O‘zbekiston U-23 terma jamoasi Aichi-Nagoya-2026 Osiyo o‘yinlarining futbol turniri finaliga chiqish imkoniyatini qo‘ldan boy berdi.
Ravshan Haydarov shogirdlari yarim finalda Yaponiyaga qarshi bahsni juda yaxshi boshladi. Uchrashuvning 8-daqiqasida Saidxon Hamidovning uzatmasidan keyin Sardorbek Bahromov hisobni ochdi.
Vakillarimiz mazkur ustunlikni deyarli uchrashuv oxirigacha saqlab turdi. Biroq 88-daqiqada Shunsuke Ishibashi Kosug‘ining uzatmasidan foydalanib, muvozanatni tikladi — 1:1.
Asosiy vaqtda g‘olib aniqlanmagach, jamoalar qo‘shimcha bo‘limlarda ham kurashni davom ettirdi. U yerda ham hisob o‘zgarmadi va finalchi penaltilar seriyasi orqali aniqlandi.
11 metrlik zarbalarda Yaponiya 9:8 hisobida ustun keldi. O‘zbekiston safida Azizbek To‘lqinbekov va Quvonchbek Xushvaqtov o‘z imkoniyatlaridan foydalana olmadi. Yaponiyadan Brayan Nvadike ham bir penaltini golga aylantira olmadi.
Shu tariqa, Yaponiya finalga yo‘l oldi. O‘zbekiston U-23 esa Osiyo o‘yinlarining bronza medali uchun Xitoyga qarshi maydonga tushadi.
Osiyo o‘yinlari. Yarim final
O‘zbekiston — Yaponiya — 1:1 (penaltilar — 8:9)
Gollar: Sardorbek Bahromov, 8 — 1:0; Shunsuke Ishibashi, 88 — 1:1.













