Turkmanistonning salamnews.tm sayti Markaziy Osiyo mamlakatlari milliy chempionatlari tarixiga nazar solib, o‘zgacha reyting tuzib chiqdi.
Aniqroq aytganda, sayt xodimlari mavsumlar bosh to‘purarlarini ajratib, qaysi mamlakat vakillari ko‘proq ekanligini ko‘rib chiqishdi. Yakunda mutlaqo kutilmagan natija yuzaga keldi. Aytish shart emas, Markaziy Osiyodagi 5ta qardosh mamlakat orasida O‘zbekiston va Qozog‘iston futboli qolganlardan kuchli hisoblanadi va bu ochiq e’tirof etiladi. Biroq turkman sayti reytingida to‘purarlar soni bo‘yicha yetakchilik boshqa mamlakat tomonida...
Xullas, salam-news.tm sayti hisob-kitobiga qaraganda, 5ta mamlakat milliy chempionatining ortda qolgan mavsumlarida Turkmaniston futboli vakillari 38 marta yuqori liga bosh to‘purari bo‘lishgan. Bu eng yuqori ko‘rsatkichdir. Turkmanistonliklar o‘z mamlakatlarida 34 marta, shuningdek, Qozog‘iston ligasida 2 marta, O‘zbekiston va Qirg‘iziston chempionatlarida esa 1 martadan bosh to‘purarga atalgan sovringa ega chiqishgan. Jumladan, O‘zbekiston chempionatida to‘purarlik qobiliyati namoyish etgan futbolchi - bu Artur Gevorkyan. Mamlakatimizda yayrab to‘p surgan hujumkor yarim himoyachi 2014 yili «Nasaf» libosida 18ta gol urib, chempionatimiz to‘purarlari poygasida g‘olib chiqqandi.
Ushbu antiqa reytingning 2-qatori O‘zbekiston futboliga nasib etdi. Raqamlarda keltirsak, hamyurtlarimiz ortda qolgan mavsumlar 5ta respublika milliy chempionatlarida jami 33 marta bosh to‘purar bo‘lishgan. Aniqroq aytsak, vakillarimiz 27 marta o‘z ligamizda va 6 marta Qozog‘iston yuqori divizionida eng yaxshi goleador maqomini olishgan. Xususan, Ja’far Irismetov legioner sifatida qatorasiga 2 mavsum bir xil - 17tadan gol bilan («Almati» safida) qozoq ligasi bosh to‘purariga aylangan. Ulug‘bek Baqoyev esa bu ishni «Tobol»da 2 marta, «Jetisu» va «Irtish»da 1 martadan uddalagani bilan maqtanishga haqli.
Markaziy Osiyoda chempionat to‘purarlari soni bo‘yicha 3-o‘rin Tojikiston futboliga tegishli. To‘g‘ri, ushbu yurt vakillari 30ta holatda ham o‘z milliy ligalarida muvaffaqiyatga erishishgan. Qirg‘iziston futboli vakillari ham faqat o‘z mamlakatlarida bosh to‘purar bo‘lishgan - jami 23 marta. Eng ajablanadigan tomoni, reytingda Qozog‘iston futboli oxirgi pog‘onani band etdi. Ya’ni qozog‘istonlik futbolchilar atigi 14 marta mavsum bosh to‘purari sifatida sovrin yutishgan, yana faqat o‘z mamlakatlari milliy chempionatida.
Markaziy Osiyo mamlakatlari milliy chempionatlarida muayyan mavsumda ko‘p gol urish bo‘yicha rekord - O‘zbekiston milliy jamoasi sobiq hujumchisi Ja’far Irismetovga tegishli. U 2000 yilgi mavsum Toshkent viloyatining «Do‘stlik» jamoasi safida raqiblar darvozasini naq 45 marta ishg‘ol qilib, hozircha yangilanmagan rekord muallifiga aylangan. Qirg‘izistonlik Zokir Berdiqulov 1995 yili 42ta gol urgan bo‘lsa, turkmanistonlik Sergey Kazankov va Rejepmurat Agabayev tegishlicha 1992 hamda 1995 yilgi mavsum o‘z mamlakatlari milliy ligasida 41tadan gol hosil qilishgan.
Qozoq futbolini yoritib borayotgan kazfootball.kz sayti ham to‘purarlarga doir alohida maqola chop etdi. Unda mamlakat futbolining eng kuchli goleadorlari ro‘yxati berildi. To‘g‘rirog‘i, 1992-2022 yillar davomida Qozog‘iston chempionati va kubogida raqiblar darvozasini eng ko‘p nishonga olgan 100 nafar futbolchi alohida ro‘yxatlarda ko‘rsatildi. Har ikki yo‘nalishda faoliyatini davom ettirayotgan futbolchilar ham bor. Qozog‘iston chempionati reytingini Nurbol Jumaskaliyev boshqarib turibdi. Asosan yarim himoyada to‘p surgan Qozog‘iston milliy jamoasi sobiq yetakchisi liga o‘yinlarida raqiblar darvozasiga jami 167 marta yo‘l topgan. Qo‘shni mamlakat yuqori divizionida «Tobol», «Jetisu» va «Irtish» klublari sharafini himoya qilgan hamyurtimiz Ulug‘bek Baqoyev 111ta gol bilan chempionat to‘purarlari reytingida 6-pog‘onani egallab turibdi. O‘z o‘rnida aytish kerak, Qozog‘iston elit ligasi tarixida atigi 8 nafar futbolchiga 100ta gol marrasidan oshish nasib etgan va «Buxoro»ning amaldagi bosh murabbiyi bu guruhda yagona legioner hisoblanadi. Oddiy aytganda, Ulug‘bek Baqoyev qozoq diyorida o‘ynagan legionerlar orasida bosh to‘purardir. «Qayrat», «Olma-Ota», «Aktobe» klublarida to‘p tepgan yana bir vakilimiz Ja’far Irismetov hisobida chempionat o‘yinlarida urilgan 61ta gol bor. Chempionat to‘purarlari reytingida ikki hamyurtimizdan tashqari, Kot-d`Ivuar, Braziliya, Xorvatiya, Rossiya, Gana, Turkmaniston, Bolgariya, Moldova, Ukraina, Senegal va armanistonlik legionerlar ham joy olishdi.
Qozog‘iston kubogi to‘purarlari ro‘yxatiga kelsak, bunisida Andrey Finonchenko («Shaxtyor») yetakchi - 23ta gol. Ikkinchi yo‘nalishdagi reytingga o‘zbekistonlik 3 nafar futbolchining kirgani ham e’tiborga molik. Xususan, Ja’far Irismetov 14ta gol bilan 11-o‘ringa joylashdi. Shuningdek, Ulug‘bek Baqoyev (10ta gol) va Igor Sergeev (6ta gol)ga ham joy berildi. Tabiiyki, «Tobol» sharafini himoya qilayotgan 29 yoshli hujumchimizda o‘z ko‘rsatkichini yaxshilash uchun imkoniyat yetarli. Igorning QPLdagi statistikasi ham chakki emas - «Aktobe» va «Tobol» uchun jami 25ta gol (26 aprel kungi holat).