Kirish Ro'yxatdan o'tish
23/12 00:45 Monsa 1-2 Yuventus
23/12 01:00 Betis 1-1 Rayo Valyekano
23/12 22:30 Fiorentina 1-2 Udineze
24/12 00:45 Inter 2-0 Komo

Liga 1 yakuni. Muammoli «PSJ», shov-shuvli «Lans», ta’sirchan «Reyms»...

Liga 1 yakuni. Muammoli «PSJ», shov-shuvli «Lans», ta’sirchan «Reyms»...

Baho:
+ | -

2022/2023 yillar mavsumi Yevropaning kuchli 5ta ligasida bosh­qacha tus olgani - ayni haqiqat. Jumladan, Fransiya elit divizioni - Liga1da ham o‘zgachalik ko‘zga tashlandi. Ha, startdayoq ko‘pchilik «PSJ» osongina yana taxtga ko‘tarilishini taxmin qilgandi, amalda xuddi shunday bo‘ldi, faqat Parij grandi bir qator uchrashuvlarda o‘z ustunligini namoyish etolmadi va finish marrasiga eng yaqin ta’qibchisidan atigi bir qadam oldinroq yetdi. Xullas, kuchli trio (Lionel Messi - Kilian Mbappe - Neymar)dan oxirgi mavsum foydalangan «PSJ» o‘z unvonini bazo‘r himoya qildi, zero, boshqa bir qator klublar ijobiy belgilari bilan o‘z muxlislarini quvontirdi.

Mavsumning eng yaxshi jamoasi - «PSJ». So‘nggi yillar chempioni yakunlangan mavsum naq 11ta o‘yinda ochko yo‘qotdi (4ta durang va 7ta mag‘lubiyat), aniqrog‘i, raqiblarini uncha mensimadi yoki saxovat ko‘rsatdi. Shu tariqa o‘z muxlislarini ancha vaqt hayajonda ushlab turdi, lekin yakunda g‘oliblikka erishdi, baribir. Qolaversa, «PSJ» ligada hammadan ko‘proq - 27 marta g‘alaba qozondi. Mavsumni shiddatli boshlagan Kristof Galtye shogirdlari Qatar mundialidan keyin negadir o‘z o‘yinlarini yo‘qotib qo‘yishdi. Liga1dagi dastlabki mag‘lubiyatni 1 yanvar kuni qabul qilgan Parij grandi bungacha to‘plagan ochkolar evaziga uzoq vaqt vaziyatni nazoratda ushlash imkoniga ega edi. Ehtimol, ikkinchi davrada kuzatilgan sust­kashlikning asl sababi ham shudir. Lekin fakt bitta: poytaxt klubi nufuzli sovrinni o‘zida saqlab qoldi.

Eng yaxshi to‘purar - Kilian Mbappe. Fransiya milliy jamoasi yulduzi qatorasiga 5-marta yuksak unvon sohibiga aylandi. Bu gal dahshatli golea­dor raqiblar darvozasini 29 marta nishonga oldi. Bu Kilian uchun faoliyatidagi eng yuqori ko‘rsatkich emas, lekin 29ta gol snayperlar guruhida g‘olib chiqishiga kifoya qildi. Mbappedan atigi 2ta kam gol urgan «Lion» hujumchisi Aleksandr Lakazett poygada 2-o‘rinni egallagan bo‘lsa, 24ta aniq zarba muallifi Jonatan Devid («Lill») keyingi pog‘onaga joylashdi. Asosiysi, Liga1da sermahsul futbolchilar safi kengayib bormoqda va kelasi mavsum poyga yanada qizisa, ajabmas. Boz ustiga, Kilian ketmoqda, demak, uning seriyasi ham uziladi.

Eng yaxshi assistent - Lio­nel Messi. Mavsumning eng yaxshi assistenti maqomi kutilganidek, argentinalik superyulduzdan ortmadi. «PSJ» bilan xayrlashishga ulgurgan daho 16ta samarali uzatma bilan klubdoshi Neymarni 5ta assist darajasida ortda qoldirdi. «Marsel» himoyachisi Jonatan Kloss ham xuddi braziliyalik kabi 11ta gol hammuallifi bo‘ldi. «Renn» xavbeki Remi Kabella natijasi ham chakki emas - 10ta samarali uzatma.

