Balki yozda u o‘z klubini tark etishi kerakdir.
Ansu Fati ispan futboliga yorqin tarzda kirib keldi: u ko‘plab rekordlarni o‘rnatdi va "Barselona" muxlislarini quvontirdi. 2020 yil oxirida iste’dodli forvard jiddiy jarohat oldi va o‘shandan beri avvalgi darajasiga qayta olmadi. Bu mavsumda iqtidorli futbolchi bilan nima sodir bo‘lmoqda?
17 yoshida Fati o‘nlab rekordlarni yangilashga ulgurdi va o‘zini zamonaviy futboldagi eng istiqbolli o‘yinchilardan biri sifatida ko‘rsatdi.
2019/2020 yilgi mavsumda u tarixga quyidagicha kirgan:
chempionlar ligasidagi eng yosh gol muallifi;
Kamp Noudagi eng yosh to‘purar;
"Barselona"ning eng yosh gol muallifi;
Klassikodagi eng yosh gol muallifi;
Ispaniya terma jamoasidagi eng yosh gol muallifi;
La Ligadagi eng yosh gol muallifi.
Iqtidorli futbolchining kelajagi porloq bo‘lishini bashorat qilishgan edi, ammo 2020 yilning kuzida u "Betis" bilan o‘yinda jiddiy jarohat oldi. O‘shanda Fati mavsumda 10 ta o‘yin o‘tkazib, 5 ta gol urgan va 4 ta golli uzatmani amalga oshirgan edi. Jarohatdan keyin Ansuning hayoti haqiqiy sinovga aylandi. Futbolchi operasiya qilindi, biroq keyinchalik yana qo‘shimcha jarrohlik amaliyoti talab etildi. Fati bir yilga yaqin o‘yinlarni o‘tkazib yubordi va maydonga qaytganidan so‘ng mushaklaridan jarohat oldi va yana bir necha oy davomida maydon tashqarisida qoldi.
2022 yilning boshida Fati yangi jarohat oldi. O‘sha paytda futbolchi operasiya o‘tkazmaslikka qaror qildi. Klub shifokorlari jarrohlik amaliyotini tavsiya etishdi, ammo Fati konservativ davoni tanladi. Aslida konservativ davolash operasiyadan ko‘ra tezroq bo‘lishi kerak edi, ammo barchasi teskari rivojlandi. U uzoqroq vaqtni jarohatda o‘tkazdi.
"Barsa" vakillari futbolchiga avvalgi formasiga qaytish uchun qo‘shimcha mashg‘ulotlar o‘tkazishni tavsiya qilishdi. Fevral oyidan beri Fati haftasiga ikki marta sport zaliga borib, jismoniy mashqlar bilan shug‘ullanadi. Asosiy vazifa - oldingi formara qaytish va yangi jarohatlardan himoyalanish.
Hujumchi uchun bunday mashqlar juda muhimdir. Masalan Mark-Andre ter Shtegen tizzasi bilan bog‘liq muammolardan so‘ng shunday mashqlar tufayli munosib darajaga qaytdi.
Fati hozirda "Barselona" hujumchilari orasida o‘yin amaliyotiga ega bo‘lish borasida 5-o‘rinda bormoqda. Joriy mavsumda Ansu maydonda 1339 daqiqa o‘tkazdi (oxirgi ikki o‘yinda atigi sakkiz daqiqa). Boshqa hujumchilarda esa quyidagi raqamlar bor: Robert Levandovski - 2784 daqiqa, Rafinya - 2130, Usmon Dembele - 1862, Ferran Torres - 1471.
Kam o‘yin amaliyoti sabab Fati mavsum oxirida ketishi mumkinligi haqida gap-so‘zlar eshitilmoqda. Ansu Dembele jarohat olgan bo‘lsa ham, asosiy o‘yinchilar qatoridan joy ololmayapti. "Barselona" vakillari ikki tarafga bo‘lingan: kimdir Fatini sotmoqchi, boshqalar esa ijara variantini afzal ko‘radi. Tabiiyki, futbolchining transfer qiymati ancha tushib ketgan. Uch yil avval u 80 million yevroga baholangan bo‘lsa, hozir 35 million yevroga narx tushgan.
Xavining fikricha, Fati o‘sishga va rivojlanishga qodir, ammo mavsumning muhim qismida u boshqa o‘yinchilarni afzal ko‘radi. Ansuning o‘zi ham "Barselona"da qolishni istaydi, bu haqda u bir necha bor ta’kidlagan. Futbolchi 10 yoshida ko‘chib o‘tgan Kataloniya klubida muvaffaqiyat qozonishni kutmoqda. Garchi Primeraning so‘nggi to‘qqizta o‘yinida Fati bor-yo‘g‘i ikki marta maydonga tushdi va biror marta ham to‘liq 90 daqiqa o‘yin o‘tkazmadi.
Fati 5 oydan beri chempionatda gol ura olmayapti - u oxirgi golini 2022 yilning oktyabrida kiritgan. 2023 yilda Ansu uch marta gol urdi: ikki marta Ispaniya kubogida va bir marta Superkubokda.
Ispaniya terma jamoasining yangi bosh murabbiyi Luis de la Fuente jamoa tarkibiga futbolchini kiritmagani ham ajablanarli holat emas.
Futbolchining agenti Jorje Mendesh allaqachon bozorni o‘rganmoqda va turli variantlar ustida ishlamoqda. Mundo Deportivo xabariga ko‘ra, u "Barselona"ning moliyaviy talablarini qondira oladigan Premyer-liganing ba’zi klublari bilan muzokaralar olib borgan.
AS xabariga ko‘ra, "Barsa" bu yozda to‘rt nafar futbolchi bilan xayrlashishi mumkin: himoyachi, yarim himoyachi va ikkita hujumchi. Ro‘yxatga Fati kiritilgan. Bir tomondan uning ozmi-ko‘pmi munosib pulga sotilishi klubning moliyaviy ahvolini yaxshilaydi. Boshqa tomondan, futbolchining yoshi (20 yosh) va yangi hujumchi topish qiyinligini hisobga olsak, bu klubning zarariga ishlashi mumkin.
Xavi bir oy oldin Fatini sotilmasligini aytgan edi: “Fati sotilmaydi. Ayni paytda sotilishi mumkin bo‘lgan hech kim yo‘q. Nima uchun transferlar va Ansuni sotish haqida gapirayotganimizni tushunmayapman, ayniqsa transfer bozori yopilganidan keyin. U biz uchun asosiy futbolchi. Undan umidlarim katta. U hozir va kelajak futbolchisi. U sabrli bo‘lishi kerak."
Jarohatlardan charchagan bo‘lsa-da, Fati eng yaxshi jismoniy holatda emas, bu uning o‘yin vaqtiga ta’sir qiladi. Ispaniyalik jurnalistlar barcha tomonlar uchun eng yaxshi yechimni topa oladigan bitta odam borligiga ishonchlari komil. Va uning ismi Jorje Mendesh.