Unai Emerining "Arsenal"dagi davrini omadli bo‘lgan deya olmaymiz. Shunga qaramay, u ayrim iste’dodli akademiya futbolchilariga debyut qilish imkonini bergan. Ispaniyalik mutaxassis oldida 2018 yildan boshlab Arsen Venger o‘rnini to‘ldirishdek murakkab vazifa turgandi. Emeri buni eplay olmadi va tayinlanganidan 18 o‘tib, iste’foga chiqarildi. Quyida uning davrida asosiy jamoada ko‘rinish bergan "Arsenal" tarbiyalanuvchilari va ularning taqdiriga nazar tashlaymiz.
Emil Smit-Rou
Smit-Rou Emeri yangi tayinlangan paytda debyut qiladi. O‘shanda yosh futbolchi Yevropa ligasi doirasida o‘tkazilgan "Vorskla Poltava" klubiga qarshi ilk bor maydonga tushgan. Yarim himoyachi 2018 yilning kuzida "Karabax" bilan bahsda ilk golini uradi. 2018-2019 yil mavsumning ikkinchi qismi Emil uchun ijarada o‘tdi. U "Leypsig" safida bir muddat harakat qiladi. Yangi mavsumda 23 yoshli futbolchi "Xaddersfild"ga ijaraga yuboriladi. U ilk bor Mikel Arteta jamoasida 2020 yilning dekabrida maydonga tushib, "Chelsi" darvozasini ishg‘ol qilgandi. Shundan beri Smit-Rou faqat olg‘a bormoqda. 2021 yilda unga asosiy tarkibning afsonaviy 10 raqami taqdim etiladi. U haqida Mikel Arteta shunday degan: "Emil o‘zining harakatlari bilan jamoamizning hujum salohiyati oshishiga katta hissa qo‘shdi. Maydondagi aqlli harakatlari bilan jamoadoshlarini ochiq hududlar bilan ta’minlash borasida Smit-Rou eng yaxshilardan biridir. Umid qilamanki, u shu yo‘sinda davom etadi".
Xulio Plegesuelo
Plegesuelo 16 yoshida "Barselona"dan olib kelinadi. U "Arsenal"ga kelganida Sesk Fabregas va Ektor Belyeringa o‘xshashga umid qilgan. Yosh yarim himoyachi o‘zining birinchi va so‘nggi o‘yinini 2018 yilning oktyabr oyida, "Blekpul"ga qarshi o‘tkazadi. 2019 yilda 25 yoshli futbolchi "Tvente"ga yo‘l oladi. Plegesuelo Erdiviziya jamoasida eng yaxshi futbolchilardan biriga aylanadi. U yaqindaginda Chempionship jamoasi bo‘lmish "Plimut"ga qo‘shildi.
Charli Gilmor
Gilmor olti yoshidan beri "Arsenal" akademiyasida tarbiyalanadi. U 2018 yilning noyabrida "Vorskla Poltava" klubiga qarshi bahsda birinchi marta asosiy tarkibda maydonga tushadi. 2019 yilda futbolchi erkin agent sifatida "Norvich" safiga yo‘l oladi. Gilmor u yerdan Niderlandiyaga ijaraga beriladi. Ikki yildan so‘ng, 2020 yilda u bilan "kanareykalar" shartnomani bekor qiladi. Himoyachi 2021 yilda o‘z vatani Shotlandiyaga qaytib "Sen-Jonston" jamoasiga qo‘shiladi.
Bukayo Saka
Sakaning taqdiri qanday kechgani haqida ortiqcha gapirishning keragi yo‘q. 21 yosh bo‘lishiga qaramay, Saka ayni damda nafaqat Angliyada, balki Yevropada ham eng yorqin yulduzlardan biriga aylandi. Hozir uning nomini butun jahon tanimoqda. Hujumchi Angliya terma jamoasidagi ajoyib o‘yinlari bilan bunga erishdi. "Arsenal" tarbiyalanuvchilari uchun yaqqol namuna sifatida aynan uni ko‘rsatish mumkin. Bir paytlar Unai
Emeri jamoasida qanot himoyachi sifatida o‘ynagan futbolchi, hozirda dunyoning eng yaxshi vingerlaridan biriga aylandi.
Sex Medli
Medli 2016 yilda "Chelsi" akademiyasidan olib kelinadi. U ham hamma singari 2018 yilning kuzida "Vorskla Poltava" bilan bahsda maydonga tushiriladi. Markaziy himoyachi, shundan keyin yana ikkitagina bahsda ko‘rinish berdi. U 2020-21 yilgi mavsumni "Kilmarnok" klubida o‘tkazdi. Mikel Arteta 22 yoshli futbolchini jamoada saqlab qolishga intilgandi. Biroq Medlining o‘zi ko‘proq o‘yin vaqti istab, Belgiya chempionatiga yo‘l oldi. Ayni damda u "Ostende" klubi bilan birga. "Arsenal" esa uni istalgan vaqtda qayta sotib olishi mumkin.
ISMATOV J.