Kirish Ro'yxatdan o'tish
24/12 00:45 Inter 2-0 Komo
26/12 17:30 Manchester Siti - Everton
26/12 20:00 Bornmut - Kristal Pelas
26/12 20:00 Chelsi - Fulhem
26/12 20:00 Nyukasl - Aston Villa
26/12 20:00 Nottingem Forest - Tottenhem
26/12 20:00 Sautgempton - Vest Xem
26/12 22:30 Vulverhempton - Man. Yunayted

Kim ediyu, kim bo‘ldi?

Kim ediyu, kim bo‘ldi?

Baho:
+ | -

Qatar mundiali so‘nggi marraga yetib kelgan pallada avvalgi JCHda debyutini nishonlagan yosh futbolchilarning o‘sha turnirdagi va oxirgi musobaqadagi ishtiroklarini taqqoslash imkoniyatiga ega bo‘ldik.

Xo‘sh, debyutdan keyingi 4 yil ichida kelajagi porloq debyutantlar o‘yinida qanday o‘zgarishlar yuz berdi?

Daniel Arzani, Avstraliya terma jamoasi 
JCH-2018 debyutidagi yoshi: 19 yil, 5 oy, 18 kun
Pozisiyasi: chap qanot vingeri
O‘sha paytdagi holati: Mutaxassislarda porloq kelajakka umid uyg‘otgandi, uni Avstraliyaning bo‘lajak yulduzi sifatida e’tirof etishgandi. JCH arafasida mahalliy chempionatning «Melburn» klubida to‘p surayotgan, samarali harakatlari yo‘q emasdi. Terma jamoadagi debyutini mundial arafasida Vengriya bilan o‘rtoqlik uchrashuvida nishonlab, hatto gol urishga ulgurgandi. Daniel Rossiya mundiali guruh bosqichidagi barcha uchrashuvlarda faqat zaxiradan maydonga tushdi, samarali harakatlarni ko‘rsata olmadi. Boisi, turnirni Avstraliya atigi 2ta gol bilan yakunlagandi.

Hozir qayerda?

Mundialdan keyin Arzani «Manchester Siti»dan taklif oldi. «Shaharliklar» uni ijara o‘yinlariga mo‘ljallab xarid qilishgandi. Shu sabab «Seltik»ka yo‘l olgan vinger oktyabr oxirida ilk marta zaxiradan maydonga tushdi va ahamiyatsiz o‘yinda xochsimon bo‘g‘inidan jarohat oldi. Keyin bir yildan ko‘proq vaqtini davolanishga sarflab, 2020 yilning yanvarida safga qaytdi. Biroq endi u «Seltik» uchun keraksiz bo‘lib qolgandi: autsayder jamoaga qarshi Shotlandiya Kubogi bahsida 5 daqiqa to‘p surdi.

Danielga asosiy terma jamoadan ham joy topilmadi, uni yoshlar jamoasiga chaqirishdi. Ijara seriyasi esa «Seltik»dan «Utrext»ga, undan «Orxus»ga va Belgiyaning 2-divizioni vakili «Lommel»ga ko‘chdi. Xullas, o‘sha jarohatdan keyin avvalgi saviyasini tiklay olmadi. Hozir futbolchi Avstraliyaning «Makartur» klubida: 9ta o‘yinda 3ta gol va 3ta assistni amalga oshirgan. Yevropaning o‘rtamiyona klubiga o‘tish imkoniyati yo‘q emas. Qatarga terma jamoadan chorlov olmadi - «Makartur»dagi samarali o‘yinni ancha kech (oktyabrda) namoyish etgandi.

 
Kilian Mbappe, Fransiya terma jamoasi 
JCH-2018 debyutidagi yoshi: 19 yil, 5 oy, 27 kun
Pozisiyasi: o‘ng qanot vingeri, hujumchi
O‘sha paytdagi holati: «PSJ»dagi debyut mavsumini o‘tkazayotgan futbolchi Liga 1ning 28 uchrashuvida 13ta gol va 7ta assistni, YECHLda 4ta golni o‘z hisobiga yozib qo‘ygandi. Rossiyada Mbappe Daniya bilan nursiz (0:0) durangdan tashqari, barcha uchrashuvlarda boshlang‘ich tarkibdan joy oldi. Argentinaga qarshi bahsda dublni assist bilan bezadi. Shuningdek, finalda Xorvatiya darvozasini bir marta ishg‘ol etdi.

