Kirish Ro'yxatdan o'tish
26/12 17:30 Manchester Siti - Everton
26/12 20:00 Bornmut - Kristal Pelas
26/12 20:00 Chelsi - Fulhem
26/12 20:00 Nyukasl - Aston Villa
26/12 20:00 Nottingem Forest - Tottenhem
26/12 20:00 Sautgempton - Vest Xem
26/12 22:30 Vulverhempton - Man. Yunayted
27/12 01:00 Liverpul - Lester

Bruno Savio: «Al-Ahli»da sovrindan boshqasi haqida o‘ylash mumkin emas»

Bruno Savio: «Al-Ahli»da sovrindan boshqasi haqida o‘ylash mumkin emas»

Baho:
+ | -

Braziliya chempionati Ikkinchi divizionidan Klublar o‘rtasidagi jahon chempionatigacha - bu Bruno Savioning o‘ziga xos futbolchilik faoliyati yo‘li.

 Hozirda Misrning «Al-Ahli» klubi sharafini himoya qilayotgan braziliyalik 29 yoshli hujumchi FIFA rasmiy saytiga bergan intervyusida Klublar o‘rtasidagi JCH-2022ga katta ishonch bilan qarayotganini alohida ta’kidladi: «Amaldagi jamoam «Flamengo» va «Real» kabi raqiblarni mag‘lubiyatga uchratish salohiyatiga ega, menimcha».

- Bruno, avvaliga tabiiy savol: «Al-Ahli»ga qanday kelib qoldingiz?

- Boliviyadagi yaxshi mavsumdan so‘ng shaxsiy agentim qo‘ng‘iroq qilib, «Al-Ahli»dan aniq taklif borligini aytgach, bu variantga jiddiy qiziqib qoldim. Birinchidan, «Al-Ahli» o‘z hududida ulkan klub sanaladi. Ikkinchidan, Klublar o‘rtasidagi jahon chempionatida o‘ynash - har qanday futbolchi uchun katta orzu. Deylik, bunga qadar ushbu musobaqani faqat televizor orqali kuzatganman. Xususan, «Internacyonal» vaqtida «Barselona»ni, «Korintians» esa «Chelsi»ni qanday yengganini yaxshi eslayman. Yana klublar miqyosidagi JCHda ishtirok etgan barcha buyuk futbolchilarni bilaman. Bu turnir ayniqsa, Braziliya klublari uchun katta ahamiyat kasb etardi. O‘ylaymanki, «Al-Ahli» uchun ham xuddi shunday. Axir Afrika va AQSH yoki Osiyo va Janubiy Amerika klublari to‘qnashuvida qatnashish har kimni qiziqtirishi turgan gap. Oddiy aytganda, turnirda turli futbol maktablari va uslublarning o‘zgacha to‘qnashuvi kuzatiladi. Xullas, shularni o‘ylab, «Al-Ahli» taklifini ikkilanmasdan qabul qildim va hozir Misrda o‘ynayotganimdan bag‘oyat xursandman.

- «Al-Ahli» tarafdorlarini ko‘rgach, qanday holatga tushdingiz?

- Ha, birinchi kundan aqlimni yo‘qotayozdim. To‘g‘risi, bunga ishonish qiyin, aqlga sig‘maydi. Atigi 1 kun ichida «Ins­tagram»dagi sahifamga 100 mingdan ko‘proq kishi yozildi. Umuman, bu yerda har kuni muxlislarning iliq mehrini yaqqol his qilasiz. Tashqariga chiqsangiz, jinni bo‘lib qolishingiz hech gap emas. «Al-Ahli» muxlislar armiyasi shunchaki, super!

- Mahalliy muxlislarning yoqimtoylaridan biri - Muhammad «Afsha» Mag‘di. U haqda qanday fikrdasiz?

- Qoyilmaqom futbolchi. Mag‘di chindan ham, boshqa daraja. Xususan, maydonni ko‘rish qobiliyatini ta’riflashga til ojiz. U yana braziliyaliklarga xos fazilatlarga ega. O‘ylaymanki, ikkimizning qarashlarimiz bir xil. Maydonda allaqachon o‘zaro yaxshi tushunib harakatlana boshladik. «Afsha» jamoaga, mahalliy turmush tarziga moslashishimni ham ancha yengillashtirdi. Xususan, maydondagi yordamini qadrlayman. Umid qilamanki, hamkorligimiz hali yanada rivojlanadi va yaxshi munosabatlarni uzoq vaqt saqlab qolamiz.

- 1 yilcha oldin Klublar o‘rtasidagi jahon chempionatida o‘ynashingizga imkon tug‘ilishi mumkinligini o‘ylaganmidingiz?

- Hamisha yirik turnirlarda qatnashish orzusi bilan yashaganman va bunga ishonganman ham. To‘g‘ri, 1 yil oldin Misrda bo‘lib qolish xayolimga ham kelmagani rost. Axir Braziliya «V» seriyasida o‘ynardim, endi esa Klublar o‘rtasidagi JCH arafasida turibman - bunaqasini aqlga sig‘dirish qiyin. 

- «Al-Ahli»ning turnirdagi birinchi o‘yini «Oklend»ga qarshi kechadi. Raqib bilan tanishib chiqding­larmi?

- Hozircha vaqt bo‘lgani yo‘q, lekin «Oklend»ning avvalgi mavsum biror o‘yinda yutqazmaganini bilamiz. Futbolda qanday chempionat bo‘lmasin, butun mavsum davomida mag‘lubiyatga uchramaslik - alohida natija. Yana shunisi aniqqi, oddiy klub Klublar o‘rtasidagi JCHga chiqmaydi. Shunday ekan, «Oklend»ga jiddiy yondashish talab etiladi. Albatta, birinchi o‘yinga boricha tayyorgarlik ko‘ramiz.

