"Turkiyalik Messi" nomini olgan Arda Gyuler yaqindagina "Barselona"ni rad etib, "Real" bilan shartnoma imzolagan edi. Agarda 18 yoshli futbolchi o‘z potensialidan oqilona foydalana olsa, yaqin kelajakda Gyuler poygasidagi mag‘lubiyati uchun Kataloniya klubi afsus chekishi ehtimoldan holi emas. Shuniyam ta’kidlash kerakki, bunday hol tarixda ilk bor ro‘y bermayapti. O‘tmishda shunday futbolchilar bo‘lganki, ular "Real" uchun "Barsa" taklifidan voz kechgan. Quyida shunday nomlarning ayrimlarini sanab o‘tamiz.
Antonio Ryudiger
Antonio Ryudiger 2022 yilda "Chelsi" bilan xayrlashib, "Real"ga yo‘l olgandi. Ammo bu paytgacha "Barsa" bilan bog‘liq xabarlar urchiydi. Kataloniyaliklar Ryudigerni erkin agent sifatida qo‘lga kiritish uchun yaxshi imkoniyatga ega bo‘lgan. Ammo himoyachining o‘zi Madrid klubini tanladi. Futbolchi ko‘chishidan oldin, uning agenti "Barselona" bilan muzokaralar o‘tkazadi. Bu haqida Germaniya terma jamoasi a’zosining o‘zi shunday deydi: "Ha, menga "Barselona"ning qiziqishi kuchli edi. Ammo men akamga "Real" yoki hech qayer" degan javob berdim".
Vinisius Junior
Vinisius Yevropadagi eng yaxshi vingerlardan biridir. Agar eng yaxshisi bo‘lmasa, albatta. Braziliya terma jamoasi a’zosi "qaymoqranglilar" safiga 2017 yilda kelib qo‘shiladi. U "Flamengo"dan 38.7 million funtga xarid qilingandi. Vini shundan beri madridliklar safida 225 ta o‘yinda jami 123 ta golda bevosita ishtirok etdi. Futbolchining o‘zi uning Ispaniyadagi o‘rni "Barselona" bo‘lishi mumkin ekanini tan olgan: "Menga bir vaqtning o‘zida "Barsa" va "Real"dan taklif beriladi. Shunda otam menga ulardan birini tanlashim kerak ekanini aytdi. Men esa yuragim amriga bo‘ysundim: "Real"ni afzal bildim".
Dani Sebalyos
Sebalyos 2017 yilda sotib olingan. U o‘sha paytda ko‘plab grandlar e’tiborida edi. Yarim himoyachining xaridi madridliklar uchun 18 million yevroga tushgan. U hozirga qadar "Real" uchun 120 ta o‘yinda maydonga tushib, 6 ta gol va 12 ta assistga mualliflik qildi. Ammo Sebalyos uchun hammasi boshqacha bo‘lishi ham mumkin edi. Bu haqida futbolchining o‘zi shunday deydi: "Men o‘shanda "Real" va "Barselona" o‘rtasida tortishuvga sabab bo‘lganman. Ammo men shu yerni tanladim. Negaki, menga Florintino Peresning o‘zi qo‘ng‘iroq qilib, taklif bildirgandi. Dunyoda hech bir yosh futbolchi "Real" chorlaganida rad javobini bera olmaydi".
Mesut O‘zil
O‘zil 2010 yilgi Jahon chempionatida Germaniya bilan porlab chiqadi. O‘sha yozdayoq "Real" ishga kirishib, yarim himoyachini "Verder Bremen"dan 13 million funtga sotib oladi. Bu ko‘chish haqida "Arsenal" afsonasi shunday deydi: "Buni bilasizlarmi yoki yo‘q, bilmadim. Ammo 2010 yilning yozida men bir vaqtning o‘zida ham "Real", ham "Barselona" qarorgohiga tashrif buyurgandim. Madridda Mourinyoning o‘zi meni kutib olib, butun muzeyni aylantirdi. U menga yutilga sovrinlar va jamoa tarixi haqida so‘zlab berdi. "Barselona"da esa o‘sha paytdagi bosh murabbiy Gvardiola, hatto men bilan ko‘rishishni ham istamadi. Ikki shaharga sayohatimdan ilgari menga "Barselona"ning o‘yin uslubi juda ham yoqardi. Ammo u yerdagi munosabat menga ma’qul kelmadi. Bu omil meni Madridga yo‘l olishimga sababchi bo‘ldi".
