Kirish Ro'yxatdan o'tish
03/12 00:45 Roma - Atalanta
03/12 01:00 Sevilya 1-1 Osasuna
03/12 23:00 Malyorka 1-5 Barselona
04/12 00:30 Ipsvich 0-1 Kristal Pelas
04/12 01:15 Lester 3-1 Vest Xem
05/12 00:30 Nyukasl - Liverpul
05/12 00:30 Sautgempton - Chelsi
05/12 00:30 Everton - Vulverhempton
05/12 00:30 Manchester Siti - Nottingem Forest
05/12 01:00 Atletik Bilbao - Real Madrid
05/12 01:15 Aston Villa - Brentford
05/12 01:15 Arsenal - Man. Yunayted

G‘olib murabbiy falsafasi

G‘olib murabbiy falsafasi

Baho:
+ | -

2022|2023 yillar mavsumida «Sevilya» YELda g‘olib chiqdi - kimdir boshqacha yechimni kutganmidi?

Albatta, ha. Axir 3 oy muqaddam jamoa La Ligada 13-o‘rinni band etgan, suyukli turniri bo‘lgan YELning 1|8 finalida «Fenerbaxche»dan yengilishiga bir bahya qolgandi. Yakunda mavsum davomida Xulen Lopetegi o‘rnini egallagan Xorxe Sampaoliga chiqish eshiklari ko‘rsatildi. Jamoa ayanchli holatga tushib qolgan, Suso o‘yinchilar maydonda nima qilish kerakligini bilmay qolishganidan noligandi. Keyin Xose Luis Mendilibar tashrif buyurdi.

Mendilibar - ajoyib murabbiy. Uning «Eybar»i yodingizdami?

«Sevilya» - Xose Luisning top-darajadagi debyuti, futbol olamiga kamtarin jamoalardagi faoliyati bilan tanildi. Uning har bir hatti-harakati donolikka yo‘g‘rilgan. Xose futbol tajribasiga ega bo‘lmagan mutaxassis emas. «Atletik» akademiyasida tahsil olgan, risoladagidek xavbek edi. Lekin asosiy jamoaga ko‘tarila olmadi, ammo kamtarin «Sestao»da afsona maqomiga erishdi:

«Sestao»ga kurashish uchun kelgandim. Kunni tezroq o‘tishi uchun holdan toyguncha ishlardim. Uni o‘tkazish oson emasdi. Kiyim-kechaklar, sport formalari, darsliklar - barchasi avloddan avlodga tortiq etilardi. Hozir ishonish qiyin, lekin ixtiyorimizda bor-yo‘g‘i 2ta butsa bor edi. Mavsumni shu asnoda o‘tkazardik, butsani yamoqchi ustada yamatib olardik. Hozir har qaysi futbolchining 8-10 juftdan butsalari bor». 

Mendilibar 33 yoshgacha to‘p surdi, faoliyatini yakunlash arafasida futbolsiz yashay olmasligiga amin bo‘ldi va murabbiylikka yo‘l oldi. Eski tanishlari orqali Xose «Atletik» tizimida ish boshladi va yoshlar jamoalarida sinovdan o‘tdi. 2004 yilda Mendilibar «Eybar»dan taklif oldi. «Atletik» esa 13 uchrashuvdagi 7 g‘alabadan keyin qat’iy qarorga keldi - Ernesto Valverde ketadigan bo‘lsa, Mendilibarni sinab ko‘ramiz. Darvoqe, David Silvani «Eybar»da aynan Xose Luis kashf etgandi. O‘shanda navqiron yigitcha bir mavsum ijarada to‘p surgandi. Hozir ular doimiy aloqadalar, Mendilibar «Ittihod»dagi VIP-lojada ko‘rinish berishga ham ulgurgandi. David Xose bilan o‘tgan hamkorlik damlarini mamnuniyat bilan eslaydi: «Taktik va texnik mahorati bilan birgalikda, Xose kishilar ko‘ngliga yo‘l topishga ham usta. U ajoyib ruhshunos».

Afsuski, «Atletik»da bu malakalar samara bermadi. Mendilibarni omadsizlik kutib turardi: 13ta o‘yinda yagona g‘alaba, Intertoto Kubogi turniri saralashida Ruminiyaning «Kluj»iga boy berilgan imkoniyat. Endigina ish boshlagan murabbiy iste’foga yo‘l oldi. Keyin u «Osasuna» va «Valyadolid»da ishladi. Bu klublar uni natijaga erisha olmagan hujumkor futbol mutaxassisi sifatida e’tirof etadi.

Lekin Xose Luis ajoyib inson maqomini saqlab qoldi. «Osasuna»ni tark etar chog‘ida futbolchilar ko‘z yoshlari bilan kuzatib qolgandilar. «Mendilibar - tengi yo‘q inson, yetuk murabbiy. Omadsizligimizda uning aybi yo‘q. Afsuski, unga imkoniyat berishmadi», degandi jamoa sardori Punyal.

