Ha, qarilikni tan olmayotgan Roy Xojson ikkinchi marta nafaqani to‘xtatib, ishga qaytdi.
75 yoshni urib qo‘ygan murabbiy endi «Kristal Pelas»ni APLda olib qolishga urinadi. O‘tgan yili 59 yoshli Devid Moyes APLda eng «otaxon» murabbiy ekanligini bilgach, bundan yengil hayratga tushgandi: «To‘g‘risi, eng qariyasi bo‘lib qolganimdan bexabar qolibman. Qaysidir klub Roy Xojson, Toni Pulis yoki Xarri Rednappni ishga qaytarishi uchun darhol nimadir qilish kerak... Ochig‘i, ishongim yo‘q, axir uncha qari emasman-ku!» Mana, Moyes talabi amalga oshdi - 75 yoshli Roy Xojson «Kristal Pelas» boshqaruvini qo‘lga oldi va «Vest Xem» ustozi APLdagi eng qariya murabbiy maqomidan qutuldi...
***
«Kristal Pelas» joriy yil boshidan mart oyidagi FIFA kunlariga qadar g‘alaba nimaligini bilmadi. Natijada London klubi rahbariyati APLdagi pozisiyadan tashvishlana boshladi. Omadsizliklar ortidan Roy Xojsonni ortga qaytarish fikri ham tug‘ildi. Mart oyi o‘rtalarida esa rahbariyatning sabr kosasi to‘ldi va bosh murabbiy Patrik Viyeyra iste’foga chiqarildi. Binobarin, Fransiya futboli afsonalaridan biri tuzgan qiziqarli jamoa 12ta o‘yinga cho‘zilgan g‘alabasiz seriya oqibatida turnir jadvalida «qora ro‘yxat»ga ancha yaqinlashib qoldi (18-o‘rindagi klub bilan o‘rtadagi farq 3 ochkoga tushdi). Shundan so‘ng «Pelas»ni «Arsenal»ga qarshi o‘yinga yoshlar jamoasi murabbiyi Peddi Makkarti tayyorladi. Biroq bosh murabbiy vakolatini vaqtincha qo‘lga olgan mutaxassis ham natija ta’minlay olmadi - 1:4. Shu tariqa oxirgi marta 2022 yilning dekabr oyida g‘alaba qozongan «Pelas» yana Xojson bobo boshqaruviga o‘tdi, Makkarti esa uning shtabidan joy oldi.
***
«Kristal Pelas» egasi Stiv Perish fransiyalik mutaxassis iste’fosi haqida qisqacha gapirdi: «Afsus, Viyeyra bilan hamkorlikni to‘xtatish yuzasidan keskin qaror chiqarishimizga to‘g‘ri keldi. Bu borada qanchalik qiynalganimiz o‘zimizga ayon. Oxirgi oylardagi natijalar oqibatida tarang holatga tushdik va APLda qolish imkoniyatini yaxshilash uchun qandaydir o‘zgarishlar zarurligini his qildik». Aslida London klubi o‘tgan mavsum o‘zini ancha tiklab olgandi. Zero, aynan Xojson davridan keyin jamoani yangilashga kirishgan Viyeyra ancha tetik va tomoshabop o‘yinni yo‘lga qo‘yib olgani bilan e’tibor qozongandi. Eng muhimi, natijalar ham ancha yaxshilandi: Viyeyra tuzgan «Pelas» APL turnir jadvalida 12-o‘ringa ko‘tarildi, qolaversa, Angliya kubogi yarim finaliga chiqdi. Londonliklarda hattoki, yevrokuboklarga chiqish imkoniyati yuzaga keldi, faqat buning uchun omadli ssenariy talab etilardi.
Ha, «Pelas» xalqaro tanaffusga ham aynan 12-o‘rinda chiqdi, biroq ayni payt turnir jadvali ancha zich (28-turdan so‘ng 12 va 20-o‘rinlarni atigi 4 ochko ajratib turardi) va London klubi rahbariyati ahvol yanada jiddiylashishidan cho‘chidi, albatta. Boz ustiga, Viyeyra uchun ikkinchi mavsumda jamoa o‘yini sifati ham sezilarli darajada pasaydi. Shuningdek, Patrik ijara muddatidan keyin «Chelsi»ga qaytgan Konor Gallaxer o‘rniga munosib ijrochi topolmadi, odatiy yetakchi Vilfrid Zaa esa o‘zining eng yomon mavsumlaridan birini o‘tkazmoqda.
