"Ayaks" yetakchisi Dushan Tadich rahbariyat bilan konflikt sabab jamoani tark etishi kutilyapti. Jurnalist Mark Verveyning yozishicha, tomonlar shartnomani bekor qilgan va 34 yoshli serb Turkiyaning "Beshiktosh" jamoasiga o‘tadi. 5 yil oldin u "Sautgempton"dan Erediviziyaga kelgandi, u 241 ta to‘liq o‘yin o‘tkazgan bo‘lib, biror marta ham jarohat tufayli sheriklaridan ajrab qolmagan.
Xo‘sh, Tadich nima uchun ketmoqda? U transfer siyosatidan charchagan, klub yetakchilarini osonlik bilan qo‘yib yuborishlaridan norozi
De Telegraaf gazetasi tafsilotlar bilan o‘rtoqlashdi: "Ayaks" chempionlik uchun barcha imkoniyatlarni boy berganida, futbolchilar rahbariyatdan munosabat kutishgan. Amsterdamliklar 2009 yildan beri birinchi marta kuchli 2 talikdan tushib qolganlarida ham bunga amal qilinmadi. Ammo mavsum yakunida rahbariyat murabbiy Jonni Xaytinga bilan shartnomani uzaytirilmaslikni, uning o‘rniga Moris Shtayn kelishini ma’lum qildi.
Yangi murabbiy qo‘l ostida rahbariyat "Tuluza"dan 27 yoshli Branko van den Bomenni, shuningdek, "Roma"dan yosh Benjamin Tahirovichni olib kelishdi. Hammasi yaxshidek tuyuldi, lekin texnik direktor Sven Mislintat Dushanning – jamoa sardorining maoshini qisqartirishga qaror qildi. Uning yiliga oladigan 6,5 million yevro maoshi juda katta bo‘lib tuyuldi. Dushan g‘azablandi va u keyinroq Yurriyen Timber "Arsenal" bilan shartnoma bo‘yicha kelishib olganini bildi, bir necha kundan so‘ng Edson Alvares deyarli klubni tark etganidan xabar topdi. Muhammad Kudusning ham ketish ehtimoli bor - Fabrisio Romanoning so‘zlariga ko‘ra, uni "Brayton" o‘z safiga qo‘shib olmoqchi. Shuningdek, klubni 30 yoshli Deyvi Klassen bilan xayrlashish ehtimoli yo‘q emas.
Serb esa bunday harakatlarni tushunmadi – halokatli mavsumdan so‘ng “Ayaks” shunchaki barcha yetakchilarni sotgan holda sardordan maoshini qisqartirishni so‘radi. Bundan g‘azablangan Tadich jamoaning birinchi yig‘iniga ham kelmadi. Tadich olti oy oldin ketmoqchi bo‘lgan, ammo "Roma"ga o‘tish muvaffaqiyatsiz tugadi: "Corriere dello Sport"ning xabar berishicha, shartnoma allaqachon serb bilan kelishib olingandi, biroq Nikolo Dzanyolo "Bornmut"ga o‘tishdan bosh tortgani sababli transferlar ro‘yxati uchun bo‘sh joy ochilmadi. Verveyning qo‘shimcha qilishicha, "Ayaks" rahbariyati deyarli butun tarkibni o‘zgartirish vaqti keldi, deb hisoblamoqda. Tadich klubdan ketishi kerak bo‘lganlar ro‘yxatida birinchilardan edi, shuning uchun u maoshni sezilarli darajada kamaytirishga rozi bo‘lsa ham, shartnoma uzaytirilmadi.
Tadich Ten Xagning so‘nggi yulduzi edi
Erik ten Xagning go‘zal “Ayaks”i Chempionlar ligasining 1/8 finalida “Santyago Bernabeu”da “Real”ni mag‘lub etgani (4:1) ko‘pchilikning esida, keyinchalik Krishtianu Ronalduning “Yuve”si yo‘ldan chiqarib yuborildi, “Liverpul” bilan finalga bir necha daqiqa qolgandi. "Tottenxem"dan o‘tkazib yuborilgan alamli gol finaldan amsterdamliklarni mosuvo qildi.
Oradan to‘rt yil o‘tdi - Dushan "yulduzli era"ning oxirgi vakili bo‘lib klubdan ketadi, uning sobiq jamoadoshlarining taqdiri qanday kechdi?
• Andre Onana "Inter" bilan Chempionlar ligasi finaliga chiqdi, ammo u "MYU" bilan shartnoma imzolash arafasida. Insayder Janluka Di Marsioning yozishicha, kamerunlik futbolchini 50 million yevro va bonuslar evaziga olib ketishmoqda.
• Matteys de Ligt "Yuventus"da bir necha yil ishonchli o‘ynadi va endi "Bavariya" himoyasini mustahkamlamoqda, u yerda Nusayr Mazraui ham bor. Qishda Deyli Blind ular safiga kelib qo‘shildi, chempionlikni qo‘lga kiritdi, yozda esa "Jirona"ga ko‘chib o‘tdi. Nikolas Talyafiko "Lion" bilan o‘rtacha mavsumni o‘tkazdi, ammo 2022 yilgi jahon chempionatida yaxshi qatnashdi.
• Frenki de Yong "Barselona"ga joylashdi, Donni van de Bek esa "Manchester Yunayted"da zaxira o‘rindig‘ida qolib ketdi. Lasse Shyone allaqachon 37 yoshda, u 11 yil oldin o‘zi o‘ynagan "NEK" jamoasining sardoriga aylangan.
• Hakim Ziyesh hozirda "Chelsi"ni tark etish haqida o‘ylayapti. David Neres "Benfika"da o‘ynaydi.
Erik ten Xag haqida siz allaqachon bilasiz - gollandiyalik murabbiy ikkinchi mavsumini "Manchester Yunayted"da boshlashga yaqin.