Kirish Ro'yxatdan o'tish
26/12 17:30 Manchester Siti - Everton
26/12 20:00 Bornmut - Kristal Pelas
26/12 20:00 Chelsi - Fulhem
26/12 20:00 Nyukasl - Aston Villa
26/12 20:00 Nottingem Forest - Tottenhem
26/12 20:00 Sautgempton - Vest Xem
26/12 22:30 Vulverhempton - Man. Yunayted
27/12 01:00 Liverpul - Lester

E’tiborsiz qolmaydigan fazilat

E’tiborsiz qolmaydigan fazilat

Baho:
+ | -

2015 yilning 12 noyabrida «Bazel» va «Grassxopper» Shveysariya chempionatida o‘zaro kuch sinashishgan, o‘yinning 86-daqiqasida «Bazel» 2:3 hisobida imkoniyatni boy berayotgandi.

 Aynan shu lahzada jamoa burchak zarbasini amalga oshirish huquqiga ega bo‘ldi. Biroq shu payt «Bazel» hujumchisi hakamga yaqinlashib, burchak to‘pini tepmasligini, chunki to‘p uning oyog‘iga tegib, maydonni tark etganligini aytdi. U - 18 yoshli Brel Embolo edi, «Bazel» esa mag‘lubiyatni tan olgandi.

7 yildan keyin Brel yana bir insoniylik fazilatini namoyish etdi - Kamerun darvozasiga urgan golini nishonlamadi. Chunki u aynan shu yurt­da dunyoga kelgandi.

Embolo - Shveysariya terma jamoasidagi yagona xorijlik emas - tarkibdagi deyarli barcha o‘yinchilar - migrantlar avlodlari, hatto bosh murabbiy Murot Yaqin ham turk o‘g‘loni

Shveysariya o‘z tarixida bir qator immigrasiya jarayonlarini boshdan kechirdi. 50-yillarda bu jajji, boy mamlakatga ishlash uchun italiyaliklar, ispanlar va portugallar kelishdi, 80 va 90-yillarda urushdan qochgan yugoslavlar, 2000-yillarda Afrika, Osiyo va YEI davlatlaridan muhojirlar kelishdi. Hozirda mamlakat aholisining 25 foizi xorijliklar. Terma jamoada avlodlari shveysariyalik bo‘lmagan o‘yinchilar ko‘pchilikni tashkil etadilar.

2010 yil JCHda Ispaniyani turkiyalik migrantlar - Inler, Derdiyok, Yaqinlar va italiyalik Barnetta, Benalyolar zuryodlari mahv etgandilar. 2018 yilda Serbiyadan makedoniyalik Jamoili, xorvatiyalik Gavranovich, bosniyalik Seferovich, kosovolik Bahromi, Jaka va Shakirilar ustun kelishgandi. Qatarda Kamerun kamerunlik Embolo va nigeriyalik Akanji, senegallik Sou avlodlaridan yengildi.

Mazkur internasionalizm tufayli Shveysariya bir necha qismga bo‘lingan. Mamlakat janubida italyan, g‘arbda fransuz, shimol va sharqda nemis tilida so‘zlashadilar. Embolo fransuz tilida muloqot qiladi. Boisi, u Kamerun poytaxtida tug‘ilib, 5 yoshgacha yashagan. Keyin onasi bilan Fransiyaga yo‘l olgan, u yerda onasi shveysariyalik yigit bilan tanishgan va shu mamlakat fuqaroligini qabul qilgandi.

«Men hozir ham Kamerunni ko‘nglimga yaqin ko‘raman. Oilamizning asosiy qismi o‘sha yerda, aloqamiz uzilib qolmasligi uchun, 1 , 2 yilda u yerga borib turaman. Kamerunga borganimda, bolalik xotiralari jonlanadi. Otam hanuzgacha Yaundeda, shunday ekan, men vatanim bilan birgaman», - degandi hujumchi.

17 yoshida Brelni Kamerunga chaqirishdi, ammo u Shveysariyani tanladi. Faoliyati uchun Yevropa qulayroq edi: «Ikkala terma jamoadan taklif oldim, lekin 2ta jamoada o‘ynash mumkin emas. Bu yoshda tanlash oson bo‘lmagani bois, qarorni bir necha oyga kechiktirdim. Keyin 1 to‘xtamga keldim. Qarorimdan oila a’zolarimiz ham, o‘zim ham mamnunman. Shu bilan birga, ko‘proq Kamerunga muxlislik qilaman. JCHdagi uchrashuv biz uchun muhim ahamiyatga ega. Kuchli ehtiroslarga duch kelishimni bilardim. Hammasi durang bilan tugasa, yaxshi bo‘lardi. quvonchdan osmonga sakramayman, albatta. Lekin quvonishim aniq».