***
Xullas, jiddiy o‘zgarishga qo‘l urish futsati yetgandi va buning uchun eng maqbul vaqt tanlandi - terma jamoalar o‘yinlari tufayli yuzaga kelgan kichik tanaffus. Har holda, yangi murabbiy ma’lum vaqtga ega bo‘ldi - bu nimanidir tuzatish imkoniyati. To‘g‘ri, Xojsonning qaytishi majburiy qadam va vaqtincha holatga o‘xshaydi. Viyeyra ish boshlashidan oldin aynan Roy bobo «Pelas»ni quyi ligaga tushib ketish xavfidan muvaffaqiyatli himoya qilgandi, ammo ligada qolish uchun kurashish jamoa uchun odatiy holga aylandi. Mana, faxriy murabbiyning oxirgi 4 yildagi natijasiga qarang: 11-o‘rin, 12-o‘rin va 2 marta 14-o‘rin. Xullas, «Kristal» Xojson davrida bir joyda qotib qolgandek taassurot uyg‘otdi: qatorasiga ikki mavsum eng qariya bosh murabbiy, eng yoshi katta jamoa (boshlang‘ich tarkibga kirgan futbolchilar o‘rtacha 30 yoshda edilar), juda pragmatik o‘yin uslubi. Shuning barobarida yoshi katta tarkib binoiydek maosh oldi. Deylik, Xojson qo‘l ostidagi oxirgi mavsumda «Pelas» ish haqi xarajati bo‘yicha APLda 7-o‘rinni egalladi, ya’ni faqat odatiy «katta oltilik»dan ortda qoldi. Viyeyra davrida esa «Pelac» ham maosh (10-o‘rin), ham tarkibning o‘rtacha yoshi (26,5) bo‘yicha ijobiy o‘zgarishga yuz tutdi. Shularni hisobga olsak, London jamoasi rahbariyati Roy Xojsonni uzoq muddatli rivojlanish strategiyasi emas, balki APLda «jon» saqlash uchun chaqirdi. Har holda, Roy bobo sinovdan o‘tgan qutqaruvchilardan biridir. Taqvimga qarasak, «Kristal Pelas» qolgan turlarda asosan to‘g‘ridan-to‘g‘ri raqobatchilariga qarshi o‘ynaydi: «Lids», «Sautgempton», «Everton», «Vulverxemton», «Vest Xem», Bornmut, «Nottingem Forest». Xojson jamoasini jadvalning yuqori qismida joylashgan raqiblardan esa faqat «Tottenxem» va «Fulxem» bilan safar o‘yinlari kutmoqda.
***
Nafaqadagi Xojsonni ikkinchi marta bezovta qilishmoqda. Qutqaruvchi murabbiy bunga qadar «Uotford»ga yordam berolmagandi. Xojson 2021 yili «Kristal Pelas» bilan xayrlashgach, 45 yilga cho‘zilgan murabbiylik faoliyatiga nuqta qo‘yganini e’lon qildi (Roy bu yo‘nalishdagi ishini 1976 yili Shvesiyaning «Xalmstad» klubida boshlab, chempionat autsayderini ikki marta oltin medal sari yetaklagandi). Biroq angliyalik futbol bilimdonini haqli nafaqada ham tinch qo‘yishmadi: «Uotford» 2022 yilning qishida 70 yoshli Klaudio Raneri bilan aloqani uzib, o‘rniga 74 yoshli Roy boboni chaqirdi. Shu tariqa Xojson o‘sha mavsum jamoa boshqaruvini qo‘lga olgan uchinchi murabbiyga aylandi. Uning oldidagi vazifa oson emasdi - «Uotford»ni quyi ligaga tushib ketish hududidan chiqarish. Klub o‘sha payt turnir jadvalining so‘nggi qatorida turgandi (to‘g‘ri, zaxirasida 2ta o‘yin ham bor edi). Yakunda Xojsonning boy tajribasi «Uotford»ga yordam bermadi, qolaversa, murabbiy ham faoliyatida ilk marta klubi bilan APLdan tushib ketdi. Ko‘ramiz, Roy bobo bu safar katta missiyani qanday bajararkin?
Roy Xojson APL tarixidagi eng yoshi katta murabbiy hisoblanadi. U qariyalar reytingida Bobbi Robson, Aleks Fergyuson, Klaudio Ranyeri, Gus Xiddink va Arsen Venger kabi afsonalardan oldinda. Roy bobo bu safargi qaytishi bilan shaxsiy rekordini yangiladi. Binobarin, u 2022 yilning may oyida «Uotford»ni «Chelsi»ga qarshi bahsda maydonga boshlab tushish asnosida oxirgi rekordni o‘rnatgandi - 74 yoshu 286 kunlik. Mana, endi marrani 75 yoshga chiqarib qo‘ydi. Oldinda yana bitta ambisiya - «Kristal Pelas»ni APLda olib qolib, faoliyatini chin qutqaruvchi maqomida yakunlash.