Yangi yil kelishi bilan an’anaviy tarzda qishki transfer oynasi ochiladi. 1 yanvardan klublar yangi futbolchilar bilan shartnoma imzolashlari mumkin. Futbolchilar uchun klubdagi faoliyati yaxshi bo‘lmasa, vaziyatni o‘zgartirish uchun imkoniyatdir. Qishda yuqori darajadagi transferlar kamdan-kam sodir bo‘ladi, ammo bu safar hammasi o‘zgarishi mumkin. Keleng, yanvar oyida klubini o‘zgartirishi mumkin bo‘lgan futbolchilar haqida gaplashamiz.
Milan Shkrinyar
Shkrinyarning "Inter" bilan shartnomasi joriy mavsum oxirigacha amal qiladi. Tomonlar avvalroq hamkorlikni davom ettirish istagini bildirgan, biroq hozircha kelishuvga erisha olmayapti. Katta ehtimol bilan futbolchini klub taklif qilayotgan yangi shartnoma shartlari qoniqtirmayapti. “PSJ” bundan unumli foydalanishi mumkin. Parijliklar anchadan buyon 27 yoshli markaziy himoyachini o‘z safiga qo‘shib olmoqchi edi, biroq “neradzurrilar” futbolchini sotishni qat’iyan rad etishdi. Bu safar vaziyat o‘zgarishi mumkin.
Yuri Tilemans
O‘tgan yozda Tilemans "Arsenal" futbolchisiga aylanishi mumkin edi va hozirda chempionlik uchun "Manchester Siti" bilan kurashayotgan bo‘lardi, ammo u "kanonirlar"ning istiqboliga shubha qilgan bo‘lishi mumkin. Shu bilan birga belgiyalik vaziyat qanday rivojlanishini ko‘rish uchun "Lester" bilan shartnomani uzaytirmadi. Hozirga kelib, 25 yoshli yarim himoyachi, klubida hech narsaga erisha olmasligini tushundi. “Tulkilar” o‘yinchini o‘zida saqlab qolishni istaydi, ammo bunday bo‘lishi dargumon. Tilemans "Lester"ning asosiy o‘yinchilaridan biri, ammo uni olti oy ichida tekinga yo‘qotmaslik uchun hozir sotib yuborgan ma’qul.
Yan Zommer
Zommer anchadan beri o‘zini sifatli darvozabon sifatida ko‘rsatgan. Ajablanarlisi shundaki, u so‘nggi 8 yilni Myunxengladbaxning "Borussiya"sida o‘tkazgan holda hali ham yuqori klubga o‘tgani yo‘q. Ehtimol, yanvar oyida vaziyat o‘zgaradi. 34 yoshli shveysariyalik futbolchini o‘z safiga qo‘shib olishga Premyer-liga va A Seriya klublari qiziqish bildirmoqda.O‘yinchi uchun asosiy da’vogarlar sifatida "Inter" va "Manchester Yunayted" ko‘rilmoqda. "Manchester Yunayted" David De Xea o‘rniga futbolchi qidirmoqda. “Neradzurrilar” ham darvozadan xavotirda, chunki Samir Xandanovich yozda faoliyatini yakunlashi mumkin va Andre Onana esa ularning ishonchini qozona olmadi.
N'Golo Kante
Kante "Chelsi" bilan shartnomani uzaytirish borasida kelisha olmayapti. Londonliklarning qo‘rquvini tushunsa bo‘ladi: so‘nggi yillarda fransiyalik tez-tez jarohat olib, yoshi o‘tgan sayin sog‘lig‘i yaxshilanmayapti. Lekin baribir, Kante yuqori saviyali o‘yinchi bo‘lib qolaveradi va bunday o‘yinchini tekinga qo‘yib yuborish hatto “ko‘klar” uchun ham yo‘qotish bo‘ladi. Mish-mishlarga ko‘ra, "Barselona" 31 yoshli yarim himoyachini o‘z safiga qo‘shib olmoqchi. Ammo muammo shundaki, kataloniyaliklarga hali yangi futbolchilarni ro‘yxatdan o‘tkazishga ruxsat berilmagan. Yanvar oyida vaziyat yaxshi tomonga o‘zgarishi haqiqatdan uzoq.
Memfis Depay
Ayni paytda "Barselona"ga o‘yinchilarni sotib olish taqiqlangan, ammo uni sotish mumkin. Bu borada Depayning Kataloniya klubidagi kelajagi so‘roq ostida qolmoqda. Klub hujumkor o‘yinchilarning katta tanloviga ega, shuning uchun Memfis ko‘pincha zaxira qoladi. Eng aqlli yechim bu ketishdir.
Joau Feliks
3 yil oldin "Atletiko" rekord transferni amalga oshirdi, bu hali o‘zini oqlamadi. Feliks Madrid klubiga kelganidan beri har mavsumda katta bosimga duch keldi. Balki nimanidir o‘zgartirish vaqti kelgandir, chunki 23 yoshli hujumchining o‘yin vaqti tobora kamayib bormoqda. Mish-mishlarga ko‘ra, futbolchi yanvarda klubini o‘zgartirishi mumkin. “Matraschilar” portugaliyalikni ijaraga berishga tayyor. Ular yozda futbolchini to‘liq sotish variantini ham ko‘rib chiqishadi. Hammasi Feliksning mavsumning ikkinchi qismini qayerda va qanday o‘tkazishiga bog‘liq.
Markus Tyuram
Myunxengladbaxning “Borussiya”sining yana bir vakili yanvarda klubni tark etishi mumkin. Tyuram Bundesligada yaxshi mavsumni o‘tkazmoqda, u 15 o‘yinda 10 gol va 3 golga assistentlik qildi. Futbolchining o‘yini va muddati tugaydigan shartnomasini inobatga olsak, u yaqin vaqtlar ichida klubini o‘zgartirishini taxmin qilish mumkin. Hujumchilar ko‘p klublarga kerak. “Inter” yozda 25 yoshli hujumchini tekinga olmoqchi, ammo qishda “Borussiya” futbolchi bilan xayrlashish foydaliroq bo‘lishi haqida ma’lumotlar bor. Ko‘rinishidan, u shartnomani uzaytirishni rejalashtirmayapti.