Kirish Ro'yxatdan o'tish
19/11 17:00 Xitoy - Yaponiya
19/11 17:00 Indoneziya - Saudiya Arabistoni
19/11 17:00 KXDR - O‘zbekiston
19/11 19:00 Falastin - Janubiy Koreya
19/11 19:00 Qirg‘iziston - Eron
19/11 21:00 Ummon - Iroq
19/11 21:00 BAA - Qatar
19/11 23:15 Bahrayn - Avstraliya
19/11 23:15 Kuvayt - Iordaniya

Rekordchi debyutant

Rekordchi debyutant

Baho:
+ | -

19 yillik tanaffusdan keyin tiklangan faoliyat. Fantastik uydirma, deb o‘ylaysizmi?

 Yo‘q, bu ayni haqiqat! «Inter» darvozaboni Aleks Kordas 2004 yilning fevralidan beri ilk marta maydonga tushdi.

«Neradzurrilar»ning so‘nggi mavsumni yakunlovchi turidagi bellashuvi («Torino», 1:0) odatiy o‘yinlardan farq qilmasdi. Faqat bir nafar futbolchining ishtirokini inobatga olmaganda, albatta. Turinliklar jamoasiga qarshi bahsning 65-daqiqasida Samir Xandanovich o‘rniga 40 yoshli zaxira darvozaboni Aleks Kordas maydonga tushdi. Uni shu paytgacha tanimaganingiz uchun xijolat bo‘lmang, bu Aleksning «Inter» safidagi 2-uchrashuvi. Ilk bora u bundan 19 yil avval, 2004 yilning 4 fevralida maydonga tushgandi.

O‘shanda darvozabon Italiya Kubogi turnirining «Yuventus»ga qarshi dastlabki yarim final bellashuvida (2:2) maydondan chetlatilgan Franchesko Toldoning o‘rnini egallagan va bitta gol o‘tkazib yuborgandi. Endi u 40 yoshdan 5 oy va 2 kunga o‘tganida «Inter»ning eng keksa deb­yutanti maqomini olishga muvaffaq bo‘ldi. Bu borada avvalgi rekord Marko Ballottaga tegishli bo‘lib, u 2000 yil noyabridagi «Inter» - «Lechche» bahsida (0:1), 36 yosh, 5 oy va 9 kunlik paytida o‘z debyutini nishonlagandi.

Aleks Kordas - «Inter» tarbiyalanuvchisi, 18 yoshli paytida yoshlar jamoasi chempionlik unvoniga sazovor bo‘lgan. Asosiy jamoa tarkibiga 2003 yilda, «Spesiya»dagi mavsumdan keyin kelgan va «Yuventus»ga qarshi o‘sha o‘yinni hisobga olmaganda, vaqtini zaxira o‘rindig‘ida o‘tkazgan. Keyin kuta,kuta toqati toq bo‘lgan futbolchi boshqa klublarga yo‘l olgan.

Kordas «Inter»siz 19 yilni qayerda o‘tkazdi?

2005 yilning qish faslida Milanni tark etib, o‘sha paytda «S» seriyasida to‘p surayotgan «Spesiya» safidan joy oldi. Keyin Italiyaning bir qator quyi ligalari jamoalarida to‘p surdi, Shveysariyaning «Lugano», Sloveniyaning «Gorisa» klublari sharafini himoya qildi.

2006 yilda «Achireal» darvozasini qo‘riqlagan Aleks fojia bilan nihoyasiga yetgan YTHni boshdan kechirdi: Kordasning ma’shuqasi Moyra Sesto halok bo‘ldi, ular mashinada yonma,yon ketayotgan edilar. Keyinchalik ma’lum bo‘lishicha, Kordas belgilangan normadan 3 baravar ko‘proq spirtli ichimlik ichgan ekan.

2013 yilda futbolchini qasddan qilinmagan qotillikda ayblanib, 4 yillik qamoq jazosiga hukm qilishdi. Biroq Aleks ijtimoiy xizmatlar g‘amxo‘rligi evaziga qamoq jazosidan ozod etildi.

Kordas faoliyatining voqealarga boy davri «Chittadella» (2011-2013 - 84ta o‘yin) va «Krotone» (2015-2021 - 248 o‘yin) tarkiblarida o‘tdi. «Krotone»da u asosiy darvozabon maqomida to‘p surdi va jamoaning «A» seriyadagi 6 mavsumidan 4tasida (2016|2017, 2017|2018, 2018|2019 va 2020|2021) maydonga tushdi. Ayniqsa, dastlabki mavsumi o‘ta ahamiyatli bo‘ldi.

O‘shanda «Krotone» autsayderlar guruhiga tushib qolgandi. Lekin so‘nggi 8 uchrashuvning 7tasida g‘alaba qozonib (yagona mag‘lubiyatni «Yuventus»dan qabul qilgan, 0:3), «Lasio»ni 3:1 hisobida mahv etganidan keyin elitada qolishi aniq bo‘lgandi.

Ana shu ishonchli ishtirok evaziga darvozabon yana milanliklar e’tiborini qozondi va 2021 yil iyunida 1 yillik shartnomaga imzo chekdi. Zaxira darvozaboni maqomida u 2ta (2021|2022 va 2022|2023) Italiya Kubogi va Superkubogi (2021 va 2022) sohibiga aylandi. Keyin esa yana maydonga tushish sharafiga musharraf bo‘ldi.

Zaxira darvozabonlarining ramziy tarzda maydonga tushishlari «Inter» uchun yangilik emas. Masalan, 2020|2021 yillar mavsumining «Udineze»ga qarshi so‘nggi uchrashuvi tanaffusidan keyin darvozani Daniele Padelli egallagandi. O‘shanda Antonio Konte quyidagicha izoh bergan: «Har bir o‘yinchi jamoa uchun qanchalik muhim ekanligini chuqur his etishi lozim. Hatto u zaxirada o‘tirgan va hech qachon maydonga tushmayman, deb o‘ylayotgan bo‘lsa ham. Jamoaga o‘z vaqtida yordam berish, har bir futbolchining burchi. Lekin bugungidek darvozabonlarning maydonga tushishlari ularning xizmatlari uchun berilgan hurmat belgisini anglatadi».

Manba: «Интерфутбол» газетаси
Kiritildi: 21:15, 23.06.2023.
O'qildi: 2163 marta.
Fikrlar: 0 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.