Kirish Ro'yxatdan o'tish
24/12 00:45 Inter 2-0 Komo
26/12 17:30 Manchester Siti - Everton
26/12 20:00 Bornmut - Kristal Pelas
26/12 20:00 Chelsi - Fulhem
26/12 20:00 Nyukasl - Aston Villa
26/12 20:00 Nottingem Forest - Tottenhem
26/12 20:00 Sautgempton - Vest Xem
26/12 22:30 Vulverhempton - Man. Yunayted

«Villa»ning qarg‘ishi yomon...

«Villa»ning qarg‘ishi yomon...

Baho:
+ | -

«Aston Villa» - murabbiylar uchun o‘ta xavfli jamoalardan biri.

Mana, «Liverpul» afsonasi Stiven Jerrard ham Birmingemda katta omadsizlikka yo‘liqdi. Tushunarliki, «qizillar»ning sobiq sardori yangi ish joyida yangicha «Liverpul» shakllantirishga urindi, ammo maqsadiga erisholmadi va salbiy natijalar ortidan iste’foga chiqarildi. Diqqat qiling, «Aston Villa»da bosh murabbiy vakolatini qo‘lga olgan oxirgi 6 nafar mutaxassisdan 4 nafari mavsum yakuniga yetmay turib, jamoadan ketdi yoki butunlay ishsiz qoldi. Shu murabbiylardan ayrimlarini ko‘pchilik unutib yuborishga ham ulgurdi. Quyidagi maqola shu haqda.

Pol LAMBERT  (2012-2015 yillar)

«Aston Villa» shotlandiyalik murabbiy davrida risoladagidek sarmoyaga ega bo‘lgan holda, qatorasiga 3 mavsum elitada «jon» saqlab qolish uchun kurashdi va 2015 yilga qadar bu missiyani uddaladi. Lekin jamoa o‘sha yilning fevralida turnir jadvalining 18-qatoriga tushib qoldi va g‘alabasiz seriya tufayli murabbiy iste’foga chiqarildi. 

Fakt. Lambert «Aston Villa»dan ketgach, Chempionshipda faoliyat yuritdi, keyin APLga qaytib, «Stok Siti»ni atigi 4 oy boshqardi. Xullas, shotlandiyalik mutaxassis Birmingemdan ketganidan buyon biror jamoada barqaror ishlagani yo‘q. «Villa» unga eng ko‘p vaqt bergan APLning so‘ng­gi klubidir.

Tim SHERVUD (2015 yil)

«Aston Villa» uchun tom ma’noda falokatli mavsum aynan Shervud rahbarligida boshlandi. Bu mutaxassis jamoani bor-yo‘g‘i yarim yil boshqardi. Aslida Shervud 2014|2015 yillar mavsumida «sherlar»ni elitada olib qolish vazifasini uddalagandi. Biroq yangi mavsum o‘ta omadsiz boshlandi: klub oktyabr oyidayoq jadvalda 19- pog‘onaga tushib ketdi, qatorasiga 9ta o‘yinda g‘alaba nimaligini bilmadi, kamiga ketma-ket 6ta turda mag‘lubiyatni tan oldi. Shu tariqa avval «Tottenxem», ke­yin «Aston Villa»ni 28 marta bosh murabbiy maqomida maydonga olib tushgan Tim Shervudning faoliyati nihoya­siga yetdi. 

Fakt. Shervud iste’fodan keyin 1 yil dam oldi va shundan so‘ng kamtarin «Suindon Taun» klubi sport direktori lavozimida ish boshladi. Ammo shu-shu murabbiylik so-hasiga qaytgani yo‘q.

