The Athletic nashri tarqatgan xabarga asoslansak, «Liverpul» sport direktori lavozimidan ketishini ma’lum qilib ulgurgan Julian Uord o‘rnini germaniyalik Sven Mislinstat egallaydi katta ehtimol.
Ushbu mutaxassis «Shtutgart»da ish boshlashidan oldin Dortmund «Borussiya»si va «Arsenal»da samarali faoliyat olib borish asnosida tanilgandi. Sven Mislinstat kashf etgan futbolchilar ro‘yxati ancha uzun: Robert Levandovski, Shinji Kagava, Ilkay Gyundogan... U shuningdek, 2018 yili «Arsenal»ni Pyer-Emerik Obameyang transferi uchun 64 million yevro ajratishga ko‘ndirgan. Xo‘sh, «Liverpul»ning bo‘lajak sport direktori o‘z faoliyatidagi eng katta ishlarni qanday amalga oshirgandi?
«Serezo Osaka» (Yaponiya)dan Shinji Kagava transferi. Dortmund «Borussiya»si 2010 yili Sven Mislinstatning oqilona ish tutishi natijasida Yaponiya futbolida chaqnagan eng iqtidorli yigitlardan birini mutlaqo tekinga oldi. Shinji Kagava shu tariqa 2 yil davomida Yurgen Klopp boshqargan ajoyib ansambl yetakchilari qatorida samarali to‘p surdi. «Borussiya» shundan so‘ng yapon yigitini «MYU»ga qo‘yib yubordi, albatta, tekinga emas, 16 million yevro evaziga.
«Lex» (Polsha)dan Robert Levandovski transferi. Aslida Robert Levandovski boshidayoq bir qator klublar e’tiboriga tushgandi. Ayrim jamoalar polyak transferi masalasida tavvakkal ish ko‘rishga ham tayyor turgandi. Xullas, Robert 2010 yilning yozida «Blekbern» bilan shartnoma imzolashga yaqin kelgandi, biroq ob-havo sharoiti tufayli belgilangan vaqtda Angliya klubi qarorgohiga borolmaydi. Shundan so‘ng Mislinstat tashabbusni qo‘lga olib, «Borussiya» rahbariyatini bo‘lajak Levagolni xarid qilishga undaydi. Qisqasi, germaniyaliklar Polsha klubiga atigi 5 million yevro to‘lashadi va klubning yangi tarixidagi eng kuchli futbolchiga ega bo‘lishadi. Buning samarasi: Bundesligadagi ikki chempionlik va CHL finali.
«Nyurnberg» (Germaniya)dan Ilkay Gyundogan transferi. Ha, bu futbolchi ham Sven Mislinstat kashfiyotlaridan biri hisoblanadi. Dortmundliklar 2011 yili aynan uning qistovi bilan o‘rtamiyona «Nyurnberg»da endi-endi ko‘zga tashlana boshlagan Ilkay Gyundogan transferiga 5,5 million yevro to‘lashgandi. Germaniyalik turk keyingi 5 yil davomida «Borussiya»da yetuk futbolchi sifatida shakllandi va «Manchester Siti»ga yo‘l oldi - 27 million yevro evaziga.
Sven Milsinstatning eng katta transferi - bu Pyer-Emerik Obameyang. Arsen Venger va «Arsenal» rahbariyatini gabonlik hujumchi uchun 64 million yevro to‘lashga aynan Sven ko‘ndirgan edi. Chunonchi, Mislinstat Dortmundda porlagan Obameyangni shaxsan tanirdi. Aytish kerak, «Arsenal»ning bu transferi o‘zini to‘la oqladi, garchi gabonlik Londondagi faoliyatining yakuniy qismida turli muammolarga o‘ralashib qolgan bo‘lsada. Lekin fakt faktligicha qoladi - Pyer-Emerik «kanonirlar» safidagi 163ta o‘yinda 92ta gol urdi.
A.ABDUVALIXO‘JAYEV tayyorladi