Kirish Ro'yxatdan o'tish
23/12 00:45 Monsa 1-2 Yuventus
23/12 01:00 Betis 1-1 Rayo Valyekano
23/12 22:30 Fiorentina 1-2 Udineze
24/12 00:45 Inter 2-0 Komo

Fransuz «Atalanta»si

Fransuz «Atalanta»si

Baho:
+ | -

«Lans» - «PSJ»ning mavsumdagi ilk mag‘lubiyati sababchisi. Jamoa 19-turdan keyin 44 ochko to‘plagan holda 2-o‘rinda bormoqda, gegemon bilan o‘rtadagi farq - atigi 3 ochko.

Eng qudratli fakt: Fransiya chempionatlari tarixida faqat bitta jamoa 17ta o‘yinda «Lans»dan ko‘proq ochko jamg‘argan va 2-o‘rinni egallagan. Bu 1959|1960 yillar mavsumidagi «Nim» jamoasi. Agar o‘sha davrda g‘alaba uchun berilgan 2 ochkoni 3 deb hisoblasak, «Nim» 41 ochko jamg‘argan va Raymon Kopa hamda Jyust Fonten kabi afsonalarning buyuk «Reyms»iga yeta olmagandi. Endi mavsum syurprizi yangi gegemonni taxtdan ag‘darishga urinib ko‘radi.

O‘zaro bellashuvda jamoa buni uddaladi, 1 yanvar kuni «PSJ»ni 3:1 hisobida mahv etib, fantastik seriyani davom ettirdi: mavsum boshidan beri qadrdon «Bollart-Delelis» maydonidagi 10 uchrashuvda 10ta g‘alabaga erishdi. «Arsenal» «Emireyts»da «Nyukasl» bilan nursiz durangga imzo chekkach, «Lans» top-chempionatlar vakillari orasida o‘z maydonida birorta ochko yo‘qotmagan yagona jamoaga aylandi.

Tasavvur qiling: kamtarin «Lans»ning muxlislari 5 oydan beri stadionda faqat g‘alaba gashtini surishmoqda. Xo‘p mayli, JCH davridagi pauzani hisobga olmasak, to‘rt oydan beri. Ammo bu ham - g‘aroyib ertak!

Xullas, «Lans» haqida ko‘proq ma’lumotga ega bo‘lish vaqti keldi - jamoa bunday e’tiborga arziydi.

«Lans»ni fransuzlar «Atalanta»si deyishadi. Nima uchun?

2022 yil boshida «Atalanta» bir qator o‘rtamiyona jamoalarni ilhomlantirib, futbolni o‘zgartirgani haqida hikoya qilgandik. Resept: alohida pressing, murabbiy har qanday o‘yinchidan muhimroq shaxs, 3-4-3 sxemasi, mukammal jismoniy tayyorgarlik va o‘ziga xos taktik ishlanmalar.

«Lans» hech qachon izchillik da’vo qilmagani bois, dastlabki belgi (alohida pressing) hal qiluvchi omil bo‘la olmasligi xususida bahslashish mumkin. Jamoa bu usuldan muayyan raqibga moslashishda foydalanadi va uni hududiy pressing bilan birgalikda qo‘llaydi. 

Lekin ikkilamchi belgilar - taktik sxema, jismoniy tayyorgarlik, hujumchilar rotasiyasi va qanot himoyachilarining reydlari 3 yildan beri «Lans» uslubining asosiy belgilari bo‘lib kelmoqda.

«Lans» qanday o‘ynaydi? Asosiy omil - ishonchli himoya, pozision futbol belgilari ham yo‘q emas

Dastlabki tezisda hammasi oddiy: jamoa Liga1da boshqa jamoalarga nisbatan ozroq gol o‘tkazib yuboradi (11ta), top-chempionatlar doirasida faqat «Barselona», «Yuventus» va «Nyukasl» undan yaxshiroq natijaga ega. 

Jamoaning markaziy himoya chizig‘i ajoyib uchlikdan iborat: markazni 190 sm.li Kevin Danso qo‘riqlaydi, qanotlarga 184 sm.li Fakundo Medina va 180 sm.li Jonatan Gradilar mas’ul. E’tiborlisi, Danso «ikkinchi qavat»da o‘zi va qanotdagi kasbdoshlari uchun ter to‘kadi, ular esa o‘zlarining tezkor harakatlari bilan sustkash Dansoning kamchiliklarini bartaraf etadilar.

