Kirish Ro'yxatdan o'tish
21/12 00:45 Verona 0-1 Milan
21/12 01:00 Jirona 3-0 Valyadolid
21/12 17:30 Aston Villa 2-1 Manchester Siti
21/12 18:00 Xetafe 0-1 Malyorka
21/12 19:00 Torino 0-2 Bolonya
21/12 20:00 Brentford 0-2 Nottingem Forest
21/12 20:00 Ipsvich 0-4 Nyukasl
21/12 20:00 Vest Xem 1-1 Brayton
21/12 20:15 Selta 2-0 Real Sosyedad
21/12 22:00 Jenoa 1-2 Napoli
21/12 22:30 Kristal Pelas 1-5 Arsenal
21/12 22:30 Osasuna 1-2 Atletik Bilbao
22/12 00:45 Lechche 1-2 Lasio
22/12 01:00 Barselona 1-2 Atletiko
22/12 16:30 Roma - Parma
22/12 18:00 Valensiya - Alaves
22/12 19:00 Fulhem - Sautgempton
22/12 19:00 Lester - Vulverhempton
22/12 19:00 Man. Yunayted - Bornmut
22/12 19:00 Everton - Chelsi
22/12 19:00 Venetsiya - Kalyari
22/12 20:15 Real Madrid - Sevilya
22/12 21:30 Tottenhem - Liverpul
22/12 22:00 Atalanta - Empoli
22/12 22:30 Leganes - Vilyarreal
22/12 22:30 Las-Palmas - Espanyol
23/12 00:45 Monsa - Yuventus
23/12 01:00 Betis - Rayo Valyekano
23/12 22:30 Fiorentina - Udineze

Romario: «O‘ksik xalqni quvontirish naqadar baxt...»

Romario: «O‘ksik xalqni quvontirish naqadar baxt...»

Baho:
+ | -

Braziliyalik mashhur sobiq hujumchi Romario FIFA rasmiy saytiga bergan intervyusida asosan JCH-94 voqeliklarini esga oldi.

 Mashhur «mittivoy» jumladan, AQSHga Braziliya milliy jamoasining g‘alaba qozonishiga qat’iy ishongan holda borganini ta’kidladi, penaltilar seriyasida ilk marta ixtiyoriy ravishda ishtirok etgani, Bebeto bilan qanday tandem hosil qilgani, umuman, mundial-94 eyforiyasi haqida gapirdi.

- Aytingchi, JCH-94ning aynan qaysi pallasida Braziliya termasi jahon chempioni bo‘lishiga ishonch hosil qilgansiz?

- Turnir boshlanishidan oldin! Chunonchi, o‘zim juda yaxshi holatda edim va Bebeto bilan hamkorligimiz mukammal darajaga yetgandi. Qisqasi, Braziliya termasi AQSHdan chempion maqomida qaytishiga sira shubhalangan emasdim. Deylik, jamoamiz yarim himoyasida texnik jihatdan uncha farqlanmaydigan va o‘z ishlarini juda yaxshi bajaradigan aqlli futbolchilar to‘planishgandi. Shuningdek, raqibga osongina gol urish imkonini bermaydigan himoya chizig‘i shakl­langandi. Darvozada esa shaxsiy fikrimcha, barcha davrlarning eng yaxshi kiperlaridan biri - Klaudio Taffarel turardi. Bunga qo‘shimcha tarzda zaxiramiz ham asosiy tarkibdan aslo qolishmasdi. Oddiy aytganda, jahon kubogini yutishga to‘liq ishonganim bejiz emasdi.

- Bebeto Niderlandiya termasi darvozasini nishonga olganidan keyingi unutilmas golni nishonlash sahnasi qanday yuzaga kelgandi?

- Bebeto uchun noyob lahza! Uning rafiqasi endigina farzand ko‘rgandi, shuni inobatga olsak, juda qiziqarli va ma’noli sahna ko‘rinishi bo‘ldi. Aslida Bebeto «chaqaloq tebratish»ni o‘sha sehrli lahza ta’sirida o‘ylab topgandi. Ya’ni goldan keyin birdan qo‘llari bilan «chaqaloqni tebrata» boshladi, avvaliga yonida turgan Mazinyo unga qo‘shildi, keyin men... Eng qizig‘i, uchalamiz barchasini sinxron tarzda amalga oshirdik va bu harakat yakunda o‘sha mundialning eng chiroyli lahzalaridan biriga aylandi.

- Yarim final masalasini hal qilgan yagona golni bosh bilan urgandingiz. O‘sha lahza yodingizdami?

- O, unutilmas gol! Axir bo‘yi atigi 168 santimetrga teng futbolchining bir guruh novcha shvedlar orasiga suqulib, bosh bilan gol urishi... Bunaqasi futbol uchun juda g‘ayrioddiy holat, ayniqsa, jahon chempionatidek turnirning yarim final bahsida. Jorjinyo men tomon mukammal uzatmani amalga oshirdi va Yaratganning yordami-inoya­ti bilan to‘pni boshim bilan to‘g‘ri yo‘naltira oldim. Yana bir tomoni, darvozabon zarbamga vaqtida reaksiya bildirolmadi. Bor gap shu.

- Bebeto va Romario tandemi o‘yini qoyilmaqom chiqqandi...

