Fransiya terma jamoasi va Myunxenning “Bavariya” klubi himoyachisi Lyuka Ernandes Insbruk shahrida tizzasidan muvaffaqiyatli operasiya qilindi.
"Bayern & Germany" tvitter akkaunti xabariga ko‘ra, 26 yoshli futbolchi jarrohlik amaliyotidan o‘tgan va yaqin kunlarda Myunxenda reabilitasiya boshlanadi. Qayta tiklash muddati e’lon qilinmagan.
Eslatib o‘tamiz, Ernandes JCH-2022 doirasida Avstraliyaga (4:1) qarshi o‘yinning 13-daqiqasida jarohat olgan edi. Keyinchalik ma’lum bo‘lishicha, himoyachining o‘ng tizzasining oldingi xoch bog‘lami yorilib ketgan va u bundan buyon Qatardagi turnirda ishtirok etmaydi.