Hozir qayerda?

Keyingi voqealar barchaga ma’lum: bir talay rekordlar va gollar, rad etilgan «Real» taklifi. Va albatta, Qatar mundialining bosh qahramonlaridan biri!

 

Ashraf Hakimiy, Marokash terma jamoasi 
JCH-2018 debyutidagi yoshi: 19 yil, 7 oy, 11 kun
Pozisiyasi: qanot himoyachisi
O‘sha paytdagi holati: «Real»ning «doimiy zaxirasi»ga aylanishi yoki kechroq «ochilib», Karvaxal o‘rnini egallashi mumkin bo‘lgan yosh iqtidori. Hozirgi Ashrafni 4 yil avvalgisi bilan far­qi yer bilan osmon qadar. Marokash terma jamoasida u ham aynan JCH arafasida deb­yutini nishonlagan, ikkala qanotdagi ishonchli harakatlari evaziga mundial bellashuvlarida 90 daqiqa to‘liq to‘p surgandi. Lekin jamoa guruhdan chiqa olmagandi.

Hozir qayerda?

Ashraf - «PSJ» yulduzlaridan biri. Mazkur maqomga «Borussiya D.» va «Inter»da to‘plagan tajribalari evaziga erishdi. Faqat shundan keyin Parijga dadil yo‘l oldi. U o‘z salohiyatini to‘la yuzaga chiqara olgan yosh iqtidorlarga misol bo‘la oladi.

Andak afsusga sabab bo‘lishi mumkin bo‘lgan jihat - Hakimi «Real» yulduzi bo‘la olmadi. Bunga klubning pandemiya davridagi moliyaviy muammolari imkon bermadi va Ashraf «Inter»ga o‘tishga majbur bo‘ldi.

Lekin Qatarda qayd etilgan rekord maqomidagi muvaffaqiyat Marokash terma jamoa­sidagi barcha futbolchilarning xato-kamchiliklarini yuvib yubordi - Hakimi va uning ahil jamoadoshlari yuksak mahorat va kuchli iroda evaziga favoritlarni maydondan shunchaki, bosh egib emas, yig‘lab chiqib ketishga majbur etishdi.


Frensis Uzoxo, Nigeriya terma jamoasi 
JCH-2018 debyutidagi yoshi: 19 yil, 7 oy, 19 kun 
Pozisiyasi: darvozabon
O‘sha paytdagi holati: Frensis doimo milliy terma jamoada gol urish orzusi bilan ulg‘aydi. Biroq 12 yoshga chiqqanida murabbiy unga darvozabonlik kasbini taklif etdi. Chunki Uzoxoning tezligi maydon o‘yinchilari talabiga javob bermasdi. Shu tariqa yosh iqtidorning faoliyati 180 darajaga o‘zgarib, u posbonlik sirlarini o‘rganishga kirishdi. 2016|2017 yillar mavsumida Frensis Ispaniyaning «Deportivo» yoshlar jamoasiga yo‘l oldi, bir yildan keyin o‘rinbosarlar jamoasiga o‘tib, asosiy jamoa bilan La Liga doirasida 2 marta maydonga tushishga ham ulgurdi. Shu tariqa Uzoxo terma jamoa e’tiborini o‘ziga tortdi: yanvar oyida AMK turnirida hatto «zayavka»ga ham kiritilmagan darvozabon, yozda barcha raqobatchilarini ortda qoldirdi va boshlang‘ich tarkibdan mustahkam joy oldi. Frensis Rossiya mundialida guruh bosqichining barcha uchrashuvlarida maydonga tushdi, Islandiyaga qarshi bahsda o‘z darvozasi daxlsizligini ta’minladi.

Hozir qayerda?

