasa, unga ham imkoniyat berilishi mumkin. 19 yoshli yarim himoyachi 21 yoshli jamoa a’zosi sanaladi. Agarda Sautgeyt unga ehtiyoj sezsa, u holda Elliotda katta jamoada, katta turnirda debyut qilish imkoniyati tug‘iladi.
Ruben Loftus-CHik
Sautgeyt "Chelsi" yulduzini 2018 yilgi mundialga olib borgandi. Ammo Loftus-CHikning keyingi ishlari unchalik ham yurishmadi. Ammo 26 yoshli himoyachining ko‘p funksiyaliligi, unga Jahon chempionatida qatnashish imkonini taqdim etishi mumkin.
Kallum Xadson-Odoi
Bir paytlar ko‘pchilik uni Angliyaning kelajagi deb atagan. Ammo Kallum, bu ishonchni oqlay olmadi. 21 yoshli hujumchi ayni damda "Bayer Leverkuzen" safida harakat qilmoqda. "Chelsi" tarbiyalanuvchisi yaqin bir oyda o‘zini ko‘rsata olsa, Jahon chempionatiga borish imkoniga ega bo‘lishi mumkin.
Uan-Bissaka
Angliyaning o‘ng qanotdagi jarohat bilan bog‘liq muammolari, Uan-Bissakaning chaqiruv olishiga olib kelishi, ehtimoldan holi emas. Ammo buning uchun, eng avvalo, u "MYU"da asosiy jamoaga jalb qilinishi kerak bo‘ladi. Uoker hamda Jeyms o‘rnini bosish esa oson ish emas.
Eberechi Eze
"Kristal Pelas" futbolchisi bu mavsumda mahsuldor o‘yin namoyish etmoqda. 24 yoshli Eze bu mavsumda APL doirasidagi bahslarda 2 ta gol va shuncha assist muallifiga aylangan. U bir necha oy ilgari jiddiy jarohat olgandi. Ammo hozir Eze bilan hammasi joyida va Angliyaga yordam berishga tayyor.
Kris Smolling
32 yoshli himoyachi 2017 yildan beri terma jamoaga jalb etilmayotgandi. Sautgeyt uni tarkibga kiritmay qo‘ygan. Uning o‘rniga Stounz va Maguayrdan foydalanish, afzal deb topilgan. Ammo hozir vaziyat o‘zgardi. Smolling Sautgeytga kerak bo‘ladi.
Den Bern
Bern Sautgeytning e’tiborini o‘zining moslashuvchan o‘yini orqali torta oladi. 30 yoshli himoyachi mudofaaning istalgan chizig‘ida harakat qilishi mumkin. Uning baland bo‘yi esa Angliyaga standart vaziyatlarda asqotishi, turgan gap.
Rayan Sessenyon
22 yoshli futbolchi chap qanotda hujumkorlik baxsh eta oladigan variant sanaladi. Agarda Trippyerga biror nima bo‘lsa, u holda Sessenyon uchun chaqiruv kelishi mumkin. Ammo buning uchun Lyuk Shou yoki Ben Chilvellardan biri, jarohat olishi ham kerak bo‘ladi.
Nima bo‘lgan taqdirda ham, Angliya terma jamoasida musobaqani yutish uchun imkoniyatlar yetarlicha.
ISMATOV J.