Ronalduning intervyusi u bilan «MYU» o‘rtasidagi hamkorlik intihosini tezlashtirib yubordi.
«Manchester Siti» Xosep Gvardiola bilan manfaatli shartnomani rasmiylashtirayotgan pallada, Manchesterning qarama-qarshi hududida «MYU» muxlislari futbol afsonasi bilan xayrlashdilar - Krishtianu Ronaldu jamoani tark etdi. Hujumchi bilan klub rahbariyati va bosh murabbiy Erik ten Xag o‘rtasidagi kelishmovchilikka Krishning Talk TVga bergan intervyusi sabab bo‘ldi. «Gleyzerlar klubga g‘amxo‘rlik qilmaydilar. Ular uchun marketingdan daromad olish muhimroq, sportdagi natijalar ularni mutlaqo qiziqtirmaydi» degandi portugaliyalik afsona. Ronaldu barchaga ma’lum bo‘lgan haqiqatni bayon etdi. Biroq buning ta’siri shu qadar kuchli bo‘ldiki, nafaqat u «Old Trafford»ni tark etdi, balki klubni 17 yil boshqargan Gleyzerlar ilk bor klubni sotishga tayyor ekanliklarini aytishdi. «Biz klubga sarmoya kiritish, uni sotish yoki jamoa ishtirokidagi boshqa kelishuvlarni amalga oshirishni istagan muqobil xaridorni topish jarayonini boshladik», - deyiladi «MYU» saytidagi bayonotda.
«MYU» sohiblari Fergyuson merosini talon-taroj qildilar
O‘tgan yilning 21 avgustida «qizil iblislar» Ronalduning «Old Trafford»ga qaytganini e’lon qilishgach, 7-raqam ostidagi klub futbolkalari faqat birinchi haftada 188 mln. funt daromad keltirgandi. Biroq o‘tmish hisobiga mo‘ljallangan navbatdagi urinish xuddi Ule-Gunnar Sulsherni bosh murabbiylikka tayinlangani kabi, kutilgan daromadni bermadi. Krish «MYU» tarkibidagi dastlabki 5ta o‘yinda gollar urdi, ammo mavsum omadsiz yakunlandi - jamoa YECHL turniridan chetda qoldi.
Ronaldu jamoaning mashg‘ulotlar sharoiti va infratuzilmani tanqid qilgandi
YELda to‘p surish Krishni unchalik qiziqtirmagan va u yozda jamoadan ketishga uringandi - APLdagi eng yuqori (haftasiga 515000 funt) maosh va munosib variantning yo‘qligi uni to‘xtatib qoldi. Lekin bir-birining xohish-istagini inobatga olmaydigan hamkorlik (Ronaldu eskirib qolgan infratuzilmani tanqid qilgandi) tezda barbod bo‘lishi aniq edi. O‘z stadionini ta’mirlash va yangi mashg‘ulot markazini qurish uchun «Liverpul» yuzlab millionlarni sarflayotgan pallada, «MYU» sohiblari ser Aleks davridan qolgan merosni talon,taroj qilishdi.
«Ulkan imkoniyatlarga ega bo‘lgan nomdor klubda 15 yil ichida hech qanday o‘zgarishlar yuz bermasligini kutmagandim. Hech qanaqa modernizasiya, taraqqiyot, yangi texnologiyalarni ko‘rmadim. Bazada risoladagidek basseyn bo‘lishiga arang erishdim», - degandi Krish norozi ohangda.
Klub sohiblari esa xotirjamlik bilan jamoa ish haqi jamg‘armasini uzluksiz oshirish (joriy mavsumda 384 mln. funt) va mo‘may dividend olishni to‘xtatmadilar. Oqibatda, «MYU»ning Gleyzerlar davridagi qarzlari doimo 500-600 mln. funt atrofida bo‘ldi. Aynan shuncha mablag‘ evaziga 2005 yilda ular «MYU»ni xarid qilishgan, keyinchalik qarzni klub yelkasiga ilib qo‘yishdi.
