Kirish Ro'yxatdan o'tish
22/12 00:45 Lechche 1-2 Lasio
22/12 01:00 Barselona 1-2 Atletiko
22/12 16:30 Roma 5-0 Parma
22/12 18:00 Valensiya 2-2 Alaves
22/12 19:00 Fulhem 0-0 Sautgempton
22/12 19:00 Lester 0-3 Vulverhempton
22/12 19:00 Man. Yunayted 0-3 Bornmut
22/12 19:00 Everton 0-0 Chelsi
22/12 19:00 Venetsiya 2-1 Kalyari
22/12 20:15 Real Madrid 4-2 Sevilya
22/12 21:30 Tottenhem 3-6 Liverpul
22/12 22:00 Atalanta 3-2 Empoli
22/12 22:30 Leganes 2-5 Vilyarreal
22/12 22:30 Las-Palmas 1-0 Espanyol
23/12 00:45 Monsa 1-2 Yuventus
23/12 01:00 Betis 1-1 Rayo Valyekano
23/12 22:30 Fiorentina - Udineze
24/12 00:45 Inter - Komo

Xorvatiyaning omad farishtasi

Xorvatiyaning omad farishtasi

Baho:
+ | -

2018 yilda Xorvatiya terma jamoasi nafaqat finalga chiqqani, Modrichning yorqin o‘yini, balki hech kimning xayoliga ham kelmagan yirik mansabdor muxlisasi bilan ham xotiradan abadiy joy olgandi

 To‘rt yil avval final uchrashuviga mamlakat prezidenti Kolinda Grabar-Kitarovich shaxsan tashrif buyurgan va jamoani ashaddiy muxlislardek qo‘llab-quvvatlagandi. Ma’lum bo‘lishicha, Xorvatiya uchun bu o‘ta kamyob voqea emas - terma jamoadagi yuksak lavozimlardan birida 51 yoshli Iva Olivari mehnat qiladi. 30 yillik faoliyatida u Zvonimir Boban va Davor Shukerdek afsonalarga duch kelgan, Luka Modrichni esa 15 yoshli chog‘idan biladi.

Olivari va yana bir boshqa ayol Xorvatiya FF tashkil etilgan kundan boshlab ishlaganlar

Ivaning yoshlik yillariga oid ma’lumotlar ko‘p emas. U katta tennis bilan samarali shug‘ullangan: 14 yoshlilar toifasida mamlakat chempioni bo‘lgan, Germaniyadagi turnirda Shteffi Graf (keyinchalik Olimpiada sovrindori va «Katta Dubulg‘a» sovrini sohibasi) ustidan g‘alaba qozongan. Shu ketishda Iva germaniyalik tennischi kabi yuksak cho‘qqilarga ko‘tarilishi mumkin edi. Biroq qo‘lidan olgan jiddiy jarohat uni raketka bilan xayrlashishga majbur etdi: «Yuksak iqtidor egasi ekanligimni ko‘pchilik e’tirof etgandi. Biroq bilagimdagi og‘ir jarohat tufayli, tennisni bir umrga tark etdim».

Keyin Iva vaqtincha yashash uchun (Yugoslaviyadagi urush tufayli bo‘lsa kerak) AQSHga uchib ketdi. 1991 yilda Xorvatiyaga qaytdi va gazeta orqali FFda bo‘sh o‘rin borligini bilgach, o‘sha yoqqa yo‘l oldi. Yangi ish joyida Olivari yana bir ayol - Ivanchisa Sudak bilan tanishdi.

Sudak FFga ikki oy avvalroq, huquqshunoslik fakultetini tamomlaganidan keyin kelgandi. U futbolga qiziqmasada, ishlashga rozi bo‘lgandi. O‘sha davrda Yugoslaviya parchalanib ketgan, mustaqil Xorvatiya sport olamidagi dastlabki tashlayotgan, ingliz va fransuz tillarini yaxshi biladigan Sudak ayni vaqtida kelgandi. Ana shu ikki ayol federasiyaning xalqaro bo‘limini tashkil etishdi.

O‘sha yili FIFA Xorvatiya FFni tan oldi. Shu tariqa bo‘limda ish qizib ketdi - ayollar xalqaro qoidalarni xorvat tiliga o‘girishdi, FIFA bilan doimiy aloqani o‘rnatishdi. Ular eski yozuv mashinkasidan foydalanishgan, keyinchalik mutasaddilar ularni oddiygina kompyuter bilan ta’minladi.

«Nihoyat, biz xato iboralarni o‘chirib tashlash imkoniyatiga ega bo‘lgan, bitta xato uchun butun bir varaqni qaytadan yozishdan forig‘ bo‘lgandik», - deya xotirlaydi Iva. 

Iva Olivari bitta ajoyib ko‘rsatkich sohibasi - u Xorvatiya terma jamoasi tarkibidagi yagona ayol

Federasiya sekin-asta qaddini rostlab, kuchayib bordi, ayollar jamoaga tobora yaqinlashdilar. 1996 yilda xorvatlar dastlabki turnirga yo‘l olishdi, Olivari va Sudak delegatlar maqomida jamoa bilan Yevro safariga otlanishdi. JCH-1998da ham shu holat kuzatildi. Darvoqe, Xorvatiya ikkala turnirda ham chorak finalga ko‘tarildi. Natijada federasiyaning, shu jumladan, ikki ayol mutaxassisning nufuzi ham oshdi.

