Kirish Ro'yxatdan o'tish
26/12 17:30 Manchester Siti - Everton
26/12 20:00 Bornmut - Kristal Pelas
26/12 20:00 Chelsi - Fulhem
26/12 20:00 Nyukasl - Aston Villa
26/12 20:00 Nottingem Forest - Tottenhem
26/12 20:00 Sautgempton - Vest Xem
26/12 22:30 Vulverhempton - Man. Yunayted
27/12 01:00 Liverpul - Lester

«Spesiya» qanday klub?

«Spesiya» qanday klub?

Baho:
+ | -

Eldor Shomurodov «Roma»dan «Spesiya»­ga o‘tgach, muxlislarimizda ushbu kamtarin klubga e’tibor va qiziqish keskin oshgani - ayni haqiqat.

Shuni inobatga olsak, O‘zbekiston milliy jamoasi sardorining yangi qo‘nimgohi haqidagi batafsilroq ma’lumot ko‘pchilikni befarq qoldirmasligi tayin.

Spesiya shahri

Spesiya - Liguriya dengizi qirg‘og‘idagi shahar. Italiyaning eng yirik portlaridan biri - Genuya yonginasidagi shahar geografik jihatdan qulay joylashuvi hisobiga iqtisodiy tomondan ancha rivojlangan. Oddiy aytganda, Spesiya Italiyaning eng yirik savdo va harbiy ob’ektlaridan biridir. Deylik, bu shahar Liguriya dengizidagi harbiy sanoat va dengiz floti markazi hisoblanadi. To‘g‘ri, Spesiya hududi va aholisi soni bo‘yicha qo‘shni shaharlardan yaqqol orqada. Taqqoslash uchun aytsak, bugungi kunda Spesiya aholisi 100 mingga ham yetmaydi, Genuyada esa chamasi 600 ming kishi istiqomat qiladi. 

«Spesiya» klubi 

Shomurodovni o‘z safiga olgan «Spesiya» tarixi ancha uzun bo‘lib, klubga uzoq 1906 yili asos solingan. Spesiya - port-shahar, bu yerga (shuningdek, Genuyaga ham)  futbolni XIX asr oxirlarida ingliz dengizchilari olib kirishgan. Xullas, Spesiyada millionlar o‘yini dengiz bilan bog‘liq tomoni yo‘q shaharlardagiga nisbatan tezroq ommalashgan, rivojlangan. E’tiborli tomoni, «Spesiya» 1943/1944 yillar mavsumida Italiya yarim rasmiy chempionatida g‘olib chiqqandi. 2002 yilga kelib, Italiya futbol federasiyasi «Spesiya»ning o‘sha musobaqadagi g‘alabasini rasman tan oldi, shu tariqa jamoa libosiga chempionlik belgisi tushirildi. To‘g‘ri, u «A» seriya g‘olibi formasiga bosiladigan tamg‘adan biroz farq­lanadi. Spesiya klubining «A» seriyadagi tarixiga kelsak, u juda qisqa. Ya’ni jamoa faqat 2019/2020 yillar mavsumidan keyingina elitaga ko‘tarildi. Bungacha uzoq yillar davomida mamlakat chempionati quyi divizionlarida «izg‘idi», bir necha marta moliyaviy inqirozga yuz tutdi. Keskin o‘sish esa 2008 yildan boshlandi. Diqqat qiling, «Spesiya» atigi 4 yil ichida havaskorlar ligasidan «V» seriyaga sakragandi. Xullas, «Spesiya» uzoq tanaffusdan keyin mavsum-2012/2013da Italiya futbol tizimidagi ikkinchi raqamli ligada o‘ynadi. Jamoaning «A» seriya yo‘llanmasini qo‘lga kiritishida esa, ayni payt «Fiorentina»ni boshqarayotgan Vinchenso Italyano katta rol bajardi.

Avvalgi mavsum

«Spesiya»ni «A» seriyaga tortgan Vinchenso Italyano mavsum boshida «Fiorentina» taklifini qabul qildi. Uning debyutant klubdagi o‘rnini esa Tyago Motta egalladi. Yosh mutaxassis mavsum o‘rtalariga kelib, jamoadagi umumiy holatga ancha moslashdi va spesiyaliklar yopiq o‘yinga tayana boshlashdi. Debyutant yakunda 16-o‘rinni band etdi, ammo Tyago Motta ketishga qaror qildi. Yo‘q, uning ishiga salbiy baho berish yaramaydi, zero, yosh murabbiy turli vaziyatlarga tezda moslasha olishini isbotladi. Qisqasi, Mottaga o‘z g‘oyalarini amalga oshirishi uchun boshqacharoq tarkib zarurligi ko‘rindi.