Moliyaviy barqarorlik, obligasiyalar xaridi, klubni boshqarishdagi to‘lovlar va dividendlar tufayli «MYU»dagi kamomad Gleyzerlar davrida 1,5 mlrd.ga yetdi. O‘yinchilar xaridi uchun sarflangan mablag‘lar ko‘pincha o‘zini oqlamasdi.
«10 yillar davomida «iblislar» doimo raqobatchilarga nisbatan ko‘proq mablag‘ni taklif etishar, bu bilan badavlat ekanliklarini ko‘rsatishga intilishardi», - deydi futbol moliyasi eksperti Kiran Maguayr.
«MYU»ning sotilishi haqidagi yangilik klub kapitalizasiyasini 400 mln.ga oshirdi
Superliga loyihasining amalga oshmagani «MYU» muxlislarining Gleyzerlarga bo‘lgan nafratini oshirib yubordi. 2021 yil mayida ular ijrochi direktor Ed Vudvordning uyiga hujum qilishdi va u klubni tark etdi. «Liverpul»ga qarshi bahs arafasida muxlislar «Old Trafford»da va mehmonlar joylashgan mehmonxona yonida namoyish o‘tkazdilar.
Bu kabi norozilik namoyishlari nafaqat klub sohiblarining nufuzlari, balki «MYU»ning narxiga ham salbiy ta’sir etadi.
Jamoaning joriy mavsumda YECHLga chiqish imkoniyati oz ekanligini inobatga olsak, muxlislarning noroziligi, Ronalduning tanqidiy intervyusidan keyin klubni sotib yuborish eng maqbul variant ekanligi ayon bo‘ladi.
«Ronalduning ketishi va Gleyzerlarning qarori bir vaqtda yuz bergani bejiz emas. Gap shundaki, klub aksiyalari muntazam ravishda qimmatlashib boraveradi. Bozor esa kelajakdagi daromadlarni hisobga oladi», - degandi Maguayr.
Ekspert haq - «MYU»ning sotilishi haqidagi xabar aksiyalar qiymatini 17 foizga oshirdi. Natijada klub 400 mln. dollarga qimmatlashdi.
Amerikalik tekinxo‘rlar o‘rnini «MYU»ning muxlisi bo‘lmish britaniyalik milliarder egallashi mumkin
«MYU»dan qo‘lga ilinadigan barcha moddiy manfaatni sug‘urib olganliklarini Gleyzerlar yaxshi biladilar. Ulkan qarz, «Old Trafford», klub bazasi va boshqa inshootlar ta’miri katta mablag‘ talab etadi. Bu yoqda Superliga loyihasi barbod bo‘ldi. Qisqasi, taxminan 5 mlrd. funtga baholanayotgan paytda klubni sotish - eng to‘g‘ri qaror.
Lekin Gleyzerlar klubning bahosini bundan ortiq ko‘tara olmaydilar. Ularning bayonotiga ko‘ra, «MYU»ning muxlislar «armiya»si 1,1 mlrd.dan ko‘proq. Biroq bunga hech kim ishonmasligi aniq - «iblislar» 2013 yildan beri chempionlikka erisha olmayaptilar. Boz ustiga, ichki bozorda ular uchun jiddiy raqobatchi paydo bo‘ldi - «Liverpul» ham savdoga qo‘yildi. Bunday vaziyatda badavlat xaridor uchun ikki jamoa o‘rtasida ayovsiz kurash kechishi aniq. Shunday xaridorlarning biri - Britaniyadagi eng boy shaxs bo‘lmish Jim Retkliff. 2020 yilda u «Nissa»ni xarid qilgan, o‘tgan yili «MYU»ga og‘iz solgan, lekin Gleyzerlar taklifni rad etishgandi. Endi aynan kelishuv payti keldi. Angliyaning afsonaviy klubi amerikalik tekinxo‘rlardan xalos bo‘lib, munosib sohibga ega bo‘lishi mumkin.
MUHAMMADSODIQ tayyorladi.