Frensis - Qatar mundialini tomoshabin sifatida kuzatishga majbur bo‘lgan qahramonlarimizdan biri. Omadsizlikka uning saviyasi pasayib ketgani emas, Nigeriyaning mundial yo‘llanmasini qo‘lga kirita olmagani sabab bo‘ldi. Uzoxo hozir ham «Omoniya» klubida risoladagidek o‘yin ko‘rsatmoqda va yevrokubok musobaqalarida tajriba to‘plamoqda. Nihoyat, joriy mavsumda nigeriyalik posbon bolalikdagi orzusiga erishdi - suyukli jamoasi bo‘lgan «MYU»ga qarshi «Old Trafford»da maydonga tushdi. Bellashuv ayniqsa, Frensis uchun o‘ta quvonchli va muvaffaqiyatli o‘tdi: maydon egalari Uzoxo darvozasiga 34ta (!) zarba yo‘llab, atigi bitta gol urishdi. Ishonchli o‘yini evaziga muxlisu-mutaxassislar e’tofini qozongan mohir darvozabon haqida «Omoniya» bosh murabbiyi Nil Lennon o‘yindan keyin quyidagicha ta’rif berdi: «Chap yonimda o‘tirgan yigit bilan faxrlanaman... U bugun jahon miqyosidagi mohirlikni namoyish etdi!»

 

Mussa Vag, Senegal terma jamoasi 
JCH-2018 debyutidagi yoshi: 19 yil, 8 oy, 15 kun
Pozisiyasi: o‘ng qanot himoyachisi
O‘sha paytdagi holati: Mussa - JCH tufayli tanilgan futbolchilar namunasi. Mundialdan avval u Belgiyaning o‘rtamiyona klubida o‘ynagan, futbol jamoatchiligiga notanish o‘yinchi edi. Rossiyada u chinakam «portlash»ni amalga oshirib, guruh bosqichi bahslarida to‘liq ishtirok etdi.

Vag - himoyada ishonchli, hujumda samarali to‘p suradigan futbolchi. JCHda u o‘zining tezkor reydlari bilan raqiblarini shoshirib qo‘ygandi. Senegal uchun xavfli vaziyatlarni vujudga keltirish bobida faqat Sadio Mane va M~Baye Nyang undan yaxshiroq natijani qayd etishgandi. Vaholanki, ular hujumchilar, Vag esa himoyachi edi.

Hozir qayerda?

Rossiya mundialidagi yorqin ishtiroki evaziga Mussa Vag top-klublar nazariga tushdi. Yozda «Barselona» uni o‘rinbosarlar jamoasiga taklif etdi. Bir yildan so‘ng himoyachi asosiy tarkib a’zosiga aylandi. Lekin juda oz o‘yin amaliyotiga ega bo‘ldi. Oqibatda, Mussa 2019|2020 yillar mavsumining 2-davrasini «Nissa»da o‘tkazdi, nisbatan durustroq o‘ynagan bo‘lsada, baribir, o‘yin amaliyoti oz bo‘ldi. Yangi mavsumni «Paok»da boshlagan himoyachi tizzasidan jiddiy jarohat olib, bir yildan ko‘proq muddatga safdan chiqdi. Dahshatli shikastlanishdan xabar topgan «Barselona» futbolchilari senegallik kasbdoshlarini qo‘llab-quvvatlash maqsadida navbatdagi o‘yinda maxsus futbolkalarda maydonga tushdilar. Chunki bunaqa jarohatdan keyin avvalgi saviyani tiklash oson emasligini yaxshi bilishardi. Keyin noxush voqealar boshlandi. 2022|2023 yillar mavsumiga salomatligini tiklagan Mussa erkin agent maqomida Xorvatiyaning «Gorisa» klubi safidan joy oldi. Lekin shu autsayder safida ham muntazam ravishda  maydonga tusha olmayapti. Ehtimol, futbolni avvalgidek his etishi uchun, himoyachi yana bir oz sabr qilishi kerakdir. Uning yaqin kelajakda saviyasini tiklab olishiga umid qilamiz.

A.ABDUVALIXO‘JAYEV tayyorladi

Manba: «Интерфутбол» газетаси
Kiritildi: 18:09, 27.12.2022.
O'qildi: 3180 marta.
Fikrlar: 0 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.