2022/23 yilgi mavsum yakuniga yetmoqda. Oldinda hali qiziqarli voqealar bor, ammo yoz juda qiziqarli bo‘lishni va’da qilmoqda. Ko‘pgina o‘yinchilarning shartnomalari tugaydi va ularning kelajagi noaniqligicha qolmoqda. "Real Madrid" triosi (Karim Benzema, Toni Kroos va Luka Modrich) hali rasman e’lon qilinmagan bo‘lsada, shartnomalarini uzaytirishayotgani ma’lum. Ammo boshqa o‘yinchilar faoliyatidagi keyingi qadamlar haqida u qadar aniq tushunchaga ega emaslar.
Lionel Messi (“PSJ”)
Messining kelajagi mavsum oralig‘idagi asosiy intrigalardan biridir. Uning “PSJ” bilan shartnomasi tugaydi va yangi shartnoma imzolanmadi. Tomonlar amaldagi shartnomani yana 1 mavsumga uzaytirish variantini faollashtirishi ham dargumon. Hammasi 35 yoshli argentinalik futbolchining erkin agentga aylanishiga qarab ketmoqda. Ommaviy axborot vositalari Saudiya Arabistonini Leo uchun faoliyatini davom ettirishi mumkin bo‘lgan variant deb hisoblamoqda, bu yerda uning Krishtianu Ronaldu bilan qarama-qarshiligi qayta tiklanishi mumkin. MLS va “Barselona” variantlari ham mavjud. Yoki Messi hammani hayratda qoldiradi va hech qachon yangiliklarda tilga olinmagan klubni tanlaydi.
Serxio Buskets (“Barselona”)
So‘nggi bir necha oy ichida Busketsning kelajagi faol muhokama qilinmoqda. Yaqinda Serxio joriy mavsum uning "Barselona"dagi oxirgisi ekanligini aytdi. 34 yoshli yarim himoyachi faoliyatini yakunlashi haqida gapirmadi. Bu shuni anglatadiki, yozda uni bepul jamoaga qo‘shish mumkin. Ma’lumki, ispaniyalik MLS va Saudiya Arabistonidan variantlarga ega. Ushbu ligalardan birida futbolchini ko‘rish ehtimoli yuqori. Buskets o‘z jamoasi bilan barcha sovrinlarni qo‘lga kiritdi. Unda Yevropada qolish uchun motivasiya bo‘lmasa kerak. Kataloniya klubi prezidenti avvalroq Serxio MLS variantiga qiziqayotganini ma’lum qilgandi.
Ilkay Gyundogan (“Manchester Siti”)
“Manchester Siti” haligacha o‘z sardori bilan shartnomani uzaytirmagani juda g‘alati. Gyundogan har doim sifatli o‘yinchi bo‘lgan va bu mavsum o‘zini yanada yaxshi ko‘rsatmoqda. Futbolchi "Etihad"da qolish istagini bildirgan, "shaharliklar" ustozi Xosep Gvardiola ham shuni tilagan. Biroq muddati tugaydigan shartnoma hali uzaytirilmagan. OAV 32 yoshli yarim himoyachi yozda "Barselona"ga o‘tishi mumkinligini yozmoqda, garchi uning agenti Kataloniya klubi bilan kelishuvni inkor etyapti.
Marko Asensio (“Real Madrid”)
Asensioning "Real Madrid"dagi kelajagi yuqorida tilga olingan ba’zi jamoadoshlariniki kabi aniq emas. Butun mavsum davomida Marko “qirollik klubi”da qolish istagini bildiradi, biroq ayni paytda u ko‘proq o‘ynashni xohlaydi. Muddati tugaydigan shartnoma hali ham yangilanmaganiga qaraganda, vaziyat oddiy emas. 27 yoshli vinger uchun ustuvor vazifa faoliyatini Madridda davom ettirish. Ammo tomonlar kelishuvni yangilamasa, futbolchining takliflari kam bo‘lmaydi. O‘tgan yozda ham u ancha jiddiy klublar bilan bog‘langan edi.
Roberto Firmino (“Liverpul”)
Firmino mavsum oxirida "Liverpul"ni tark etishi allaqachon ma’lum. Futbolchining o‘zi bu qarorga kelgan. Balki braziliyalik yangi “qizillar” loyihasida unga o‘rin yo‘qligini his qilgandir. Boshqa tomondan, 31 yoshli hujumchi faoliyatini yuqori saviyada davom ettirish uchun mos yoshda. Firminoga Italiya va Turkiya klublari qiziqish bildirmoqda. Tajribali hujumchilar yuqori baholanadi, shuning uchun braziliyalik o‘zi uchun yaxshi variant topa oladi. Yoz futbolchi va uning kelajagi uchun muhim bo‘ladi.
N'Golo Kante (“Chelsi”)
Bir paytlar Kante Yevropaning eng yaxshi yarim himoyachilaridan biri edi. Fransiyalik futbolchi sifatli futbolchi bo‘lib qolmoqda, ammo jarohatlar tufayli bu mavsumda kamdan-kam maydonga tushmoqda. Jarohatlarning ko‘pligi uning "Chelsi"dagi kelajagini shubha ostiga qo‘ydi. Futbolchi London klubida qolishni istaydi, ammo “ko‘klar” uning shartnomasini uzaytirishga shoshilmayapti. "Chelsi"ning yangi loyihasida 32 yoshli yarim himoyachiga joy bo‘lmasligi mumkin, chunki klub yoshlarga ishonadi.
Anxel Di Mariya (“Yuventus”)
“PSJ”ni tark etgach, Di Mariya “Yuventus”ga tekinga o‘tdi. Tomonlar 1 yillik shartnoma imzolashdi. Argentinalik futbolchi uchun 2022 yilgi jahon chempionatiga chiqish uchun yuqori saviyada qolish muhim edi. Jahon chempionati o‘tdi va futbolchining kelajagi yana so‘roq ostida. “Byankonerilar” 35 yoshli vingerni o‘zida saqlab qolmoqchi, bu esa, prinsipial jihatdan ajablanarli emas. Yoshiga qaramay, Di Mariya jamoaning eng yaxshi futbolchilaridan biri. Ammo hamma narsa unga bog‘liq bo‘ladi. Anxel kelajagi haqida batafsil izoh bermasa ham, Turinda hamma narsa unga mos kelishini ta’kidlasa ham.