Kirish Ro'yxatdan o'tish
23/12 00:45 Monsa 1-2 Yuventus
23/12 01:00 Betis 1-1 Rayo Valyekano
23/12 22:30 Fiorentina 1-2 Udineze
24/12 00:45 Inter 2-0 Komo

Vitaliy Levchenko: «Abror Ismoilov terma jamoaga tortadigan futbolchi»

Vitaliy Levchenko: «Abror Ismoilov terma jamoaga tortadigan futbolchi»

Baho:
+ | -

Bugungi suhbatdoshimiz - ayni kunlarda «Neftchi»ni yana ravon yo‘lga solish harakatidagi mutaxassis Vitaliy Levchenko.

Farg‘ona klubi bosh murabbiyi UYEFAning Pro lisenziyasiga ega. U tojik futboli tarbiyalanuvchisi sanalsada, faoliyati davomida asosan Ukraina klublarida to‘p surgan, shuningdek, Tojikiston milliy jamoasi sharafini himoya qilgan. 2005 yili murabbiylik faoliyatini boshlagan Levchenko hozirga qadar Ukrainaning bir qator klublari va yoshlar terma jamoasida ishladi. Keyinchalik Tojikistonga qaytgan mutaxassis ma’lum muddat mamlakat yoshlar termasini boshqardi va «Istiqlol»ni OCHL 1|8 finaliga olib chiqqani bilan nazarga tushdi.

- Vitaliy Grigoryevich, «Neftchi»ga sizni aynan kim taklif qilganini ayta olasizmi?

- Farg‘ona viloyati hokimi Xayrullo Bozorov meni «Neft­chi» bosh murabbiyi rolida ko‘rishni istayotganini ma’lum qilishgach, klubga kelib, rahbariyat bilan hamkorlik yuzasidan bafurja gaplashdik. Yakunda hammasi bir-biriga muvofiq keldi va jamoada ish boshladim.

- Boshqaruvni qo‘lgan olganingizda, «Neftchi» turnir jadvali quyi pog‘onalaridan birida edi. Qisqa vaqtda jamoani qiyin vaziyatdan qanday olib chiqdingiz?

- Murakkab holatdan chiqish uchun murabbiylar shtabi bilan hamjihatlikda astoydil ishga kirishdik. Natijani yaxshilash uchun himoya va hujumni uyg‘unlashtirish talab etilardi. Shuningdek, ishonchni qaytarish uchun futbolchilar bilan ruhiy tomondan qattiq ishladik. Natijalarga qarasak, bularni ma’lum darajada uddalaganimiz ko‘rinadi. Fursatdan foydalanib, barcha sharoitlarni yaratib berayotgan viloyat rahbariyatiga minnatdorchilik bildirishim joiz.

- Ayni payt mamlakat milliy jamoasida «Neftchi» vakillari yo‘q. Bunga munosabatingiz...

- Tushunarliki, terma jamoa libosini kiyish - har bir futbolchi uchun sharaf. Lekin hammasi avvalo, o‘yinchilarning o‘zlariga bog‘liq. Terma jamoa murabbiylari nazariga tushish uchun maydonda bor kuch bilan o‘ynash, iste’dodni namoyon etish kerak. To‘g‘ri, agar mendan so‘rashsa, O‘zbekiston milliy jamoasi murabbiylariga Abror Ismoilovni sinab ko‘rishni tavsiya qilardim. O‘ylaymanki, Abror - terma jamoa darajasidagi futbolchi.

- «Neftchi»ning hozirgi tarkibi bilan sovrinli o‘rinlar uchun kurashish mumkinmi?

- Albatta. Tarkibda mahoratli yigitlar yig‘ilishgan. Kelasi mavsum ham ularni olib qolishimiz kerak. 

- «Neftchi»ning afsonaviy murabbiyi Yuriy Sarkisyan o‘z ortidan ko‘plab sovrinlar qoldirib ketdi. Bu borada rejalaringiz qanday? 

- Yuriy Vazgenovichga hurmatim baland. Axir u Aleks Fergyuson kabi bir klubda 20 yildan ko‘p ishlagan kamdan-kam murabbiylardan biri hisoblanadi. O‘z rejalarimga kelsak, «Neftchi» bilan ham ichki, ham xalqaro musobaqalarda ko‘plab sovrinlar yutmoqchiman, albatta. 

- Farg‘ona shahridan olgan dastlabki taassurotlaringiz...

- Bu yerga birinchi marta kelganim yo‘q. O‘tgan asrning 80-yillari futbolchi sifatida kelganman. O‘sha davrlardan chinorli ko‘chalar yodimda qolgan. Hozir esa shahar yanada ko‘rkamlashib, zamonaviy qiyofaga kiribdi.

Mo‘ydinjon SOBITOV suhbatlashdi («Yangi Farg‘ona» gazetasi)

Manba: «Интерфутбол» газетаси
Kiritildi: 10:44, 31.10.2022.
O'qildi: 1820 marta.
Fikrlar: 0 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.