Kirish Ro'yxatdan o'tish
26/12 17:30 Manchester Siti 1-1 Everton
26/12 20:00 Bornmut 0-0 Kristal Pelas
26/12 20:00 Chelsi 1-2 Fulhem
26/12 20:00 Nyukasl 3-0 Aston Villa
26/12 20:00 Nottingem Forest 1-0 Tottenhem
26/12 20:00 Sautgempton 0-1 Vest Xem
26/12 22:30 Vulverhempton - Man. Yunayted
27/12 01:00 Liverpul - Lester

Ha, bu – o‘sha Ramush!

Ha, bu – o‘sha Ramush!

Baho:
+ | -

JCH-2022da «xet-trik» qayd etish asnosida bir chaqnagan Portugaliya milliy jamoasi hujumchisi Gonsalu Ramush yana baralla «baqirdi»:

«Bryugge»ga qarshi kechgan CHL 1/8 finali javob o‘yinida «Gol+pas» tizimi bo‘yicha 3 ochko. Muhimi, «Benfika» 5:1 hisobida ustun kelib, chorak finalga yo‘l ochdi. Umuman, yevrofutbolning eng istiqbolli hujumchilaridan biri sifatida e’tirof etilayotgan Ramushning jahon chempio­natidan keyingi ishlari qanday?

Ha, «Benfika» Belgiya «Bryugge»sini butunlay tor-mor etdi (ikki o‘yinning umumiy hisobi - 7:1). Portugaliya­liklar o‘z maydonlarida birinchi bo‘limning o‘zida chorak final masalasini hal qilishdi: 2ta goldan so‘ng umumiy natija 4:0ga yetdi («Benfika» birinchi uchrashuvda 2ta javobsiz gol evaziga g‘alaba qozongandi). «Eshtadiu da Luj» stadionidagi dastlabki 2ta golda ham JCH-2022da kimsan Krishtianu Ronaldu o‘rnini egallab, darhol «xet-trik» rasmiylashtirgan Gonsalu Ramush bevosita ishtirok etdi. U avvaliga jarima maydoni ichida qulay vaziyatga kirib borgan Rafa Silvani to‘p bilan ta’minlab, gol hammuallifiga aylandi. Tanaffusga chiqish oldidan esa o‘zi ikki raqibiga ish qoldirmagan holda, darvozani nishonga oldi. Takroriy lavhada Ramush bunda hammasini naqadar nafislik bilan bajargani yaqqolroq ko‘rindi.

Gonsalu ikkinchi bo‘limning birinchi qismidayoq «dubl»ni rasmiylashtirdi. U bu safar chiroyli uzatmadan so‘ng darvozabon Simon Minyolega umuman imkoniyat qoldirmadi. Ramush «Benfika»ning shtatli penaltichisi bo‘lganida, «xet-trik»ka ham erisharmidi? Har holda, lissabonliklar 71-daqiqada 11 metrlik jarima to‘pi tepish huquqini qo‘lga kiritishdi va bundan Joau Mariu unumli foydalandi. Qarang, Enso Fernandes va Darvin Nunyes transferidan chamasi 200 million yevro topgan «Benfika» yo‘qotishlarga qaramay, qatorasiga ikkinchi marta CHL 1|4 finaliga chiqdi. Yana o‘ta chiroyli tarzda.

Ramush hamon Yevropaning eng yaxshi yosh hujumchilari qatorida. Buni statistik ko‘rsatkichlari ham tasdiqlab turibdi. CHLdagi «dubl» portugaliyalik yigit uchun juda muhim. Zero, «Benfika»ning yosh hujumchisi bunga qadar turnirning joriy mavsumi asosiy qismida 1tagina gol urgandi - guruh bos­qichida «Makkabi» T-A. darvozasiga. Goncalu shuning barobarida CHL saralash o‘yinlarida o‘z hisobiga naq 4ta gol yozib qo‘ygandi. Asosiy fakt: Ramush CHL «pley-off» bosqichi 1ta o‘yinida 3ta golda qatnashgan ikkinchi yosh futbolchiga aylandi. U «Bryugge» bilan javob bahsi vaqti 21 yoshu 260 kunlik edi. Faqat Erling Xoland nisbatan yoshroq payti shunday natija qayd etgandi (2021 yili «Sevilya»ga qarshi o‘yinda). Umuman, «Bryugge»ga «tortiq» etilgan «dubl» bilan Ramushning joriy mavsumdagi samarali harakatlari soni 32taga yetdi: 23ta gol va 9ta assist. 22 yoshgacha bo‘lgan futbolchilarga qarasak, Ramush bu borada yetakchi. Hattoki, Jamol Musiala ham, Bukayo Saka ham portugaldan ortda.

Xo‘sh, JCHdan keyin Ramushning ishlari qanday rivojlandi? Birinchidan, u shaxsiy agentini almashtirdi, ikkinchidan, «Benfika»da qoldi (hozircha), uchinchidan mahsuldorlikni me’yorida ushlab turibdi. Tabiiyki, mundialda qayd etilgan «xet-trik»dan so‘ng Yevropaning top-klublari yosh hujumchiga e’tibor qaratishdi. Lekin «Benfika» qishda uni qo‘yib yubormasligini darhol ma’lum qildi. O‘z navbatida, Gonsaluning o‘zi ham klubdoshi Ensodan farqli o‘laroq, ketishga ruxsat so‘ramadi. Yanvar oyida esa Ramush klubi emas, shaxsiy agentini almashtirdi. Aniqrog‘i, o‘z ishining ustasi sanalgan Jorje Mendesh mijoziga aylandi. Asosiysi, Gonsalu barqaror ravishda gol urishni davom ettirdi. Raqamlarda aytsak, Ramush «Bryugge» bilan o‘yinga qadar Portugaliya chempionatining oxirgi 7ta turida 6ta gol urgandi (jumladan, «Sporting»­ga qarshi asosiy to‘qnashuvlardan birida «dubl»). To‘g‘ri, «Benfika» Portugaliya kubogida «Braga»ga yutqazib, kurashdan chiqib ketdi, chempionatda esa ishonch bilan pesh­qadamlik qilmoqda, Ramushning o‘zi Primeroning eng yaxshi to‘purari bo‘lishga yaqqol da’vogar.

Gonsalu Ramush va «Benfika» o‘rtasidagi shartnoma 2026 yilgacha mo‘ljallangan. Unda ko‘rsatilgan tovon puli - 120 million yevro. Portugaliyada klub yozda kelishuvga moyilroq bo‘lishini taxmin qilishmoqda. Hozirda istiqbolli hujumchiga real da’vogarlar qatorida «MYU» va «Bavariya» tilga olinmoqda.

I.YUSUFJONOV tayyorladi

Manba: «Интерфутбол» газетаси
Kiritildi: 23:30, 03.04.2023.
O'qildi: 2468 marta.
Fikrlar: 0 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.