Vatan bilan yaqin aloqada bo‘lsada, Embolo o‘zini 100 foizga kamerunlik hisoblamaydi. Axir 20 yil Shveysariya tuzini yedi. «Shveysariya muhitiga moslashish oson kechmagan bo‘lsada, men buni uddaladim, deb o‘ylayman. Hozir o‘zimni 60-70 foizga shveysariyalik, deb hisoblayman. Bu yerda bolalik davrim baxtiyor o‘tdi, ko‘plab do‘stlarga ega bo‘ldim, hamma stadionga mashinalarda qatnasa, men 36-avtobusda borardim (O‘sha avtobus sharafiga 36-raqamda o‘ynaydi)», - deydi hujumchi. Shuningdek, u Murot Yaqinni tez-tez tilga olib, «Bazel»da imkoniyat bergan ustozi sifatida hurmat qiladi:

«Yaqin doimo mendan ko‘p narsa kutadi. O‘rtamizda mustahkam aloqa mavjud, tez-tez maslahatlashib turamiz».

Umuman, Shveysariyada Yaqin yuksak nufuzga ega. Ha, unda ozgina manmanlik bor, ammo tabiatan ochiqko‘ngil shaxs. U avvalgi bosh murabbiy Vladimir Petkovichdan keskin farq qiladi.

Kamerun darvozasiga urgan goli g‘alaba keltirganidan Embolo hatto afsuslandi ham. U kamerunliklar tomon yo‘l olib, Nsame va bosh murabbiy Rigober Songdan uzr so‘radi

Yaqin esa uchrashuv arafasidagi sanoqli daqiqalarni zaxira o‘rindig‘i yoki texnik hududda o‘tkazmay, shveysariyalik muxlislar sektoriga yo‘l oldi va ular bilan salomlashib oldi. Umuman, o‘sha kuni stadionda bo‘sh o‘rindiqlar anchagina edi. Jumladan, kamerunlik muxlislar ham nisbatan ozroq bo‘lsalarda, ularning do‘mbiralari sira to‘xtamadi. O‘z mablag‘i evaziga Kamerundan Qatarga yetib kelish oson emas. Buni bafusamlik Mvele Matining so‘zlaridan bilib olish mumkin: «Bu yerga yetib kelish uchun 4,5 mln. frank (7000 dollar) sarfladim. Biroq men federal sudya lavozimida ishlayman, mablag‘im yetarli. qatar , men uchun 3, mundial. 1998 yilda Fransiyada, 2010 yilda JARda bo‘lganman. Ukalarim Rossiyada tahsil olishgan. Biri - farmasevt, ikkinchisi - ginekolog. Uning rafiqasi - rus, ismi Nadya, Bafusamdagi dorixonada ishlaydi. Kamerunliklar futbolni sevishadi. Bizda Rossiya chempionati namoyish etiladi. To‘g‘ri, yozib olingan tarzda va doimo emas. Terma jamoamizga 1972 yildan beri muxlisman. Roje Millani havaskorlar jamoasidagi o‘yinlaridan beri bilaman. U - daho. Valeriy Nepomnyashiyni eslamaslik adolatdan emas. 1990 yilda u terma jamoamiz bilan eng yaxshi natijani qayd etgan. Hozir bircha muxlislar Shupo-Moting, Zambo-Angissa va Onananing ashaddiy ishqibozlari».

Do‘mbiralar ovozini inobatga olmaganda, o‘yinning 1-bo‘limi nisbatan osuda o‘tdi. Biroq tanaffusdan keyin shveysariyalik Embolo tug‘ilib-o‘sgan yurti terma jamoasi darvozasini ishg‘ol etdi va qo‘lini ko‘tardi. Aftidan, u gol urganiga afsuslangandek edi. Lekin shu gol o‘yin taqdirini hal qildi. Taajjubki, bunga qadar Shveysariya golga tortadigan vaziyatga ega bo‘lmagan, Kamerun esa 1-bo‘limda qulay imkoniyatlardan foydalana olmagandi.

Uchrashuvdan keyin Embolo tabriklarni qabul qilgach, kamerunlik do‘stlari tomon yo‘l oldi. U Jan-Pyer Nsameni quchib, yelkasiga boshini qo‘ygan holda uzr so‘radi. Keyin Rigober Song bilan uzoq suhbatlashdi.

Murot Yaqin esa yana shveysariyalik muxlislar tomon yurdi va hatto jamoa maydonni tark etganida ham qizg‘in suhbatda bo‘ldi.

«Embolo mening do‘stim. Taqdirimiz juda o‘xshash, u Shveysariyada o‘ynaydigan kamerunlik, men esa qisman shveysariyalikman, ammo Kamerunda to‘p suraman. Men uni goli va undan keyingi harakati uchun tabrikladim. Uning o‘rnida bo‘lganimda, men ham shunday qilardim. Uning maydondagi chin insoniy harakati futbolda nafaqat jismoniy, balki odob-axloq ham muhimligini anglatadi. Brel o‘zining katta o‘yinchi ekanligini isbotladi», - dedi Nsame o‘yindan keyin.

Embolo esa hech narsa demadi. Ikki soatdan keyin u instagram orqali muxlislar tabriklarini qabul qildi: qo‘llari ko‘tarilgan holatdagi surati, «Hurmat», «Erkak» va «Chin halollik» iboralari.

Xullas, insoniylik - hech kimni befarq qoldirmaydigan fazilat!

SODIQ SOBIR tayyorladi

Manba: «Интерфутбол» газетаси
Kiritildi: 23:23, 27.12.2022.
O'qildi: 559 marta.
Fikrlar: 0 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.