«Bu o‘ta muhim soha, dunyoda sport bilan tenglasha oladigan diplomatiya mavjud emas. 2-3 nafar sportchi amalga oshirgan ishni 100 nafar elchi ham uddalay olmaydi», - degandi Ivanchisa Sudak.

Keyinchalik ayol mutaxassislar o‘z faoliyatlarini turli yo‘nalishlarda davom ettirishdi: Ivanchisa ofisdagi ishini davom ettirib, UYEFA top-menejeri darajasiga ko‘tarildi. Iva esa 2002 yilda maydonda ishlashga o‘tib, terma jamoaning top-menejeriga aylandi.

2012 yilda xorvat futbolida tarixiy voqea yuz berdi. Milliy FF boshqaruvi afsonaviy Davor Shuker tasarrufiga o‘tdi. Iva Davorni terma jamoadagi davridan bilardi, sobiq hujumchi esa Olivarining terma jamoa uchun qanchalik muhim ekanligidan xabardor edi. Shu bois, to‘rt yildan keyin Ivaning martabasini ko‘tardi - Olivari Yevro-2016da xorvat futbolidagi dastlabki ayol maqomida terma jamoa zaxira o‘rindig‘idan joy oldi.

Shunday unutilmas daqiqani Iva «Lujniki»dagi JCH-2018ning yarim finalida, Manjukich 109-daqiqadagi goli bilan jamoani finalga olib chiqqanida boshdan kechirgandi.

Olivari - jamoaning muhim bo‘g‘ini, futbolchilar uchun omad farishtasi

Ivaning terma jamoadagi vazifasi odatiy yugur-yugurlardan iborat: mehmonxona, parvoz, aeroportlarga kelish-ketish masalalarini hal etish. Safar uchrashuvlariga u jamoadan bir kun avval yetib boradi va barcha shart-sharoitlar bilan tanishib chiqadi. Ko‘pincha, shaharda sayr qilishga vaqt topa olmay qoladi.

Olivari jamoada yana bir muhim vazifani - futbolchilarning ishonchli sirdoshi vazifasini bajaradi. Mazkur rol o‘z-o‘zidan paydo bo‘lgan: yirik musobaqalarda ular Iva bilan birga bo‘ladilar, turli muammolarga duch kelganlarida, kim bilandir o‘rtoqlashish zarurati tug‘iladi. Olivarining fikricha, bunday paytlarda ular bilan til topishish ayollar uchun osonroq bo‘ladi.

Qiziqarli fakt - Olivari futbolchilarning bir nechta avlodi bilan hamkorlik qilgan. Shu sabab, o‘yinchilar uni turlicha qabul qilishlarini tushunib yetdi. Masalan, Boban va Shukerlar davrida u opa maqomida bo‘lsa, endi ona yoki xola. Ko‘pchilik o‘yinchilar unga Iva xola, deb murojaat qiladilar.

Quyidagi voqea Ivaning terma jamoa uchun qanchalik zarur ekanligini belgilab beradi. Modrich 9 sentyabrda tug‘ilgan. Ko‘pincha bu sana xalqaro tanaffus davriga to‘g‘ri kelgani bois, Luka bayramni terma jamoa bilan nishonlaydi. Tort, tabriklar - bularni tashkil etish Olivari zimmasida. Lekin shu yilning yozida qoida o‘zgardi. YEMLning yozdagi uchrashuvlari arafasida Iva Modrichni YECHLdagi 5-g‘alabasi bilan tabriklashga qaror qildi. Lukaning muvaffaqiyati uni juda quvontirib yuborgandi. Chunki futbolchi 15 yoshli paytidan unga tanish, urush paytida jonajon shahridan «Dinamo» akademiyasiga, u yerdan «Tottenxem» va «Real»ga qanday o‘tganini ham yaxshi biladi. Luka va jamoa qarshisida so‘zga chiqqan paytida, ayol esladi va nutqini bayon etdi: «Terma jamoaning qaysidir menejeriga Lukani shunchalik yaxshi bilish va buni uning oldida aytish imtiyozi berilishi juda qiyin. Shuningdek, qaysidir xorvatning Modrichdan ko‘proq sovrinlarga ega bo‘lishi ham». Shu nuqtada nutq to‘xtab qoldi - kuchli hayajonni jilovlay olmagan Iva yig‘lab yubordi.

Mana 30 yildirki, Iva Olivari Xorvatiya futbolida faoliyat yuritmoqda. Hamon o‘z ishi bilan bandligi va terma jamoaga muhabbatini inobatga olsak, faoliyatini yakunlash niyatidan yiroq. Lekin Olivaridagi motivasiyada o‘zgarish bor. 30 yil avval u xorvat futbolining ostonasida turgan va o‘z yurti uchun qandaydir muhim ishni amalga oshirish niyatida edi. Hozir Xorvatiya futboli o‘z yo‘lini, Iva esa yangi yo‘nalishni topib olishdi - o‘z namunasi bilan ayollarni futbolga da’vat etmoqda: «Futbol vakili bo‘lish uchun maydonda to‘p surishimiz shart emas. Biz boshqa yumushlarni bajarishimiz mumkin: tashkilotchilik, ma’murlik, futbolchilar transferi va hokazo. Futbolni rivojlantirish uchun ayollar ko‘p ishlarga qodirlar».

S.RAHMONOV tayyorladi

Manba: «Интерфутбол» газетаси
Kiritildi: 17:33, 29.12.2022.
O'qildi: 1829 marta.
Fikrlar: 0 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.