“PSJ” va “Manchester Siti” bir haftalik farq bilan o‘z mamlakatlarida chempion bo‘lishdi. Parijliklar va "shaharliklar" ko‘p yillar davomida o‘z ligalarida hukmronlik qilmoqdalar, ammo nega ular orasidagi tafovut tobora kengayib borayotganga o‘xshaydi?
Sababi arablarga qarashli ikki klubning ikki xil falsafasi bordek. Manchesterda yulduzli jamoa qurilmoqda, loyihaning markazida esa murabbiy siymosi turibdi. Parijda esa yulduzlar jamoasi tuziladi, u yerda murabbiy va eng qimmat o‘yinchilar o‘rtasida mumkin bo‘lgan ziddiyat yuzaga kelgan taqdirda, murabbiy ishdan ketadi.
Roberto Manchini inglizlar jamoasida to‘rt mavsum, Manuel Pellegrini uch, Xosep Gvardiola esa Manchesterdagi yettinchi mavsumini yakunladi. Fransuzlarda butunlay boshqacha hikoya bor: Karlo Anchelotti bir yilu to‘rt oydan keyin, Unai Emeri ikki yildan keyin, Tomas Tuxel ikki yarim yildan keyin, Maurisio Pochettino bir yarim yildan keyin jamoadan ketdi. Kristof Galtye esa 10 oydan so‘ng deyarli haydab yuborilishga yaqin. Faqatgina Loran Blan uchta to‘liq mavsumda jamoani boshqardi xolos. Ammo bu murabbiy, kinoya bilan aytganda, Chempionlar ligasi uchun jamoa tuzish nuqtayi nazaridan eng noaniq va kuchsiz shaxs edi. Har ikki klub ham o‘z g‘alabalari uchun ko‘p pul sarflaydi. Juda ko‘p. Albatta, “Man Siti” yulduzlar bilan shartnoma imzolamaydi deyish ahmoqlik bo‘lardi. Ammo Gvardiola qo‘l ostida shartnoma imzolagan har bir yangi futbolchi, shubhasiz, murabbiyning o‘ziga kerak bo‘lgan. Jumladan, "Siti"ning yangi super yulduzi Erling Xoland ham. Ba’zi ekspertlarning ta’kidlashicha, u Pepning jamoalariga mos kelmaydi. Shunga qaramay, Gvardiola Xolandga moslashdi va ayrim o‘rinlarda norvegiyalikni o‘zining "Man Siti"siga ko‘niktirdi.
Pep Leoni qanchalik sevmasin, "Man Siti" 35 yoshlik Serxio Ramos, Neymar yoki hatto Lionelni sotib olishini tasavvur qila olasizmi? Agar Gvardiolada to‘satdan o‘z-o‘zini klubdan haydash istagi paydo bo‘lmasa, bu mumkin emas. O‘tgan yozda "shaharliklar" safiga Krishtianu Ronaldu taklif qilingandi, biroq chet el OAVning yozishicha, portugaliyalik yulduz va kataloniyalik mutaxassis o‘rtasidagi suhbatdan keyin bu transfer amalga oshmadi. Murabbiy hujumchiga bazadan joy kafolatlamagan. Ammo Krishtianuning "Manchester Yunayted"dan "PSJ"ga o‘tishi ehtimolga yaqin edi. Messi agar fransuz klubida bo‘lmaganida bu transfer amalga oshgan bo‘lardi. Chunki Parijda ko‘rgazmalarga e’tibor kuchli. Jamoa tuzish mantig‘idan ko‘ra butun dunyoning e’tibori muhimroq. Balki ular murabbiyning fikrini so‘ramagan bo‘lardi ham, chunki Ronalduga nisbatan Galtye qanchalik obro‘ga ega?
Gvardiola o‘zining o‘yin tizimiga mos jamoa yaratdi. Shu sababli, "Man Siti" Chempionlar Ligasi kubogining amaldagi g‘olibiga to‘rtta gol urib, ularni musobaqadan chiqarib yubordi. Pep maydonda to‘psiz yuradiganlarga tarkibida imkon bermaydi. "PSJ" esa moslashishga, yulduzlaridan unumli foydalanishga qo‘ldan kelgancha harakat qiladi. Bitta Kilian Mbappe yaxshi taassurot qoldirmoqda, ammo uning ikki sherigi ishonchlarni to‘liq oqlay olmayapti. Xullas, Mbappe, Messi va Neymar maydonda bo‘lsa, parijliklar katta o‘yinlarda ustunlik qilisholmaydi. Murabbiy Neymarni ham, Messini ham zaxiraga qo‘yolmaydi - bu kiyim almashtirish xonasini "portlatadi" va qatarlik boshliqlardan uning gap eshitishi aniq. Agar Gvardiola bugun "PSJ"da bo‘lganida, u xuddi shu sharoitda xuddi Galtye yoki Pochettino kabi singan bo‘lardi.
Eng yaxshi o‘yinchilarni yig‘ish orqali "PSJ" Chempionlar ligasini "Man Siti"dan tezroq yutishi mumkin edi - Parij klubi 2020 yilda finalga chiqqan edi. Ammo shunga qaramay, aksariyat hollarda arab xo‘jayinlari uchun Chempionlar ligasi 1/8 final yoki chorak finalda yakunlandi. Bu ob’ektiv chizgilar. Parijliklar o‘zining Pepini yillar davomida topishi kerak, garchi biroz qiyinroq bo‘lsa ham. "Shaharliklar" oxirgi mavsumlarda doimiy ravishda dunyoning kuchli 4 yoki kuchli 2 jamoasi qatorida e’tirof etildi va Pellegrini qo‘l ostida ular yarim finalga qadar yetib borishgani ham esingizda bo‘lsa kerak.
Yana bir buyuk sovet murabbiyi Valeriy Lobanovskiy shunday degan edi: "Men yulduzlar jamoasini tuzmayapman, men yulduzlar jamoasini yaratyapman". Shubhasiz, xuddi shu tamoyillar Gvardiolaga ham tegishli. "Man Siti" boshliqlari esa aqlli ishlashadi, ular har qanday futbolchidan ko‘ra ko‘proq murabbiyga, uning falsafasiga ishonishgan.