Remi GARD  (2015-2016 yillar)

«Lion»da risoladagidek faoliyat yuritganidan keyin Birmingem klubiga taklif etilgan fransiyalik murabbiy. «Villa» aynan uning davrida o‘z tarixida ilk marta APLdan Chempionshipga tushib ketdi. Gard jamoadan ketayotgan pallada uning ke­yingi taqdiri deyarli ma’lum bo‘lib ulgurgan, lekin rasman elitada edi. Umuman, Remi Gard «Villa»ni APLda 23 marta maydonga boshlab tushdi va jamoa tarixida elitadagi eng yomon natijani qayd etdi - atigi 3ta g‘alaba.

Fakt. Fransiyalik mutaxassis Birmingem klubida atigi 5 oyga cho‘zilgan faoliyatidan ke­yin yevrofutbol bilan butunlay xayrlashib, Kanadaga yo‘l oldi. Biroq «Monreal Impekt» klubida bosh murabbiy va sport direktori lavozimlarida ishlagan vaqti ham maqtashga arziydigan natijaga erisholmadi. Shu tariqa murabbiylik faoliyatiga nuqta qo‘ya qoldi.

Roberto DI MATTEO (2016 yil)

«Chelsi» bilan CHLda g‘alaba nashidasini surgan italiyalik murabbiyning Birmingemdagi qismati Gardnikiga o‘xshash. Yagona farq shundaki, u jamoani APL emas, Chempionshipda bosh­qardi. Natijalar esa juda past. Diqqat qiling, CHL g‘olibi «Aston Villa» bilan 2 oylik hamkorlik davomida 12ta o‘yinda atigi 1ta g‘alaba qayd etdi. «Villa» tarixidagi biror bosh murabbiyning yakuniy statistikasi bu qadar past emas.

Fakt. Roberto di Matteo ham «Aston Villa»dagi omadsizlik ta’siridami, murabbiylik sohasidan butunlay chiqib ketdi. Vaholanki, u Shervud va Garddan farqli ravishda, «Villa» boshqaruvini qo‘lga olishiga qadar bir necha jamoa­larda muvaffaqiyatli faoliyat yuritgandi.

Stiv BRYUS  (2016-2018 yillar)

Tajribali mutaxassis «Aston Villa» bilan uzoq vaqt hamkorlik qildi (albatta, klub mezoniga ko‘ra), biroq ishlari aslo yurishmadi. Binobarin, Chempionshipning eng badavlat klubi faqat ikkinchi mavsum APLga ko‘tarilish uchun «pley-off» bosqichida o‘ynash huquqini qo‘lga kiritdi, shunda ham imkoniyatdan foydalanolmadi. Yangi mavsumda ham «Villa»ning omadi chopmagach, rahbariyat oktyabr oyida Bryus qo‘liga ketish chiptasini tutqazdi - iste’fo.

Fakt. Stiv Bryus - tajribali murabbiy. Deylik, u saudiyalik shayxlar sarmoyasi oqimidan avval «Nyukasl»ni binoyidek boshqarib, Chempionshipga tushib ketishdan saqlab qoldi. Biroq Stiv yaqinda Chempionship ishtirokchisi «Vest Bromvich»dan ham chetlatildi. Sababi, jamoa mavsum startida o‘ta sust qatnashib, oxirgi 20 yildagi eng past natija bilan 22-o‘ringa tushib qolgandi.

Din SMIT  (2018-2021 yillar)

Ro‘yxatga tushgan va hozir ham murabbiylik faoliyatini davom ettirayotgan yagona mutaxassis. 2021 yili «Norvich»da ish boshlagan Smit klub bilan APLdan tushib ketdi va endi qaytishga urinmoqda. 

Fakt. Din Smit «Villa»da APLga chiqish vazifasini uddalagandi. Biroq keyinchalik dunyoning eng nufuzli chempionatida jamoani talab darajasida boshqarolmadi.

--------------------------------------

Qiziq, Stiven Jerrardning keyingi taqdiri nima bo‘larkin?

D.ALIMOV tayyorladi

Manba: «Интерфутбол» газетаси
Kiritildi: 14:15, 25.12.2022.
O'qildi: 1841 marta.
Fikrlar: 0 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.