Tuxel "Chelsi"dan keyin qayerga g‘oyib bo‘ldi?
“Bu men aytgan eng qiyin bayonotlardan biri. Va bu kabi bayonotni men uzoq yillar davomida aytmaslikka umid qilgandim. “Chelsi”dagi faoliyatim yakunlanganidan xafaman”, deb boshlagandi Tomas Tuxel xayrlashuv maktubini.
Tomasning bayonotida kutilmagan va ta’sirli ishora bor edi: nemis mutaxassisi Tvitterga avval ikki yildan ortiq yozmagan maktubini joylashtirdi. U o‘z profilidagi parolni esladi va nihoyat "Chelsi" muxlislariga tegishtirib post joylashtirdi.
Tomas Tuxel qariyb ikki oydan beri ishsiz va uzoq vaqtdan beri undan xabar yo‘q. Keling, u qayerga g‘oyib bo‘lganini va kelajakda Tomasdan nimani kutish kerakligini ko‘rib chiqaylik.
Qayerda yashamoqda?
Buyuk Britaniyada.
Tuxelning "Chelsi" bilan birinchi shartnomasi bir yarim yilga tuzilgan edi. Murabbiy matbuot anjumanlarida uy qidirishning ma’nosi yo‘qligini tan olgandi, u Londondagi kelajagiga to‘liq ishonmagan edi. Shu bois, Tomas murabbiylar shtabi bilan London mehmonxonalaridan birida yashagan. Biroq, 2021 yilning yozida, Chempionlar ligasida g‘alaba qozonganidan so‘ng Kobxem yaqinidan uy oldi va oilasini u yerga ko‘chirdi. Tomas ikki qizini xususiy maktabga joylashtirdi.
Yevropa Ittifoqi fuqarolari ushbu qit’ada muqim yashashlari uchun iishlashi to‘g‘risida ruxsatnomaga ega bo‘lishi kerak. Tomas «Chelsi»dagi ishini yo‘qotishi bilan, vizasini yangilash imkoniyatidan mahrum bo‘ldi. Uning joriy ishi 7 dekabrda yakunlanadi.
Tuxel kuzda Hindistonga otlandi. Nima uchun?
Oktyabr oyi boshida hindistonlik “Chelsi” muxlislari Tvitterda Tomas Tuxelning suratlari bilan to‘lib ketdi. Ma’lum bo‘lishicha, nemis bu yerga tibbiy ta’til uchun kelgan.
Biroq ayrim manbalarda Tuxel ko‘p ichar ekan, unchalik ham ovqat yemaydi va u giyohvandlikdan xalos bo‘lish uchun Hindistonga ketdi degan mish-mishlar tarqaldi.
Ammo Tuxelning o‘zi bu xabarlarni rad etdi.
“Ko‘pchilik meni vegetarian deb o‘ylaydi. Aslida ham men shunday bo‘lishga juda ko‘p harakat qilaman, lekin bu har doim ham ish beravermaydi. Agar oldimda yaxshi pisa yoki bir tovoq spagetti bo‘lsa, ba’zida o‘z prinsiplarimni unutib qo‘yaman. Ammo bu kamdan-kam hollarda bo‘ladi! Agar biz “Tottenxem”ga qarshi o‘yinda g‘alaba qozonsak, men jin-tonik sotib olishim mumkin. Men pivo yoki vinoning muxlisi emasman va umuman olganda, so‘nggi yillarda spirtli ichimliklarni iste’mol qilishim deyarli nolga kamaydi", — deydi nemis mutaxassisi.
Xo‘sh, u Hindistonda nima qilyapti? Ma’lum bo‘lishicha, Tomas uzoq vaqtdan beri ayurveda terapiyasini sinab ko‘rmoqchi bo‘lgan:
“Men bunga qiziqib qoldim. Mening yordamchilarimdan biri olti yil oldin shu yerda davolangandi. U menga bu joy haqida ko‘p yaxshi narsalarni aytdi. Men har doim ayurveda tamoyillaridan xabardor bo‘lganman. Uzoq muddatli murabbiylikdan so‘ng, tanaffus qilish imkoniyati tug‘ildi va men bu yerga keldim. Tajriba ajoyib bo‘ldi. Men o‘zimni baquvvat va xotirjam his qilyapman. Men buni tana va ongni tartibga solmoqchi bo‘lgan har bir kishiga tavsiya qilaman".
Ayurveda qarishga qarshi terapiya bo‘lib, Hindiston aholisining qariyb 80 foizi undan foydalanadi. U turli xil massajlar, parhezlar, o‘simlik moylari va dori-darmonlarni (qadimgi hind kimyogarlari tomonidan ixtiro qilingan) o‘z ichiga oladi. Zamonaviy tibbiyot ayurvedani soxta fan sifatida belgilaydi.
Tuchel nimani kutmoqda?
Ijtimoiy tarmoqlarda ma’lum bo‘lishicha, 30 oktyabr kuni Tuxel Hindistonni tark etib, Londonga qaytib keldi. Unda nima qilish kerakligini hal qilish uchun bir oydan sal ko‘proq vaqt bor.
The Telegraph muxbiri Mett Louning aytishicha, Tomas Angliya terma jamoasini boshqarishga tayyor. Sautgeytning shartnomasi 2024 yilgacha mo‘ljallangan, ammo terma jamoaning so‘nggi natijalari jahon chempionatidan so‘ng Garet o‘z lavozimini tark etishi mumkinligini ko‘rsatmoqda. Tuxel 49 yoshda va u hali klub futbolida o‘zini eng yaxshi ko‘rsatishga ulgurmagan ko‘rinadi.
Eng yaqin variantlardan ikkitasi: "Bavariya" va "Real Madrid" klublaridir. Vaqti-vaqti bilan Myunxen rahbariyati Nagelsmanndan unchalik mamnun emasligi haqida mish-mishlar yuribdi.
Madrid varianti esa qiyinroq. Anchelottining klub bilan shartnomasi 2024 yilning iyuniga qadar amal qiladi. Italiyalik murabbiy "Real" bilan kelishuv tugaganidan keyin faoliyatini yakunlashni rejalashtirayotganini aytdi. Xo‘sh, Tuxel shuncha vaqt kuta oladimi?
Har holda, hozir Tomas haqiqatan ham futboldan tanaffus olishni istayapti: "Ba’zi klublar mening agentimga qo‘ng‘iroq qilishdi, lekin biz ular meni Xindistondaligimda 18 kun davomida bezovta qilmasligi bo‘yicha kelishib oldik", deydi murabbiy.
Uning qachon futbolga qaytishi hozircha noma’lum.