Kirish Ro'yxatdan o'tish
16/12 00:00 Chelsi 2-1 Brentford
16/12 00:00 Sautgempton 0-5 Tottenhem
16/12 00:45 Milan 0-0 Jenoa
16/12 01:00 Barselona 0-1 Leganes
17/12 00:45 Lasio - Inter
17/12 01:00 Bornmut - Vest Xem

Rafael Leau: «Milan» libosi juda «og‘ir»

Rafael Leau: «Milan» libosi juda «og‘ir»

Baho:
+ | -

Stefano Pioli boshqaruvidagi bugungi «Milan»ning asosiy yetakchilaridan biri - bu Rafael Leau, shubhasiz.

 Avvalgi mavsum skudettoning qo‘lga kiritilishida katta rol bajargan portugaliyalik iqtidor «Inter»ga qarshi kechgan CHL yarim finali birinchi o‘yinida jarohat ortidan maydonga tushgani yo‘q va «rossonerlar» «San Siro»da rosa qiynalishdi - 0:2. To‘g‘ri, Leau javob uchrashuvida safga qaytdi, ammo «Milan» yakunda azaliy raqibini finalga sari odimlashiga to‘sqinlik qilolmadi, baribir. Rafael aynan «Inter» bilan ikkinchi o‘yin oldidan gaffer saytiga ixcham intervyu berdi. Unda 24 yoshli hujumchi «Milan»dagi debyutini va jahon chempionati-2022ni esga oldi, kelajak orzulari haqida gapirdi.

Kumirlari - CR7 va  Ronaldinyo 

- «Sporting» akademiyasi dunyodagi eng yaxshilaridan biri, albatta. Deylik, u yerda «Oltin to‘p»ning ikki sohibi tahsil olgan. Shu maktab menga ham futbol olami eshiklarini ochdi va undan bir umr qarzdorman. Shuningdek, «Sporting» akademiyasi tarbiyalanuvchi ekanligimdan ham alohida g‘ururlanaman. Umuman, klubga mehrim abadiydir, qayerdan chiqqanimni aslo unutmayman. Kumirlarim? Ronaldinyo va Krishtianu Ronaldu. Har ikkisi o‘yiniga oshufta holda ulg‘aydim, keyinchalik hamisha ularga taqlid qila boshladim. Oddiy aytganda, bugun maydonda bajarayotganlarim - dribling va hokazolarni Ronaldinyo yoki Ronaldu ijrosidagi videolavhalarni tomosha qilish asnosida o‘rgandim. Lekin ulardan birini birinchi o‘ringa qo‘yolmayman - ikkisi ham katta kumirlarim. Hamisha futbolda Ronaldinyo va Ronaldudek martabaga erishishni xohlayman. Ha, Fransiya elit ligasiga yo‘l olgach, boshida ancha qiynaldim, birdaniga yaxshi o‘ynolmadim. Chunki Liga 1ga to‘satdan yuzlangan edim. O‘sha vaqt boshqa mamlakatga ko‘chib o‘tishni xayolimga ham keltirmagandim. Muhimi, bu o‘sish yo‘lida katta qadam bo‘ldi va yakunda futbolchi sifatida yetuklikka erishishimga yordam berdi. Fransiyada shaxs sifatida ham oldinga qadam tashladim. Binobarin, yangi tilni o‘rgandim, boshqa muhitni ko‘rdim, notanish odamlar bilan muloqot o‘rnatish asnosida dunyoqarashimni kengaytirdim.

«Milan» va skudetto tuyg‘ulari

- «Milan»ga chorlashganida, ulkan g‘urur va katta mas’u­liyatni his qildim o‘z-o‘zidan. Shuning barobarida ancha asabiylashdim, axir bu klub libosi juda «og‘ir». Gap katta tarixga ega jamoa haqida ketmoqda - turli-tuman sov­rinlar sohibi, CHLning 7 karra g‘olibi! Asosiysi, «Milan» bilan shartnoma tuzish imkoniyati yuzaga kelgach, aslo ikkilanmadim. «San Siro»dagi dastlabki kunlar, hattoki, oylarda hayajon tarqalmadi. Gap shundaki, «Milan» libosini shu qadar tez kiyishni o‘ylamagandim. Endi klub ramzini namoyish etish - men uchun ulkan sharaf. Skudettoga kelsak, bu sovrin barchamizni to‘lqinlantirib yubordi, albatta. Zero, jamoa muxlislari chempionlikni uzoq vaqt­dan buyon kutishayotgandi. G‘alaba mislsiz mehnat va tinimsiz harakat natijasidir. Shaxsan men uchun tarixiy, o‘ziga xos lahza, axir «Milan» bilan birinchi skudettoni qo‘lga kiritdim. Demak, barchasi butun faoliyatim va hayotim davomida xotiramda saqlanadi.

Jahon chempionati-2022 taassurotlari

- JCH - bu aqlga sig‘mas darajadagi tajriba. Mundialga boshqacha ta’rif berolmayman. O‘zi mamlakatingiz sharafini himoya qilish har doim o‘ziga xos voqelik, ayniqsa, JCH kabi musobaqada. Hammasi juda yoqdi - ajoyib tajriba. Jahon futbol forumida Portugaliya nomidan qatnashganim faqat faxr-g‘urur bag‘ishladi. Kelajakda milliy jamoamizning katta yutuqlarni tantana qilishiga yordam berishdan umidvorman, albatta.

Kelajak orzulari 

- Menimcha, har qanday futbolchi APLda o‘ynashni xohlaydi, chunki gap birinchi raqamli chempionat haqida ketmoqda. Angliyada qiziqarli futbol hukmron, ajoyib jamoalar bor. Asosiysi, APL o‘yinlarini butun dunyoda tomosha qilishadi. Ha, «A» seriya ham futbol olamida yaxshigina mavqega ega, ammo kelajakda o‘z salohiyatimni APLda ham sinab ko‘rishni xohlayman. Futbol nuqtai nazaridan esa, CHL kubogi va «Oltin to‘p»ni boshim uzra baland ko‘tarish orzusidaman.

MUHAMMADXON tayyorladi

Manba: «Интерфутбол» газетаси
Kiritildi: 09:41, 25.05.2023.
O'qildi: 1483 marta.
Fikrlar: 0 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.