Raqib jarima maydonchasi ostonasida Florian Sotoka va Seko Fofanalar muhim rollarni ijro etishadi. Sotoka klassik «simyog‘och»dan chiziqlararo to‘p suradigan o‘yinchiga aylandi, endi u to‘pni eng qulay vaziyatga yetkazish uchun bo‘shliqni izlaydigan jamoaning g‘oyaviy yetakchisi.

Belgilab qo‘yamiz: pozision hujum bobida «Lans» hozircha maqtashga arziydigan o‘yinni ko‘rsata olmadi. Muhimi, u shunga intilmoqda, rivojlanish bor.

Ijobiy o‘zgarishni Frank Es amalga oshirdi. U yogani yoqtiradigan halol murabbiy

«Lans» , shubhasiz, murabbiy jamoasi. U Frank Es bilan Liga1ga ko‘tarildi, 3 mavsumdan beri elitada muvaffaqiyatli to‘p surmoqda.

Bu 51 yoshli mutaxassisning dastlabki jiddiy loyihasi. Vaholanki, Es shu yil murabbiylik kasbida 20 yillik yubileyini nishonlaydi. Murabbiy 2003-2006 yillarda «Mayen» havaskorlar klubida, 2006-2012 yillarda «Renn» o‘smirlar jamoalarida ishladi. 2013,2017 yillarni «Loryan»da, 2017|2020 yillarda «Lans» o‘rinbosarlarida ishlab, 2020 yil fevralida Filipp Montanye o‘rniga asosiy jamoaga bosh murabbiy etib tayinlandi. O‘shanda jamoa Liga2dan chiqish uchun kurashayotgan edi, ammo 7ta o‘yinda bitta g‘alabaga erishgan va elitaga chiqa olmagandi.

Keyin ishlar yurishib ketdi: jamoa Es bilan qatorasiga 2ta g‘alabaga erishdi va 2-o‘ringa ko‘tarildi. Keyin pandemiya tufayli chempionat to‘xtatildi va keyinchalik 28-turdan keyingi natijalar yakuniy deb qabul qilindi. Shu tariqa «Lans» Liga1 a’zosiga aylandi. 

«Lans» o‘z tarkibidagi o‘yinchilarning fe’l-atvori, yurish-turishi va faoliyati jihatidan o‘ta rang-barang jamoa

Masalan, Seko Fofana o‘ta noyob uslub sohibi, Florian Sotoka esa ertaksimon faoliyat yo‘lini bosib o‘tgan, darvozabon Bris Samba esa to‘pni bitta qo‘li bilan tutib olishga qodir! Ishonmaysizmi? To‘g‘ri, bu o‘ta qaltis tryuk. Lekin Bris uchun emas. U hatto «PSJ»ga qarshi o‘yinda ham bu noyob iqtidorini namoyish etdi.

Fakundo Medina - xavfli provokator. Fitnachilikni u xufyona amalga oshiradi, «olqishlar»ni Diyego Kosta eshitadi. Agar argentinalik futbolchi Niderlandiyaga qarshi JCHning 1|4 finalida maydonga tushganida, raqib jamoaning kamida bitta o‘yinchisi albatta qizil kartochka olardi.

Jonatan Gradi - «maktab ko‘rmagan» himoyachi. 21 yoshida professional futbolga qadam qo‘yganida, maydondagi sustkashligi hatto Liga2 talablarini ham qoniqtirmasdi. Hozir uchqur markaziy himoyachilarning biri. 

Xullas, «Lans» a’zolari haqidagi hikoyani uzoq davom ettirish mumkin. Lekin samaradorlik borasida bosh murabbiy shogirdlaridan qolishmaydi. 2022 yil kuzida klub muhim o‘zgarishlarni amalga oshirdi: bosh direktor va sport direktori vazifalarini ado etib kelgan Floran Gizolfi «Nissa»ga o‘tib ketdi. Klub yangi mutaxassisni taklif etish o‘rniga Frank Esning vakolatini kengaytirib qo‘ya qoldi va uning shartnomasi muddatini 2027 yilga qadar uzaytirdi.

Fransiyadagilar klubdagi qo‘shimcha yumushlar Es uchun og‘irlik qilishidan xavotirdalar. Biroq murabbiy yanada ko‘tarinki kayfiyat bilan o‘z vazifasini, aniqrog‘i, vazifalarini ado etmoqda. Bu esa hatto betaraf muxlislarni ham «Lans» va uning navqiron murabbiyi faoliyatiga qiziqtirib qo‘yadi.

SODIQ SOBIR tayyorladi

Manba: «Интерфутбол» газетаси
Kiritildi: 12:30, 31.01.2023.
O'qildi: 1562 marta.
Fikrlar: 0 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.