Eng yaxshi darvozabon - Bris Samba. Mazkur nominasiyada «Lans» kiperi haqli ravishda ustun keldi. Bris mavsum davomida 15ta «quruq» o‘yin to‘pladi, muhimi, o‘ta ishonchli harakatlari bilan jamoasining yakunda kumush medalga ega chiqishiga munosib hissa qo‘shdi. «Quruq» o‘yinlar soni bo‘yicha 2-yaxshi natijani Brisdan 1 ball ortda qolgan «Reyms» darvozaboni Yevann Diuf qayd etdi - 14ta. 13tadan o‘yin­da o‘z darvozalari daxlsizligini ta’minlagan Janluiji Donnarumma («PSJ») va Stiv Mandanda («Renn») bu borada 3-yuqori ko‘rsatkichga ega bo‘lishdi. Diqqat qiling, 38 yoshli Mandanda hamon eng ishonchli darvozabonlar qatorida. Qo‘shimchasiga, u «seyv»lar soni bo‘yicha ham kuchli uchlikdan joy oldi,  vaholanki, «quruq» o‘yinlar bobida o‘zini ko‘rsatgan am­pluadoshlaridan hech biri bu ro‘yxatda yo‘q. «Seyv»lar qiroli maqomi esa bu safar «Monako» kiperi Aleksander Nyubelga nasib etdi. U mavsum davomida 140 marta o‘z jamoasini muqarrardek tuyulgan goldan saqlab qoldi.

Mavsum shiddati - «Lans». Ha, Liga 1da eng kuchli shiddat shu klub tomonidan kuzatildi. Binobarin, «Lans» elitadagi 3-mavsumidayoq kumush medal sohibiga aylandi. «Qizil-oltin ranglilar» avvalgi 2 mavsumni 7-pog‘onada yakunlagandilar. Ortda qolgan chempionatda esa «Lans» deyarli butun masofa davomida «PSJ»ni izma-iz ta’qib etdi va yakunda atigi 1 ochko ortda qoldi. Muvaffaqiyatda darvozabon Bris Sambadan tash­qari, maydon o‘yinchilarining ulushi ham sezilarli, albatta. Har holda, jamoa atigi 4ta o‘yinda mag‘lubiyatga uchradi va Liga 1da eng kam gol (29ta) qo‘yib yuborgan drujina bo‘ldi. Shu tariqa Frank Ez boshqaruvida o‘ynagan jamoa 20 yillik tanaffusdan so‘ng CHLga qaytdi. «Lans» shu sur’atini ushlab qolsa, nufuzli turnirda ham shov-shuv ko‘tarishi mumkin.

Mavsum kashfiyoti - «Reyms». O‘ta ijobiy taassurot qoldirgan yana bir ishtiyoqli jamoa. «Reyms» bosh murabbiyi Vill Still ham kashfiyot maqomiga munosib. Navqiron mutaxassis o‘tgan yilning oktyabrida ish boshlagan payt «Reyms» autsayderlar hududida yurgandi. Keyin naq 19ta o‘yindan iborat mag‘lubiyatsiz seriya qayd etdi. Ya’ni 30 yoshli murabbiy jamoa­si bu borada Yevropaning kuchli 5ta ligasi rekordini o‘rnatdi. To‘g‘ri, «Reyms» yakunda turnir jadvalining atigi 11-qatoridan joy oldi va bu yuksak natija emas. Lekin klub chempionatni qanday boshlagani va ma’lum vaqt quyi ligaga tushib ketishga yaqqol nomzodlar qatorida yurganini inobatga olish kerak. Vill Still allaqachon grandlar e’tiboriga tushgani - ayni haqiqat. Ehtimolki, murabbiyni yaqin kelajakda qaysidir nomdor jamoa bosh­qaruvida ham ko‘rarmiz...

Mavsum omadsizi - «Marsel». Yo‘q, bu jamoa mavsumni barbod qilmadi, yakunda 3-o‘rinni band etdi. Lekin «Marsel» potensial salohiyatidan to‘liq foydalanolmadi. Oddiy aytganda, risoladagidek tarkib yiqqan jamoaga chempionlik  yo‘lida azaliy raqibiga jiddiy qarshilik ko‘rsatish uchun barqarorlik yetishmadi. «Oq-havoranglar» g‘alabalar seriyasi ortidan kutilmaganda, ketma-ket mag‘lubiyatlarga ham yuz tutishdi. Eng achinarli tomoni, «Marsel» oxirgi 5ta o‘yin­dan 4tasida imkoniyatni boy berdi. Ehtimol, jamoa CHL yo‘llanmasi bilan kifoyalanishga odatlanib qolgandir...

LIGA 1-2022/2023 YAKUNI 

Chempion: «PSJ»

CHLga yo‘llanma: «PSJ», «Lans», «Marsel»

YELga yo‘llanma: «Renn», «Tuluza»

KLga yo‘llanma: «Lill»

Liga 2ga qulash: «Oser», «Ayachcho», «Trua», «Anje»

S.RAHMONOV tayyorladi

Manba: «Интерфутбол» газетаси
Kiritildi: 21:20, 08.07.2023.
O'qildi: 1855 marta.
Fikrlar: 0 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.