Amaldagi bosh murabbiy

Hozirgi bosh murabbiy Luka Gotti bu sohadagi faoliyatini «Milan» akademiyasida boshlagan. Keyin «Trevizo» bosh murabbiyi lavozimiga tayinlanishiga qadar ko‘plab havaskor jamoalarda uzoq yo‘lni bosib o‘tdi. Gotti bu orada «Kalyari»da Roberto Donadoni, «Chelsi»da esa Maurisio Sarriga assis­tentlik ham qildi. Ammo Sarri bilan «Yuventus»ga yo‘l olmadi, aksincha, «Udineze»da Igor Tudor shtabiga qo‘shildi. Xorvatiyalik mutaxassis iste’foga chiqarilgach, «Udineze»ni aynan Gotti boshqardi - avvaliga vaqtincha, keyin to‘laqonli bosh murabbiy maqomida. Biroq 2021 yilning dekabr oyiga kelib, Udine jamoasi rahbariyati qoniqarsiz natijalar tufayli Luka Gottini ham ishdan bo‘shatdi. Ayni payt «Spesiya» o‘yinida barqarorlik ko‘zga tashlanmayapti va agar natijalar ijobiy tomonga o‘zgarmasa, Gotti mavsum oxirigacha klubda qolmasa kerak. U falsafa bo‘yicha vertikal futbolga moyil, ammo jamoalari ba’zan bunday o‘yinga berilib ketib, muvozanatni yo‘qotib qo‘yadi.

«Spesiya» hujumi

Kamtarin jamoa hujumchilari haqida so‘z ochilsa, avvalo, Mbala Nzola tilga olinadi. Zero, 18ta o‘yinda 9ta gol urgan futbolchi «A» seriya to‘purarlari poygasida qatnashmoqda. Nzola hozir jarohat tufayli chetda, «Spesiya» oldingi chizig‘ida esa asli qanot yoki hujum ortida o‘zlarini yaxshiroq sezadigan Gyassi, Verde, Agudello va Maldini kabi yigitlar ham to‘p surishmoqda. Darvoqe, «Spesiya» qishda Shomurodovdan tashqari, Raymonds Krollisni ham sotib oldi (transferi 1,5 million yevroga baholandi). Latviyalik futbolchi o‘tgan yili «Valmiyer» klubining 34ta o‘yinida 25ta gol urgandi. Shunga qaramay, Krollisga darhol natija beradigan hujumchi sifatida qarashmayapti. Chunki u avvaliga «A» seriya muhiti va Italiyaga ko‘nikishi zarur. Shu jihatdan Shomurodovda ustunlik bor - u Apennin yarim orolida o‘zini deyarli uyidagidek his qiladi.

Umid katta, albatta 

Ha, mavsumning ortda qolgan qismi Shomurodov uchun samarasiz o‘tdi. Axir «Roma»ning «A» seriyadagi atigi 6ta o‘yinida maydonga tushdi va gol urolmadi. YELda ham gol urganiga qaramay, xuddi mamlakat kubogida bo‘lgani kabi yetarli amaliyotga ega bo‘lmadi. Qisqasi, «Roma»dagi qayta qurish va Paulo Dibala transferi natijasida Joze Mourinyo rejalaridan tushib qolgan futbolchi aslida yozdayoq boshqa klubga yuzlansa bo‘lardi. Bunga Shomurodovning o‘zi ham qarshi emasdi, lekin «Roma» uni ijara safariga yuborishni emas, faqat to‘liq sotishni o‘yladi. Endi mavsum o‘rtasida Shoma yangi yo‘lni boshladi, boz ustiga, butkul notanish klubda. Shomurodov oldidagi missiya - «Spesiya»ga quyi divizionga tushib ketmaslik yo‘lida yordamlashish. Jamoa aynan Eldor toifasidagi hujumchiga muhtoj edi, shuning uchun Krollis transferidan keyin ham klub uni ijaraga olish bo‘yicha harakatni to‘xtatmadi.

Endi Luka Gotti «Spesiya»si hujumi bitta variant emas, turli detallarga ega. Nzola taxminan shu oy oxirida safga qaytishi kerak. Shomurodovga faqat gol ura oladigan futbolchi emas, yana maydonda katta ko‘lamda ish bajaradigan ijrochi sifatida umid bog‘lashmoqda. Nzola aynan shu tomondan maqtanolmaydi - to‘p bilan kamroq muomalada bo‘ladigan futbolchi asosan hujumlarni yakunlashga moslashgan. Nzola safga qaytgach, hujumda turli variantlar yuzaga keladi. Gotti ikki hujumchi bilan o‘ynash usuliga tayanishi ham hech gap emas. Har holda, «Spesiya» ba’zan 3-5-2 taktik chizmasidan foydalanmoqda va bu Shomurodov uchun qulay sxemadir. Ta’kidlanishicha, Gotti aynan Eldor toifasidagi hujumchi bilan ishlashni yaxshi ko‘radi - Nzola himoyachilar e’tiborini o‘ziga qaratadi, Shomurodov esa bo‘sh zonalardan foydalanadi. Yana bir variant bor - yagona hujumchi rolida tushadigan Eldorga Verde va Gyassi yordamlashadilar.

Manba: «Интерфутбол» газетаси
Kiritildi: 23:13, 15.02.2023.
O'qildi: 1135 marta.
Fikrlar: 0 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.