- O‘zi «Al-Ahli» turnirda o‘z oldiga qanday maqsad qo‘ygan?

- Shubhasiz, har bir musobaqaga chempion bo‘lish niyatida kirishamiz. «Al-Ahli»da boshqa narsa haqida o‘ylash mumkin emas. Ha, bu safargi yo‘limizda «Flamengo» va «Real» kabi katta raqiblar bor, lekin futbol o‘yini 11ga 11 shaklida boshlanadi va maydonda qaysi tomon yaxshiroq o‘ynasa, o‘sha g‘alaba qozonadi. Ha, bo‘lajak raqiblarimizni mag‘lub etish qiyin, lekin imkonsiz emas, albatta. Musobaqaga kamtarlik bilan kirishamiz, har bir raqibga jiddiy yondashamiz, ammo maqsadimiz o‘zgarmaydi - chempionlik maqomiga erishmoqchimiz.

- «Flamengo» haqida qanday fikrdasiz?

- Butun maydon bo‘ylab tinmay hujumga o‘tadigan va ajo­yib ijrochilarga ega kuchli jamoa. «Avai»da o‘ynaganimda, bu jamoaga qarshi bahslarda qatnashgandim va uning naqadar xavfli ekanligini yaxshi bilaman. Lekin «Al-Ahli» ham o‘ziga yarasha fazilatlarga ega. Menimcha, faqat «Real» qolganlardan biroz kuchliroq - buni inkor etish noo‘rin. Axir «Madrid» tarkibida dunyoning eng sara futbolchilari bor. «Al-Ahli», «Flamengo» va boshqa ishtirokchilar esa deyarli bir xil darajada, menimcha.

- Demak, «Real» haqida alohida to‘xtalish kerak...

- Bu jamoani yaxshi ko‘raman, o‘yinlarini ko‘p tomosha qilaman. Chunki tarkibida braziliyaliklar ko‘p. «Real» - bugun dunyodagi eng yaxshi klub, shubhasiz. Birgina «Oltin to‘p»ning amaldagi sohibi Karim Benzemani aytish kifoya qiladi. Lekin futbolda strategiya, tartib-intizom kabi muhim jihatlar ham bor. O‘ylaymanki, qo‘limizdan kelganicha o‘ynasak va rejamizga amal qilsak, «Real»ni ham yenga olamiz.

- Individual miqyosda ham biror sovrindan umidvormisiz?

- Ochig‘i, avvalo, misrliklarga samimiyliklari va mehmondo‘stliklari uchun munosib javob bermoqchiman. Ularning men va oilamga nisbatan iliq munosabatlarini ta’riflashga til ojiz. O‘zimni xuddi uydagidek his qilishim uchun qo‘ldan kelganicha g‘amxo‘rlik ko‘rsatishdi. Misr­liklar uchun futbol qanchalik muhimligini yaxshi bilaman, shuning uchun «Al-Ahli»ning Klublar o‘rtasidagi JCHda qayd etadigan natijasi bilan faxrlanishlarini ta’minlashga hissa qo‘shmoqchiman. Jamoa safiga qo‘shilganimga endi bir necha oy bo‘ldi, shu qisqa vaqt davomida aql bovar qilmas ishlarni ko‘rdim. Umid qilamanki, bu faqat boshlanishi, «Al-Ahli» bilan hali ko‘plab sovrinlar yutib, klub tarixiga kirmoqchiman. Jamoaning tarixi juda boy, sov­rinlari ko‘p, tarkibida ajoyib futbolchilar o‘ynashgan. Xullas, shu boy tarixning bir qismiga aylanishni xohlayman.

KLUBLAR O‘RTASIDAGI JCH-2022: 

QUR’A NATIJALARI

2023 yilning 1 fevral kuni Marokashda boshlanadigan Klublar o‘rtasidagi jahon chempionati-2022da 7ta klub ishtirok etadi: «Real» (UYEFA nomidan), «Flamengo» (KONMEBOL), «Al-Hilol» (OFK), «Al-Ahli» (AFK), «Oklend Siti» (OkFK), «Sietl Saunders» (KONKAKAF) va «Vidad» (mezbon sifatida). «Real» (ECHL g‘olibi) va «Flamengo» (Libertadores kubogi g‘olibi) turnirga yarim finaldan kirishadi. 

Qur’a natijalari va turnir taqvimi

Saralash bosqichi. 1 fevral (chorshanba)

«Al-Ahli» (Misr) - «Oklend Siti» (Yangi Zelandiya)

Chorak final. 4 fevral (shanba)

«Sietl Saunders» (AQSH) - «Al-Ahli»|«Oklend Siti»

«Vidad» (Marokash) - «Al-Hilol» (Saudiya Arabistoni)

Yarim final

7 fevral (seshanba)

«Flamengo» (Braziliya) - «Vidad»|«Al-Hilol»

8 fevral (chorshanba)

«Sietl Saunders»|«Al-Ahli»|«Oklend Siti» - «Real»

11 fevral (shanba)

3-o‘rin uchun 

11 fevral 

Final

MUHAMMADXON tayyorladi

Manba: «Интерфутбол» газетаси
Kiritildi: 23:13, 20.01.2023.
O'qildi: 979 marta.
Fikrlar: 0 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.