O‘zil 4 yil davomida "Real" safida 159 ta o‘yin o‘tkazib, 27 ta gol va 81 ta assist qayd etgandi.
Isko
"Real"da uzoq vaqt harakat qilib, ko‘plab sovrinlarga ega chiqish, hammaga ham nasib qilavermaydi. Shunday futbolchilardan biri bu Iskodir. 9 yil davomida yarim himoyachi "qirollik klubi" bilan jami beshta YECHL, uchta La-liga va bitta Ispaniya kubogini qo‘lga kiritgandi. 2017 yilda Isko "Real"dan ketishga juda yaqin kelgan. Unga "Barselona" qiziqayotgandi. Bu haqida ispaniyalik futbolchi shunday deydi: "Ular ("Barsa") men bilan bog‘lanishga ko‘p marta uringandi. Ammo men ularni eshitishniyam istamaganman. Negaki, mening qalbim doimo "Real" bilan edi. Men shu klubda muvaffaqiyatlarga erishishni xohladim".
Isko 2022 yilda jamoadan erkin agent sifatida ketib, "Sevilya" futbolchisiga aylanadi.
Krishtianu Ronaldu
"Barselona" tomonidan yutqizilgan tarixdagi eng katta nom Ronaldudir. Besh karra "Oltin to‘p" g‘olibi 2009 yilda "MYU"ni 84.6 million funt evaziga tark etib, dunyoning eng qimmati futbolchisiga aylanadi. U "Real"da haqiqiy afsona nomini oldi. Hujumchi madridliklar uchun 438 ta o‘yinda 450 ta gol urgan. Bu esa "Real" va dunyo futbolidagi eng yaxshi ko‘rsarkichilardan biri sanaladi. 9 yil davomida Ronaldu bu jamoada 2 ta La-liga, 2 ta Ispaniya kubogi va 4 ta YECHL bosh sovrinini boshi uzra baland ko‘tardi. Ammo shunday nom ham bir paytlar "Barsa"ga o‘tishga yaqin keladi. Biroq, bu ehtimoliy ko‘chish futbolchi tomonidan emas, balki klub rahbariyati tomonidan rad etilgan. Bu haqida Joan Laporta, "Barselona"ning amaldagi prezidenti shunday degandi:
"2003 yilda Ronaldinyo va Rafa Markezni sotib olgandik. O‘sha paytda Markezning agenti bizga yana bir yosh talantni taklif etgandi. Ular bizga "Sporting"da yosh hujumchi borligi, u "MYU"ga 19 million yevroga sotilishga yaqin ekanini bildirdi. Agarda biz xohlasak, "Sporting" uni inglizlarga emas, balki bizga arzonroq, 17 millionga berib yuborishini ma’lum qildi. Ammo bizda yetarli pul yo‘q edi. Negaki, sarmoyani allaqachon Ronaldinyo uchun kiritib bo‘lgandik. Qolaversa, ӯshanda Ronaldu pozisiyasi uchun jamoamizda yetarlicha variantlarimiz bo‘lgan. Shu sababli biz bu taklifni rad etdik va men bundan hech qachon afsuslanmayman".
O‘shanda Laporta va uning jamoasi boshqacharoq qaror qabul qilganida, biz 10 yildan ortiq davom etgan Ronaldu-Messi jangiga guvoh bo‘lmas edik.
ISMATOV J.