«O‘zimni ziqna, deb hisoblamayman, lekin pul shunchaki, osmondan tushmasligini yaxshi bilaman. Uni ishlab topish lozim. Bolalarni shunday ruhda tarbiyaladim, ular o‘z joylarini topib olishdi. Baxtimizga, moliyaviy muammolar yo‘q. Agar layoqatim bo‘lmaganida, vaziyat yanada mushkulroq bo‘lardi», - deya xotirlaydi murabbiy.

«Levante»dagi qisqa faoliyatdan keyin 2014 yilda Mendilibar tanaffus qilishni lozim topdi va qariyb 1 yil suyukli «Eybar»ni kutdi. Bu paytda jamoa 9 yil ichida 3-diviziondan elitaga ko‘tarilgandi. Keyin Xose Luis bilan yevrokuboklar yo‘llanmasi uchun kurasha boshladi, hatto «Real»ni mahv etishni ham uddaladi.

«Eybar»ning yorqin o‘yinini «Sevilya» sobiq murabbiyi Eduardo Berisso quyidagicha e’tirof etgandi: «Uning uslubi to‘p nazoratini talab etmaydi. Jamoa qandaydir sirli tarzda raqibi jarima maydonchasida paydo bo‘ladi va bo‘shliqdan samarali foydalanadi bu vertikal va gorizontal futbolning qorishmasi. O‘yinchilar doimo tezkor harakatdalar. Ularning rejalarini tushunish qiyin».

Xose bir qator mohir o‘yinchilarni shakllantirdi. Masalan, boshqa akademiyalardan kelgan Joan Jordan va Brayan Xil aynan «Eybar»da La Ligaga to‘liq moslashib oldilar. Kukurelya «Chelsi»da to‘p surmoqda, lekin doimo Mendilibarni maqtaydi. Yaponiyalik Inui uchun Mendilibar - bir umrlik ustoz.

Albatta, baxt - abadiy emas. Futbol o‘zgardi, Mendilibar esa hatto urinib ham ko‘rmadi: «Sun’iy qoplamalar paydo bo‘lishi bilan hammasi o‘zgarib ketdi. Bu o‘zgacha futbol - bolalar maktablarida bosh bilan o‘ynash yo‘qoldi, olis uzatmalarning ahamiyati qolmadi. Hozir to‘pni oyoqda ushlab turish yetarli. Menimcha, bu juda kam, futbol , serqirra o‘yin. Axir himoya ham bor. Hozir faqat hujum haqida gapirishadi. To‘pni tortib olish, «podkat», himoya haqida jimjitlik. Birorta futbolchining to‘p bilan 2 daqiqadan ko‘proq muomalada bo‘lganini ko‘rmaysiz. Himoyaviy harakatlar futbolning muhim bo‘lagi ekanligini sharhlovchilar muxlislarga ko‘proq eslatib turishlari lozim. Aks holda, zamonaviy futbol faqat fintlar, to‘p uzatishlar va nazoratga aylanib qolgandek tuyuladi. Markaziy himoyachilarning o‘zaro uzatmalari, deysizmi? Eh-h, bunda qanday to‘p nazorati bo‘lishi mumkin? To‘pni egalladingmi, vaziyat yaratishing lozim. To‘pga necha marta teginganing bilan emas, necha marta darvozaga xavf solganing bilan maqtan».

2021 yilda «Eybar» deyarli barcha yetakchi o‘yinchilarini sotib yubordi, hatto Mendilibar ham uni quyi ligaga tushib ketishdan qutqara olmadi. Xose klubni afsona maqomida tark etdi, lekin faoliyatini davom ettirdi. Dekabr oyida uning «Alaves»dagi urinishlari ham samara bermadi: «Shunga qaramasdan, ishlashda davom etyapman. Chunki ishimni yaxshi ko‘raman va futbolsiz yashay olmayman. Murabbiylik bilan futboldagi hayotimni uzaytirmoqdaman. Bundan tashqari, ko‘p narsalarni o‘rganyapman. Nafaqaga oshiqmayapman. Rafiqam ham shunday - ingliz tilidan saboq beradi, u ham nafaqaga oshiqmayapti. To‘g‘ri, ba’zan uyga charchoq bilan, asabiy holatda qaytadi. Lekin baribir, kelajakka umid bilan boqadi. Mening falsafam ham shunday».

Mendilibar 1 yildan ko‘proq vaqt ishsiz yurdi, 62ga chiqqanida «Sevilya»da nav­batdagi imkoniyatga ega bo‘ldi. Keyin YELda zafar quchdi.

S.RAHMONOV tayyorladi

Manba: «Интерфутбол» газетаси
Kiritildi: 21:42, 25.06.2023.
O'qildi: 1716 marta.
Fikrlar: 0 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.