- Hammasi oddiy: ikkimiz 1988 yilgi Seul Olimpiadasidayoq birga o‘ynay boshlagan va bir-birimizni so‘zsiz tushunadigan darajaga yetib ulgurgandik. Braziliya termasi mashg‘ulotlarida barcha yigitlar taktika ustida ishlayotgan payt murabbiy men va Bebetoga bejiz ruxsat bermasdi. Ya’ni ikkimiz alohida shug‘ullanardik, shu asnoda o‘zaro bog‘lamni yanada takomillashtirganmiz. O‘zi Bebeto o‘yinga hamisha aql bilan yondashib, barchani hayratga solardi. Sira unutmayman, u hujumda men uchun mislsiz darajada qulayliklar yaratardi, shuning evaziga maydonda o‘zgacha zavq bilan yengil to‘p surganman.

- Bosh murabbiy Parreyraning aytishicha, u final o‘yinidan keyingi penaltilar seriyasi uchun futbolchilarni tanlaganida, ixtiyoriy ravishda o‘z nomzodingizni ilgari surgansiz.

- Shunday. Vaholanki, o‘sha paytga qadar butun faoliyatimda 1 yoki 2 martagina penalti tepgan edim. Qolaversa, tarkibda 11 metrli zarba ustida doimiy ravishda qo‘shimcha shug‘ullangan va nazariy jihatdan «nuqta»ga yaqinlashish imkoniyati katta 5 nafar ijrochi bor edi. O‘sha lahzada esa mundialda o‘zim va jamoa uchun katta ko‘lamda ish bajarganim turtki berdimi, penalti tepishga jazm etdim. Boshqacha aytganda, bu men uchun burch ekanligini his qildim. Final o‘yini penaltilar seriyasi - futbolchilar zimmasiga butun turnir davomida eng katta mas’uliyat yuklagan jarayon. Qisqasi, bundan qochish menga to‘g‘ri kelmasdi. Qolaversa, har qanday murakkablikka tayyor yetuk futbolchiga aylanganimni isbotlash vaqti kelgandi. Shu tariqa seriyaga ko‘ngilli sifatida qo‘shildim. Yakunda taqdir meni munosib mukofotladi - Parreyra jamoasining butun Braziliyaga katta shodlik ulashgan g‘alabani rasmiylashtirishiga yordam bergan gollardan birini urdim. O‘sha penalti o‘zim uchun chempionlik qiymatini bir necha marotaba oshirgani ham ayni haqiqat.

- Futbolchi markaziy doiradan penalti tepiladigan nuqtaga borishga qadar nimalarni o‘ylaydi?

- Menimcha, hammasi muayyan holatlarga bog‘liq - o‘yin va raqobat darajasi, o‘rtaga tikilgan sovrin... O‘sha lahzada bor diqqatimni bir joyga jamlaganmanki, butun hayotim davomida hech qachon bu qadar e’tiborli bo‘lgan emasman. «Nuqta»gacha taxminan 50 qadam bosdim, shu qisqa vaqt ichida miyamda barchasi charx urdi: bolaligim, ota-onam, do‘stlarim, jahon kubogining Braziliya xalqi uchun ahamiyati... To‘pni qo‘lga olib, joyiga o‘rnatganimda ham, shunday fikrlar miyamni qurshab olgandi. Oddiy to‘pning bir qismiga zarba berish bilan millatni baxtiyor qilish yoki qayg‘u ichiga solish - mislsiz javobgarlik, beqiyos mas’uliyat.

- Roberto Badjo «nuqta»dan to‘pni ko‘kka tepganidan keyingi ilk his-tuyg‘ularingiz...

- Tavsiflab berolmayman. Axir o‘z ishimni bajarganim, bundan tashqari, Braziliya termasining chempion bo‘lishi xususida bergan va’dam amalga oshgani oydinlashgandi. O‘sha mundialda faoliyatimdagi eng yaxshi natijani ko‘rsatdim va barchasiga jamoa kuchi bilan erishdim. Shubhasiz, jamoadoshlarim 100 foiz yordam berishdi. Demakki, ulardan hamon qarzdorman.

- Dunga jahon kubogini boshi uzra baland ko‘targanida, uning yonida turish qanday bo‘lgandi?

- O‘sha lahzani nima bilandir taqqoslash imkonsiz. Butun hayot uchun sehrli va abadiy esda qoladigan holat. Dunga yoki Brankoning gapi hamon esimda: «Shu yerda turinglar, kubokni birga ko‘taramiz». Barchasi so‘z bilan ifoda etib bo‘lmaydigan vaziyat. 

- Kubok kiyinish xonasiga olib kirilganida, jamoa nima qilgandi?

- Deylik, men kubok bilan 3000 martacha suratga tushdim, uni deyarli shuncha marta o‘pdim, quchoqladim. Chempionlik ko‘p kalaka va tanqidlarga yuz tutgan bizning avlod uchun tengsiz yutuq edi. 

- Braziliyaga qaytgach, jamoani ko‘chalarda qanday qarshi olishgani ham yodingizdadir...

- Braziliya ko‘chalari g‘ayratli odamlar bilan to‘lgandi. G‘alabamiz mazlum xalq uchun xuddi ochlikdan tinkasi qurigan odam qo‘liga tutqazilgan bir kosa ovqatdek bo‘lgandi. O‘sha vaqt odamlar yuzida chinakam baxtiyorlikni ko‘rdim va bu xotira butun umrim davomida miyamda qoladi.

MUHAMMADXON tayyorladi

Manba: «Интерфутбол» газетаси
Kiritildi: 07:29, 16.02.2023.
O'qildi: 2271 marta.
Fikrlar: 0 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.