O‘tgan mavsum oxirida "Manchester Yunayted" o‘ziga yangi bosh murabbiy olib kelgan edi. Hozirda jamoani niderlandiyalik mutaxassis, ten Xag boshqarmoqda. Ammo u uchun hozirdan o‘rinbosar bo‘laman deydiganlar topilmoqda. Shulardan biri, "MYU" afsonasi Ueyn Runidir. Sobiq ingliz hujumchisi Angliyaga qaytdi...
Runi hozirda AQSHning "DC United" klubida faoliyat olib bormoqda. Ayni damda MLSga yakun yasalgan. Shu sabab sobiq futbolchi o‘z yurti, Angliyaga qaytib keldi. Ueyn Runi tez-tez o‘zining sevimli klubi bo‘lgan "Manchester Yunayted" bosh shtabiga tashrif buyurib turadi. Yaqinda ham u klub mashg‘ulotlar bazasida ko‘rinish bergan. Runi Karringtonga o‘z farzandlari bo‘lmish 12 yoshli Kay va 9 yoshli Kleyning akademiyadagi harakatlarini kuzatish uchun keldi.
Xabarlarga ko‘ra, Ueyn Runi, keyinchalik, jamoa ustozi Erik ten Xag bilan ham uchrashgan. Sobiq hujumchi niderlandiyalikni juda ham hurmat qilishini bot-bot takrorlaydi. Runining fikriga ko‘ra, ten Xagning xarakterida Fergyusonnikiga o‘xshash nimadir bor. Ten Xagning mashg‘ulotlar o‘tkazish uslubi va futbolchilar bilan ishlashi, Fergyusonga o‘xshab ketadi.
Suhbat davomida ten Xag Runiga ayrim maslahatlar berib o‘tgan. Bu haqida manbada shunday yoziladi: "Ueyn hali-hamon o‘rganish bosqichida. U ten Xagdan ham kerakli maslahatlarni qabul qildi. Bir kun kelib Runi Erikning o‘rnini egallash uchun eng asosiy da’vogarga aylanadi".
Futbolchining o‘zi ham buni inkor etmaydi, albatta.
Ueyn Runiga, avvalroq, "Everton"ni boshqarish taklifi bilan murojaat qilishgan. Ammo u bu taklifni rad etib, "MYU"ga qaytishni afzal ko‘rgan. Runining o‘zi bu borada shunday degandi: "Men murabbiyga aylandim va bunga asosiy sabab "Manchester Yunayted"dir. Menga "Everton"dan ish taklif qilishdi. Ammo men buni qabul qila olmayman. Chunki men faqatgina "MYU" murabbiyi bo‘lishni istayman. Ha, bunga hozir tayyor emasdirman. Ammo bir kun kelib bu sodir bo‘ladi. Buning uchun mashaqqatlarni yengib o‘tishga tayyorman!".
Runini "MYU" bilan ko‘p omillar bog‘lab turadi. Shulardan biri, uning o‘g‘illaridir. Futbolchining to‘ng‘ich farzandi Kay yaqindagina klub akademiyasida yangi bitimga imzo chekdi. Kay ham hujumchi va hozirga qadar 12 yoshlilar jamoasida 56 ta gol urishga erishgan. U Krishtianu Ronalduning o‘g‘li, kichik Ronaldu bilan bir jamoada harakat qiladi. Kayning "MYU" akademiyasiga qo‘shilishi haqida Runi shunday degandi: "Unda boshqa ko‘plab variantlar bor edi. Ammo Kayning o‘zi shu jamoani tanladi. Men ham unga qarshilik qilmadim. O‘ylaymanki, hammasi yaxshilikka bo‘ladi".
Ueyn Runi "MYU"ning barcha davrlardagi to‘purari sanaladi. U 559 bahsda 253 ta golga mualliflik qilgan. Futbolchi mankunianliklar safida 13 yil harakat qilib, 5 bor APL, 1 marta mamlakat kubogi, 3 marotaba liga kubogi, YECHL hamda YEL bosh sovrinlarini qo‘lga kiritgan. Mana shunday afsona yaqin kelajakda o‘zining sevimli jamoasiga qaytishi mumkin...
ISMATOV J.