C guruhidagi jamoalar ham bugundan boshlab kurashga kirdi. Guruhning ilk qarama-qarshiligi Argentina va Saudiya Arabistoni o‘rtasida kechdi. O‘yinning yakuni va natijasidan esa hammaning xabari bor. Ayni damda osiyoliklar guruhda peshqadamlikni o‘z qo‘liga oldi...
Saudiya Arabistoni uchun bu natija tarixiy ahamiyat kasb etadi. Chunki ular turnirning favorit jamoalaridan birini mag‘lub etishdi. Qatar bilan birga butun dunyo jumbushga kelgan bo‘lsa, ajab emas. 10 daqiqa ichida o‘z darvozasidan gol o‘tkazgan arablarga birinchi taym davomida yangi texnologiyalarning yordami tegdi. Naq, uch marta Argentinaning urgan gollari offsayd tufayli bekor qilindi. Qumli o‘lka egalari ikkinchi bo‘limga katta ishtiyoq bilan chiqishdi va ko‘p o‘tmay ikkita gol bilan hammasini o‘zgartirib yuborishdi.
Bu bahsda eng achinarli ahvolga tushgan futbolchi bu Messi edi. U 10 daqiqada "Yuventus" futbolchisi Leandro Paredes tomonidan ishlangan penaltini golga aylantirdi. Ushbu gol tarixga Messining terma jamoa safidagi 92 goli bo‘lib kirdi. U 162 ta o‘yinda bu natijaga erishgan. Ammo...
Ammo Messi va Lautaro Martines hamkorligidagi 3 ta gol arzimagan, kichik offsaydlar sababli hisobga olinmadi. Texnologiya Messi jamoasiga pand berdi: ultra-sezgir sensorlar argentinaliklarning g‘alabali yo‘liga haqiqiy g‘ov bo‘ldi. Shunday qilib, Argentinaning 36 ta o‘yindan iborat mag‘lubiyatsiz seriyasiga shu yerda yakun yasaldi.
Saudiya Arabistoni ustozi Erve Renar mundialga "marojni yeb ketish uchun" kelmaganini qayta-qayta ta’kidlagan edi. O‘yinda esa uning shogirdlari buni isbotlab berdi. Ikkinchi bo‘lim boshlanganidan uch daqiqa o‘tib, arablar hujumchisi Solih ash- Shehri raqib jarima maydonchasi ichida paydo bo‘ldi. Unga qarshi chiqqan "Tottenxem" himoyachisi Kristian Romero "podkat" ijro etishda xatoga yo‘l qo‘ydi. Ajoyib gol urildi.
Oradan ko‘p o‘tmay Argentina himoyasi o‘ziga kelmagani ayon bo‘ldi. Saudiyaliklar futbolchisi Salim Al-Dosari to‘pni egallab oldi va chap qanotdan jarima maydonchasiga yorib kirdi. 180 darajaga burilib olish orqali, u raqibning uch himoyachisini dog‘da qoldirdi va zarba yo‘lladi. Bu to‘pni qaytarishga "Aston Villa" posboni Emi Martines ojiz edi.
Saudiya Arabistoni FIFA reytingida 51 o‘rinni band etgan. Ular atigi bir marta, 1994 yilda guruh bahslarini muvaffaqiyatli yakunlagan xolos. Ammo bugun bu jamoa o‘ta murakkab, ammo uddalasa bo‘ladigan ishni bajarishdi. Bu natija Osiyo futbolining ham g‘alabasidir. ISMATOV J.