"Liverpul" o‘tgan mavsumni ko‘ngildagidek o‘tkazmagani sababli yakunda beshinchi o‘rin bilan kifoyalanishga majbur bo‘lgan edi. Shu sabab klub 2023-24 yilda Yevropa ligasida ishtirok etadi. Ammo mersisaydliklar 2024 yildan yana YECHLga qaytishi kerak. Buning uchun esa Yurgen Klopp ayrim transferlarni amalga oshirishi lozim. Uning jamoasidan to‘rtta futbolchi erkin agent sifatida ketadigan bo‘ldi. Ularning o‘rnini to‘ldirish oson bo‘lmaydi, albatta. Shunday ekan, oldinda "Liverpul"ni qaynoq yoz va transferlar oynasi kutmoqda. Quyida mersisaydliklarni YECHLga qaytarishi mumkin bo‘lgan beshta yangi nomlar keltiriladi.
Mark Gexi (himoyachi, "Kristal Pelas")
Virjil van Deyk va Joel Matiplar qarimoqda. Jo Gomes esa o‘ziga bildirilgan ishonchni oqlay olmadi. Shuning uchun jamoaga markaziy himoyachi zarur. Gexi bu o‘ringa mos keladi. U "Chelsi"dan "Kristal Pelas"ga o‘tib, katta nomga aylangandi. Shuningdek, himoyachi doimiy ravishda Garet Sautgeyt tomonidan Angliya terma jamoasiga chaqirila boshladi. Gexi "Liverpul"ning mudofaasini sezilarli kuchaytirgan bo‘lardi.
Ivan Fresneda (qanot himoyachisi, "Real Valyadolid")
Allaqachon Yevropaga yosh va talantli futbolchi sifatida tanilgan Fresneda, katta klublar tomonidan kuzatilmoqda. Unga qiziqqanlar ichida "Arsenal", "Barselona" va "Nyukasl" bor. 18 yoshli himoyachi ajoyib mavsum o‘tkazdi. Fresnedaning tovon puli 17 million funtga teng. U "Liverpul"da Aleksander-Arnoldga o‘rin bosar bo‘la oladi.
Kefren Tyuram (yarim himoyachi, "Nissa")
Fransiya terma jamoasidagi kuchli raqobat sharoitida ham Tyuram nomi e’tirof etilmoqda. U doimiy uch ranglilar safiga chaqiriladi. O‘zining Fransiya chempionatidagi 114 ta o‘yini bilan markaziy himoyada ishonchli vakilga aylangan Tyuramga xaridorlar ko‘p. Aytish kerakki, Fransiya afsonasi Lilian Tyuramning ikki o‘g‘li bam hozir milliy terma jamoada harakat qiladi va ulardan biri Kefrendir. Uning jamoadoshi Ibraima Konate Tyuramni "Liverpul"da ko‘rishni istashini bildirgan edi.
Gabri Veyga (hujumkor yarim himoyachi, "Selta")
Veyga uchun hozirda "Chelsi" jiddiy da’vo qilmoqda. Unga "Nyukasl" va "MYU" ham qiziqish bildirgan. 21 yoshli futbolchi mavsum davomida 11 ta gol urgandi. Shu sababli hozir unga "yosh Kaka" deya nom berilgan. Bu bekorga emas. "Liverpul" Veygani Makallister bilan tandemda o‘ynatib, katta natijalarga erishishi mumkin.
Federiko Kyeza (vinger, "Yuventus")
"Liverpul"da yetarlicha hujumchilar bor. Ammo Firminoning ketishi, oltita hujumchilar orasida bo‘shliq yuzaga keltiradi. Klopp buni yaxshi tushungan holda hujumchi ham izlashi kerak. Kyeza bu o‘ringa mos. Uning moslashuvchanligi, istalgan jamoaga yordam beradi. "Yuventus"dan ketish taraddudida yurgan futbolchiga xaridorlar ko‘p. Kyezaning Italiya terma jamoasida muhim figura ekanini ham esdan chiqarmaslik kerak.
ISMATOV J.